Milliy armiyamizga kadrlar tayyorlab berayotgan oliy ta’lim muassasalari orasida Qurolli Kuchlar akademiyasining o‘z o‘rni bor. Ta’lim tizimini yildan yilga takomillashtirib borayotgan ushbu bilim maskani bo‘lg‘usi ofiserlar tayyorlashda turli istiqbolli dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.

Qurolli Kuchlar akademiyasida AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Turkiya, Xitoy kabi davlatlar sinflari tashkil etilib, kursantlarga xorijiy tillar chuqur o‘rgatilayotgani, Vatan himoyachisi degan sharafli kasbni tanlagan o‘g‘lonlarning jismoniy va intellektual salohiyatini oshirish uchun zamonaviy harbiy texnikalarni boshqarish trenajyor xonalari, qoyaga chiqish hadisini o‘rgatuvchi skaladrom shular jumlasidandir. Shuningdek, muddatli harbiy xizmatchilardan iborat «Ilmiy vzvod» tashkil etilganini ham yuqoridagi yutuqlar qatoriga kiritish mumkin. Qisqa qilib aytganda, akademiya kursantlari «Bir yigitga qirq hunar oz» maqoliga amal qilgan holda ofiserlik diplomidan tashqari, turli mutaxassisliklar bo‘yicha sertifikatlarga ham ega bo‘lishadi.


Mana, ikki yildirki, akademiyaning umumqo‘shin fakulteti kursantlari o‘quv dasturiga kiritilgan tog‘ tayyorgarligi mutaxassisligi bo‘yicha ham bilim va ko‘nikmalarini oshirib bormoqdalar. Mudofaa vazirligi tog‘ tayyorgarligi o‘quv markazi kursantlarning ushbu mutaxassislikni egallashida qo‘l kelmoqda. Markazga tog‘ tayyorgarligi, yashovchanlik sikli bo‘yicha amaliy hamda nazariy ko‘nikmalarini oshirishga kelgan 2-bosqich kursantlari bir necha kun davomida mashg‘ulotlarda ishtirok etishdi. Ular yo‘riqchilar yordamida maxsus moslamalar bilan tik qoyaga chiqish, tushish, dara ustiga o‘rnatilgan arqonda harakatlanish, tog‘ sharoitida jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatish, baland cho‘qqili yo‘nalishda uzoq masofani bosib o‘tish kabi mashqlarni bajardilar.
– Ko‘rib turganingizdek, ayrim kursantlarimizga mashqlarni bajarishda tajriba kamlik qilyapti, – deydi Jangovar tayyorgarlik kafedrasi o‘qituvchisi podpolkovnik Zohid Shomurotov. – Ammo ushbu mashqlar davomida yo‘riqchilarimiz ularga dasturdan tashqari qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tishadi. Bu esa kursantlarimizning chidamliligini, har qanday muhitga moslanuvchanligini, yashovchanlik qobiliyati oshishiga xizmat qiladi. O‘tkazilgan mashg‘ulotlarda a’lo natijalarga erishgan kursantlarga sertifikatlar topshiriladi va ular qo‘shimcha mutaxassislikka ega bo‘lishadi.
Ikkinchi bosqich kursantlari bajarayotgan mashqlarni kuzatar ekanmiz, alpinistlik naqadar xatarli, diqqat-e’tiborni talab etadigan, shu bilan birga mas’uliyatli kasb ekanligiga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Ana shunday xatar va mas’uliyatni his qila olgan bo‘lg‘usi ofiserlar kelajakda o‘z ishining ustasi sifatida yurt tinch­ligini qo‘riqlashda qat’iyatli, sergak kadrlar bo‘lib yetishadi.

A. RO‘ZIBOYEV