Hech shubhasiz, barcha jangovar texnika va qurollarning, ayniqsa, yadro qurolining, shu bilan birgalikda ulardan himoyalanishlarning fizika qonunlariga asoslangani uchun ham harbiy ishlar fizika fani bilan bog‘liq.

Harbiy ishlarning barcha rivojlanish bosqichlarida uning eng muhim hamkori bo‘lishi mumkin bo‘lgan yagona fan bu fizikadir. Inson tomonidan qanday yangi qurol, jangovar texnika yaratilmasin, u, albatta, fizik qonunlarga duch kelgan. Masalan, birinchi artilleriya quroli yaratilganda snaryadning harakat qonunlari, gazning kengayish qonuni va metallarning deformasiya qonuniyatlariga duch kelingan. Birinchi suvosti kemasi yaratilganda esa jismlarning suyuqlikdagi harakat qonuniyatlariga, gidrodinamika va Arximed qonunlariga, bulut orqasiga yashiringan dushman ob’yektlarini izlab topish va kuzatishda radioto‘lqinlarning tarqalishi va qaytishi qonunlariga duch kelingan. Fizika fani xuddi razvedkachiga o‘xshab doim oldinga harakat qiladi hamda qurol va jangovar texnika yaratuvchi konstruktorlarni zarur ma’lumotlar bilan ta’minlab turadi. Xuddi shu joyda boshqa tabiiy fanlar ham yordamga keladi, albatta, lekin shunda ham bu fan eng muhim savollarga javob beruvchi bo‘lib ushbu fanlarning boshida turadi.
Shaxsiy tarkibning yuqori darajadagi texnik tayyorgarligisiz, ya’ni fizika va boshqa tabiiy fanlarni bilmasdan turib, zamonaviy jangovar texnikani malakali boshqarishning iloji yo‘q. Eng avvalo, fizika va boshqa fanlarda erishilayotgan ilmiy yutuq va kashfiyotlar jangni olib borishning eng baquvvat vositalarining yaratilishiga olib keldiki, bu oldingi qarashlarni butunlay o‘zgartirib, harbiy san’at va strategiyani qayta ko‘rib chiqishga asos bo‘ldi.
Harbiy texnika va qurollarda keng qo‘llaniladigan, impuls momentining saqlanish qonuniga asoslangan, giroskopning muhim avtomatik element sifatidagi ahamiyatini oladigan bo‘lsak: erkin aylanish o‘qi atrofida katta tezlik bilan aylanuvchi qattiq jismga giroskop deyiladi. Impuls momentining saqlanish qonuniga asosan giroskop aylanish o‘qining yo‘nalishini fazoda o‘zgarishsiz saqlaydi. Xuddi shu aylanish o‘qiga nisbatan giros­kopning inersiya momenti va burchak tezligi qancha katta bo‘lsa, ushbu effekt shunchalik yaxshi namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham aylanish o‘qining holatini saqlab qolish uchun giroskopdan foydalaniladi, unda tashqi kuchlar momenti nolga teng bo‘ladi, natijada impuls momenti saqlanadi.
Harbiy sohada eng ko‘p ishlatiladigan fizik qurilmalardan biri bu – lazer bo‘lib, undan jonli kuchni, samolyotlar, raketalar va boshqa kosmik uchuvchi apparatlarni yakson qilish, lazerlokasiya, kontaktsiz portlatgich, quruqlik va bo‘rt razvedka vositalari, lazerli giroskop, lazerli aloqa, harbiy qurollarning yo‘naltiruvchi elementlari va boshqa bir qancha maqsadlarda foydalaniladi.
Barcha fanlar qatori fizika fani rivojlanishining yangi sohasi bu nanotexnologiya bo‘lib, uning ta’siri barcha sohalar kabi harbiy sohada ham katta ahamiyat kasb etishi kutilmoqda. Nanotexnologiya bu predmetlarning strukturaviy xususiyatini ularning molekulyar tuzilishini o‘zgartirish orqali belgilashdir.
