minglab yoshlarni birlashtirdi

Poytaxtimizdagi «Gʻalaba bog‘i» yodgorlik majmuasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida xizmat qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga bag‘ishlab ilk bor «Shon-sharaf» respublika harbiy festivali o‘tkazildi.

Minglab yoshlarni xayrli maqsad yo‘lida birlashtirgan mazkur festival O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya hamda Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkillashtirildi.


Ko‘tarinki ruhda boshlangan festivalda dastlab yoshlar o‘zbek onalarining timsoli, Ikkinchi jahon urushiga bir emas, besh azamat o‘g‘lini kuzatgan qahramon ayol Zulfiya Zokirova va uning sadoqatli kelinlari sharafiga o‘rnatilgan «Matonat madhiyasi» majmuasi poyiga gulchambarlar qo‘yib, hurmat bajo keltirishdi.
Shundan so‘ng oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari hamda Toshkent Temurbeklar maktabi o‘quvchilarining saf yurishlari namoyish etildi.
«Shon-sharaf» muzeyida o‘tkazilgan «Faxriylar va yoshlar uchrashuvi» ham yoshlar uchun o‘ziga xos ibrat, maktab vazifasini o‘tadi. Zero, xalqimiz «Qari bilganni pari bilmaydi», deb bejiz aytmaydi. Mazkur uchrashuv davomida yoshlar mashaqqatli, shu bilan birga sharafli hayot yo‘lini bosib o‘tgan, ayni vaqtda qarilik gashtini surayotgan Qurolli Kuchlar faxriylari bilan dildan suhbatlashishdi.
Uchrashuvdan so‘ng yoshlar muzey bo‘ylab sayohatga taklif qilindi.
– Muzey zallaridan o‘rin olgan ekspozisiyalarni tomosha qilar ekanman, ko‘z oldimda dahshatli urush davri jonlandi. Urush qatnashchilariga qanchalik qiyin bo‘lganini dildan his qildim, qalbimda jasur va mard bobolarimizga nisbatan hurmat va ehtirom tuyg‘ulari jo‘sh urdi, – deydi 172-umumta’lim maktabi harbiy sinfi o‘quvchisi Aziz Muhammadov. – Tinchlik davrida yashayotganimizga shukrona keltirdim. Men ham kelajakda harbiy bo‘lishni niyat qilganman. Yillar o‘tib, albatta, orzuimga yetaman va ona Vatanimga sadoqat bilan xizmat qilaman!
Festival doirasida namoyish etilgan konsert dasturi ko‘ngillarga haqiqiy bayram shukuhini ulashdi. Tadbir avvalida mudofaa vazirining o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev va Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova so‘zga chiqib, Ikkinchi jahon urushida o‘zbek xalqining g‘alabaga qo‘shgan hissasi, jasorati, mardligi haqida so‘zladi. O‘sha olis va suronli jang maydonlarida ham millatimizning buyukligini, mardlik qon-qoniga singib ketganini isbotlay olgan, o‘zbek nomini butun dunyoga tanitgan qahramon ajdodlarimiz yodi qalblarda mangu ekanligini e’tirof etdilar va yoshlarni buyuk ajdodlarga munosib avlod bo‘lishga, tinchlikning qadriga yetishga chorladilar.
Dastur davomida harbiy san’atkorlar va taniqli estrada xonandalari ijrosida sho‘x kuy-qo‘shiqlar yangradi, qo‘shiqlar raqslarga ulandi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA,
«Vatanparvar»