Mudofaa vazirligining bir guruh harbiy xizmatchilari Rossiya Federasiyasida Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida o‘tkazilgan «Sayan yurishi» musobaqasida faol ishtirok etdi.

Bir necha kun davomida yurtdoshlarimiz belgilangan shartlar bo‘yicha o‘zlarini toblashdi. Bu yerda tog‘ qoyalarining tuzilishi o‘zgacha, 50 km.lik marshrutni bosib o‘tish ham anchagina ter to‘kishni talab qiladi. Boz ustiga, 12 ta shart bo‘­yicha ko‘rsatilgan me’yorlarni ham bajarish kerak.


Musobaqalar boshlanishidan bir kun avval barcha ishtirokchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan so‘ng harbiy libos, qo‘llaniladigan uskuna va jihozlarning nizom talablariga qanchalik mosligi nazorat qilindi. Ishtirokchilar va sudyalar musobaqaga shay, deb topildi. Qur’a tashlash yo‘li bilan jamoalarning qatnashish o‘rni aniqlab olindi.
Tantanali ochilish marosimida 10ga yaqin ishtirokchi davlatlar qatorida yurtimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi. Jamoalar saf tortdi. So‘zga chiqqanlar ishtirokchilarga samimiy tilaklar bildirib, omad tiladi. Do‘stlik uyidagi uchrashuv turli davlatlardan kelgan harbiy xizmatchilarga mahalliy aholining madaniyati va san’ati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.


Ertasi kuni kuchli bo‘ron va to‘xtovsiz yog‘ayotgan qor ostida musobaqalarga start berildi. Dastlab ishtirokchilar qor ko‘chkisida qolgan yaradorni qidirish shartini bajarishdi. Tasavvur qiling, odam bo‘yi qor. Bora-bora ko‘z o‘rgansa-da, kishini birinchi ko‘rishda seskantiradi. Shunday vaziyatda bir inson qor ko‘chkisida qolib ketdi. Zudlik bilan topilmasa, o‘lim xavf solib turibdi. Tabiiyki, qidirish paytida zarar ham yetkazib qo‘ymaslik lozim. Bunda ishtirokchilardan aniq va tezkor harakat qilish talab qilinadi. Ushbu shartda ularning nafaqat jangovar va jismoniy shayligi, balki zamonaviy priborlardan foydalanish mahorati ham ma’lum bo‘ladi. Guruh tarkibida jangovar o‘q otish sharti harbiy xizmatchilarning jangovar shaylik darajasini namoyon qildi.


Musobaqaning 1-kunida harbiy xizmatchilar 24,5 km masofani bosib o‘tishdi. Ularning yuzlaridagi horg‘inlikni zabt etilgan marra zavqi bosib ketardi. Ishtirokchilar ozgina nafas rostlagach, yo‘ldagi holatlarni muhokama qilishni boshlashdi.
Sir emaski, dushman hech qachon raqibiga qulay bo‘ladigan muhitni tanlamaydi. Imkon boricha chalg‘itishga, qiynashga, chorasiz qoldirishga urinadi. Tik qoyaga ko‘tarilish va tushish mashg‘ulotlari harbiy xizmatchilarning qaltis vaziyatlardan chiqishiga ko‘maklashadi. Bu shart bir qadar tavakkalchilikni talab etsa ham ishtirokchilarni dov­yurak qilib tarbiyalaydi. Nostandart vaziyatlarda toblab, jismonan chiniqtiradi. Ushbu mashg‘ulot jamoaning jipslikda harakatlanish ko‘nikmasini oshirishi bilan ham ahamiyatli.
Dushmanni zaif bilma, deyishadi. Maydonga tushgan raqib jamoalar ham anoyi emas. Ularga nafaqat mutaxassis sifatida mahoratni ko‘rsatish, jangovar va jismoniy tayyorgarlikni namoyish etish, balki musobaqa nizomiga muvofiq harakatlanish tartibiga ham rioya qilish lozim. Buning uchun jamoa rahbari mayor Zokir Yallakayev anchagina ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi.


Shiddatli bo‘ron bilan boshlangan musobaqa quyosh charaqlab turgan holatda yakuniga yetdi. Bir-birlariga raqib sifatida qaragan jamoalar tabassum bilan birgalikda suratlarga tushishdi. Axir ular 50 km.lik mashaqqatli yo‘lning zahmatini birdek chekishdi.
Natijalarga ko‘ra, Rossiya Federasiyasi jamoasi 1-, Xitoy vakillari 2-, o‘zbekistonlik ishtirokchilar esa 3-o‘rinni zabt etdi. Gʻolib va sovrindorlarga medal hamda Xalqaro armiya o‘yinlarining esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi. Harbiy ansambl va orkestr, mahalliy san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi tashkil qilindi.
Ta’kidlash kerakki, birinchi marotaba qatnashayotgan bo‘lishiga qaramasdan sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritish yurtimiz harbiy xizmatchilari uchun tajriba egallash barobarida e’tirofga arzigulik yutuq bo‘ldi. Aslida «Finish» chizig‘ini bosib o‘tgan har bir ishtirokchi g‘olib. U o‘zini yengdi, barcha shartlarni ado etdi, katta maqsadlar uchun kuch to‘p­ladi. Vatan sha’ni uchun jonini jabborga berib, o‘zlarini ayamasdan olg‘a intilgan yurtdoshlarimizga kelgusi musobaqalarda bundan-da ulkan yutuqlar tilab qolamiz.

Kapitan Aziz NORQULOV,
«Vatanparvar»
Rossiya Federatsiyasi, Krasnoyarsk