Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida Rossiya Federasiyasi mezbonlik qilgan «Sayan yurishi» musobaqasida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan yurt o‘g‘lonlari tantanali kutib olindi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tantanali marosimda mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov va boshqalar mamlakatimizda milliy armiya qudratini yanada yuksaltirish, harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Shunday e’tibor natijasida Vatanimiz himoyachilari har yili nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgani alohida qayd etildi.
Ta’kidlash joizki, «Sayan yurishi» musobaqasida ilk marotaba qatnashganiga qaramay, mayor Zokir Yallakayev rahbarligidagi jamoamiz vakillari faxrli 3-o‘rinni zabt etdi. Shu ma’noda mazkur bellashuv muzaffar o‘g‘lonlarimizning yurtimiz bayrog‘ini doim baland ko‘tarishi uchun o‘ziga xos tajriba maydoni vazifasini o‘tadi.
Musobaqaning mashaqqatli sinovlarini sabot bilan yengib o‘tgan harbiy xizmatchilarni qutlash uchun shu kuni ularning hamkasblari, oila a’zolari, kursantlar, keng jamoatchilik vakillari karantin qoidalariga rioya etgan holda peshvoz chiqdi. Xalqaro bellashuv maydonida mahorat va matonat bobida o‘z salohiyatini namoyon etgan dovyurak o‘g‘lonlarimizga Mudofaa vazirligining qimmatbaho sovg‘alari tantanali tarzda topshirildi. Mudofaa vazirligi Markaziy ashula va raqs ansamblining g‘oliblar sharafiga bag‘ishlangan musiqiy guldastasi barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.

D. RO‘ZIQULOV