Yozish, yozganda ham ko‘ngilga yetkazib qog‘oz qoralash – mashaqqatli ish. Bu zahmatni jurnalist ahli ko‘p bora boshidan kechirgan, yaxshi bilishadi. Shunday bo‘lsa-da, ijod qilishning o‘z gashti bor. Axir yozganlaringdan o‘quvchilar nimadir olsa, e’tirof etsa, ijodkor uchun bundan ortiq baxt bormi?! Hamkasbimiz – «Vatanparvar» gazetasi muxbiri leytenant Dilshod Ro‘ziqulov shunday baxtga erishgan, omadi kulgan yosh jurnalistlardan biri. Yaqinda uning ilk kitobi nashrdan chiqdi. «Dehqoni so‘z» nomli ushbu kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan «Birinchi kitobim» loyihasi doirasida chop etilgan bo‘lib, undan jurnalistning turli mavzulardagi bir qator publisistik maqolalari o‘rin olgan.
Kitobdagi har bir maqolada jurnalistning o‘zi ko‘rgan, guvohi bo‘lgan hayot quvonch va tashvishlari hikoya qilinadi. Bu orqali muallif hayotga yangicha nigoh bilan qarab, bugungi kunning dolzarb muammolari, yutuq va kamchiliklari, shu bilan birga umrimizning bezagi bo‘lgan yaxshi insonlar haqida samimiy fikr yuritadi. E’tiborimizni tortgan yana bir jihat, deyarli har bir maqolada jurnalist ertak, maqol va matallardan mahorat bilan foydalanganki, bu uning ertaklar va kitob mutolaasiga oshno bo‘lib ulg‘ayganidan, shu bois yozganlarida tarbiyaviy ahamiyat yo‘g‘rilganidan dalolat beradi. Muallif bugungi dolzarb muammolarning yechimi uch muhim unsur – xalq og‘zaki ijodi namunalari, kitob hamda shaxsiy namunada ekanligini kuyunchaklik bilan ifoda etadi. Muallifning «Ertak so‘ylab berardi buvim» hamda «Yangi yil – kitoblar olamida» nomli maqolalari fikrimizga dalil bo‘ladi.


Kitobdagi «Monitor bola» deb nomlangan maqolada ham bugungi kunimizning eng dolzarb mavzusi – kompyuter o‘yinlariga berilgan yoshlar muammosi ko‘tarilgan bo‘lib, bu o‘quvchini ancha o‘ylashga, fikrlashga chorlaydi. Zero, shiddat bilan rivojlanayotgan texnika va axborot asrida internet yoshlarni xuddi o‘rgimchak to‘ridek o‘z domiga tortayotgani, o‘smirlarning nafaqat sog‘lig‘i, tarbiyasi, balki hayoti ham izdan chiqib ketayotgani bor gap. Bu esa nafaqat ota-ona, balki jamiyat uchun ham ulkan fojiadir. Maqola sizni shunday xavfdan ogohlantiradi. «Zulpak»ka sig‘magan xitoblar» maqolasida ham shunday kuyunchaklikni sezasiz.


Kitobdan ko‘tarinki ruhda yozilgan maqolalar ham o‘rin olgan. «Dehqoni so‘z» va «Bobo ibrat ko‘rsatadi» maqolalari shular jumlasidan. Ushbu yozganlari orqali muallif samimiy, tanti va oqko‘ngil qishloq odamlari tasviriga urg‘u beradi. Ularning qishloqdoshlari, el­yurt uchun qilayotgan ezgu amallarni ko‘klarga ko‘taradi…
Kitob so‘z boshisida taniqli shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Ashur shunday yozadi:
«Publisistikaning asosiy mezoni hayot haqiqati va voqea-hodisalarni xolisona tahlil qilish va muhim ijtimoiy xulosalar chiqarishdan iboratdir…»
Jurnalist Dilshod Ro‘ziqulovning yangi kitobidan o‘rin olgan maqolalarda ana shunday jihat ko‘zga tashlanadi. Yana bir asosiy jihat, siz bu maqolalar orqali ijodkorning jurnalistikadagi samarali faoliyati haqida to‘laqonli tasavvurga ega bo‘lasiz.

G. HOJIMURODOVA