9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida urush faxriylari xonadonida mehmon bo‘lar ekanmiz, har safar bir-biriga o‘xshamagan taqdirlar va qahramonliklar haqidagi xotiralarni tinglaymiz. Kimdir tankchi, yana kimdir uchuvchi yoki razvedkachi, artilleriyachi, piyoda qo‘shin jangchilari va hokazo…

Mudofaa vazirligi va Mirzo Ulug‘bek tumani mudofaa ishlari bo‘limi ofiserlari, O‘zbekis­tonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Hakimov, shifokorlar, mahalla faollari hamda yoshlar hamrohligida bu safar Ikkinchi jahon urushi janggohlarida yaradorlar jonini saqlab qolishda jonbozlik ko‘rsatgan Vladimir Chmixun xonadonida mehmon bo‘ldik. Mirzo Ulug‘bek tumani «Alpomish» mahallasida istiqomat qilib kelayotgan 99 yoshli iste’fodagi tibbiy xizmat polkovnigi Vladimir Chmixun tashrifdan juda mamnun bo‘ldi. Urush faxriysi o‘ziga atalgan sovg‘alarni qabul qilib olar-olmas, birin-ketin frontdagi xotiralari haqida gapirib berdi.
– 1922 yil 10 iyulda Ukrai­naning Odessa viloyati Dobrovelichkovsk tumani, Novolutkovo qishlog‘ida tug‘ilganman. Maktabni tugatishim bilan 1941 yilning 7 iyulida harbiy xizmatga chaqirilib, tibbiyot feldsheri bo‘yicha tayyorgarlik kursida o‘qidim. Tayyorgarlik kursidan ke­yin 43-armiyaning 358-o‘qchi diviziyasi 1191-o‘qchi polki tarkibidagi 22-alohida sanitar rotasi tarkibida frontga jo‘natildim. 43-armiya Gʻarbiy, Kalinin, 1-Boltiqbo‘yi, 2- va 3-Belorussiya frontida Smolensk va Mosk­va himoyasidan keyin, fashist bosqinchilariga qarshi hujum janglarini boshlab yubordik. Belorussiya va Boltiqbo‘yi shaharlarini ozod qilib, Sharqiy Prussiyaga kirib bordik. Gʻalabani Kyonigsbergda kutib oldim. 22-alohida sanitar rotamiz tibbiy xodimlari urush maydonlarida qancha-qancha jangchilarning hayotini saqlab qoldi. Yaralanganlarni jang maydonidan olib chiqish davomida «Chida, jangchi, hali yashaysan!» degan so‘zlar bilan tinchlantirishga, hayotga umid uyg‘otishga harakat qilardik. Bu ibora, rotamizning barcha tibbiyot xodimlariga yod bo‘lib ketgan edi. Afsuski, urush qurbonlarsiz bo‘lmaydi. Ne-ne azamat, navqiron yigitlar qo‘limizda jon bergan…
– Kyonigsbergni fashistlardan ozod qilganimizdan keyin Uzoq Sharq frontida yapon urushida qatnashdim. Ko‘rsatgan xizmatlarim uchun II darajali «Vatan urushi» va ikki marta «Qizil Yulduz» ordenlari, shuningdek, bir qancha medallar bilan taqdirlandim. Urushdan keyin harbiy xizmatdagi faoliyatimni davom ettirdim. Toshkentga kelib, harbiy gospital laboratoriyasida 1975 yilgacha ishladim.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Hakimov tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar 99 yoshli urush faxriysi uchun o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi. Guruhdagi shifokor otaxonning sog‘lig‘ini tekshirib, kerakli tavsiyalarni berdi.

Fazliddin CHORIYEV