Uglerod tabiatning asosiy elementi bo‘lgani uchun ham nanotexnologiyaning asosiy materiali hisoblanadi. Nanotexnologiyaning asosiy vazifasi esa nanotexnologiya elementlarini nanoo‘lchamga 10 -9 m keltirishdan iborat. Bu esa harbiy sohada o‘ta kichik razvedchiklar va aloqa vositalarining yaratilishiga olib keladi. Bunday sohaning rivoj­lanishi evaziga insoniyat o‘ziga yangi dunyo, ya’ni o‘zini o‘zi boshqaradigan tirik tabiatni yaratishi mumkin. Masalan, nanorobotlar o‘zini o‘zi tiklaydigan bo‘lishi mumkin.
Nanotexnologiyaning harbiy sohada qo‘llanila boshlanishi xuddi harbiy sohaga porox kirib kelgandagidek keskin o‘zgarishga olib kelishi mumkin bo‘lib, aviasiya, dengiz floti, aloqa vositalari, harbiy xizmatchi kiyimi, harbiy dala tibbiyoti kabi barcha harbiy sohalarda qo‘llash ehtimoli bo‘ladi.
Zamonaviy harbiy taktika, jang san’ati va strategiyasini butunlay o‘zgartirib yuborgan fizika fanining yana bir mahsuli borki, bular yadro qurollari va ularni eltuvchi raketa texnikasidir. Ular, avvalo, og‘ir elementlarning bo‘linish reaksiyasiga asoslangan atom bombasi va yengil elementlarning sintez reaksiyasiga asoslangan vodorod bombasi hamda neytron bombalaridan iborat bo‘lib, ularni eltishda qo‘llaniladigan, aerodinamika va reaktiv harakat qonuniyatlariga asoslangan, ballistik gipertovushli raketalardan iborat. Ushbu bombalarning quvvati 100 t.dan 100 Mt.gacha trotil ekvivalentda bo‘lsa, ularni eltuvchi samolyot va raketalarning tezligi tovush tezligidan anchagina oshib ketgan.
Yadro fizikasining yana bir yutug‘i shundan iboratki, boshqariladigan bo‘linish reaksiyasi yaratilgan bo‘lib, ko‘pgina sohalar kabi harbiy sohada ham ishlatilishi mo‘ljallangan atom kuch qurilmalari yaratildi. Bunga yaqqol misol sifatida, atom qurolini eltuvchi ballistik raketalarni olib yuruvchi, atom suvosti kemalarining yaratilishini olish mumkin. Uning dvigateliga o‘rnatilgan atom kuch qurilmasi o‘ziga atmosfera havosini talab qilmaydi va shuning uchun u suv ostida uzoq muddatgacha qolishi mumkin. Mukammal darajadagi eltuvchi raketalarning yaratilishi bilan yadro quroli strategik ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi paytdagi ballistik va global raketalar yadro qurolini Yer yuzining ixtiyoriy nuqtasiga juda qisqa vaqtda yetkaza oladi. Bu kabi raketalarning yaratilishida aerodinamika, gaz dinamikasi va raketodinamika bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarning ahamiyati katta. Aerodinamika bu fizikaning shunday qismiki, uning rivojisiz zamonaviy jangovar samolyot va qanotli raketalarning ham yaratilishini tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Xuddi shunday aynan fizika fanining mahsuli bo‘lgan ko‘pgina harbiy soha yutuqlarini sanab o‘tish mumkin.
Undan tashqari, kursantlarda texnik asbob­uskuna va jihozlar bilan mustaqil ishlay olish, ilmiy-tajribaviy ishlarni ijodiy yondashgan holda olib borish, shuningdek, har bir tajriba ishiga innovasion yondashish ko‘nikma va malakasini shakllantirib borishda fizikadan laboratoriya va namoyish tajriba ishlarining ahamiyati ham juda katta bo‘lib, laboratoriya ishlarini, aniqlangan natija uchun ishonchlilik intervalini aniqlash, natijalar asosida bog‘lanish grafiklarini chizgan holda, xulosalar chiqarish bilan tugallash kursantlarda ilmiy-tajribaviy ishlarni bajarish ko‘nikmasini ham shakllantiradi. Bu esa ulardan kelgusida yetuk harbiy kadrlar yetishib chiqishiga hamda harbiy sohada milliy ilmiy kadrlar armiya­sining shakllanishiga olib keladi.

M. ISRAILOV, Qurolli Kuchlar akademiyasi dotsenti