Davlat rahbarining tegishli topshirig‘i asosida Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Islamov rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori general-mayor Shuxrat Uzakovning Jizzax viloyati bo‘ylab sayyor qabullari Mirzacho‘l, Paxtakor, Baxmal, Zomin tumanlari va Jizzax shahrida bo‘lib o‘tdi.

Ommaviy qabulda mazkur shahar va tumanlar hamda Arnasoy, Do‘stlik, Zafarobod, Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod, Zarbdor tumanlari aholisi qamrab olindi.
8 – 10 aprel kunlaridagi qabullarda kelib tushgan 166 ta murojaatning 21 tasi joyida hal qilindi.
Xususan, Paxtakor tumanida yashovchi tadbirkor Rustam Umarov 2017 yilda Andijon va Namanganda bajargan ishlari uchun 150 mln so‘mlik xizmat haqini ololmay sarson bo‘layotgani, Yangiqo‘rg‘on tumanlararo va Namangan viloyati sudlari uning foydasiga qarzdorlikni undirish bo‘yicha qarorlari chiqarilgan bo‘lsa-da, hozirgi kunga qadar undirilmayotganidan shikoyat qildi.
Qabul jarayonida Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i bilan telefon orqali suhbatlashib, qisqa muddatda qarzdorlikni undirish bo‘yicha qat’iy topshiriq berildi.
Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumani hokimligi binosida viloyatning Mirzacho‘l, Arnasoy va Do‘stlik tumanlaridan tashrif buyurgan aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning dardu tashvishlari va muammolari eshitildi.
Qayd etish lozimki, ommaviy sayyor qabulning birinchi kunidan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish, bandligini ta’minlash maqsadida Mirzacho‘l tumanida yashovchi «Ayollar daftari»ga kiritilgan 4 nafar ayolga maishiy texnikalar topshirildi.
Shu bilan birga qabul davomida «Ayollar daftari»dagi bir qator xotin-qizlarning bandligini ta’minlash maqsadida tikuv mashinasi, imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachalari taqdim etildi.
Qabullarda 126 ta murojaat yuzasidan huquqiy maslahat va qonun talablarini yetkazish orqali tushuntirish berilgan bo‘lsa, qolgan masalalar ijro uchun nazoratga olindi.

Adliya podpolkovnigi Oybek YULBARSOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Harbiy prokurorining katta yordamchisi