Shu yilning 18 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Missisipi shtatidagi «Camp Shelby» harbiy o‘quv bazasida «Ilg‘or jangchi» musobaqasiga start berildi.

Unda AQSH Qurolli Kuchlarining turli shtatlaridagi bo‘linmalaridan kelgan jami 14 nafar harbiy xizmatchi, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining ikki nafar vakili ishtirok etmoqda.


Ishtirokchilar 20 dan ortiq shartni o‘zida jamlagan 8 yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro bellashmoqda. Musobaqaning dastlabki yo‘nalishida harbiy xizmatchilar og‘irligi 5 kg bo‘lgan koptokni o‘zidan oshirib ortga uloqtirish, o‘z vaznidan kamida 3 baravar og‘ir bo‘lgan yukni ko‘tarib o‘tirib turish, 3 daqiqa ichida yotgan holda kuch mashqini bajarish, 25 metr masofaga turli yuklar, holatlarda yugurish orqali bajariladigan estafeta, turnikda tortilish hamda 3,2 km masofaga yugurish mashqlarini bajarishdi.
Yurtimiz sha’nini himoya qilayotgan III darajali serjant Dilmurod Sulaymonov hamda kichik serjant Xayrullo Olimov mazkur bellashuvning barcha shartlarini muvaffaqiyatli bajarib, estafeta hamda uzoq masofaga yugurishda shu kungacha qayd etilgan musobaqa rekordini yangiladi.

* * *

Keyingi 4 ta yo‘nalish bo‘yicha kechgan murosasiz bahslar ham rekordlarga boy bo‘ldi. Quvonarlisi, bu natijalarga ham hamyurtlarimiz mualliflik qilishdi.
Unda sun’iy to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, uzoq masofaga marshni amalga oshirish, jang sharoitida yaradorga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish hamda ishtirokchilarning tungi sharoitda harbiy topografiya bo‘yicha bilim va mahoratlari sinovdan o‘tkazildi.
O‘nga yaqin to‘siqni o‘zida jamlagan, uzunligi 900 metr bo‘lgan yo‘lakdan o‘tish bahslarida vakillarimiz ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, ushbu shartda ham tengsiz ekanligini yana bir bor namoyon etishdi.


Hamyurtimiz kichik serjant Xayrullo Olimov balandligi 8 metr bo‘lgan murakkab shakldagi yog‘och to‘siqqa chiqish va to‘rli arqondan foydalanib undan tushish, kengligi chamasi 20 metr bo‘lgan suv havzasidan arqon yordamida o‘tish, notekis va nostandart muvozanatga ega bo‘lgan turli sun’iy to‘siqlardan o‘tishni o‘zida jamlagan majmuaviy mashqlarni 9 daqiqayu 20 soniya vaqt ichida bajarib, musobaqa rekordini yangiladi.
Keyingi shartda ishtirokchilardan 18 kg yuk bilan belgilangan vaqt oralig‘ida 20 kilometrlik masofani bosib o‘tish talab etildi. Mazkur shartda har ikki harbiy xizmatchimiz ham raqiblaridan ildam harakatlanib, marra chizig‘ini 2 soatu 2 daqiqada bosib o‘tib, musobaqa natijalarini yangilashga erishdi.


Jang maydonida tez tibbiy yordam ko‘rsatish mashqida ishtirokchilar 4 ta o‘quv savoli bo‘yicha sinovdan o‘tdi. Unga ko‘ra, 4 nafar turli ko‘rinishdagi yaralangan jangchini jang maydonidan olib chiqish, ulardagi shikastlanish darajasini aniqlash, tashqi hayot belgilariga qarab birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, yopiq yoki ochiq sinish kabi jarohat olganlarga tezkor muolaja qo‘llash hamda ularni xavfsiz hududga evakuasiya qilish vazifalarini bajarishdi.
Shu kuni ishtirokchilarning tungi sharoitlarda harbiy topografiya bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari ham tekshirildi. Ushbu shartda ham harbiy xizmatchilarimiz yaxshi natija ko‘rsatib, zarur ballarni qo‘lga kiritdi. Dastlab ular musobaqa tashkilotchilari tomonidan berilgan 5 ta nuqta koordinatalarini xaritalarda to‘g‘ri belgilab, so‘ngra ajratilgan 4 soat vaqt ichida 20 km radiusdagi o‘sha nuqtalarni topishdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, harbiylarimiz zamonaviy novigasiya vositalarisiz, yovvoyi hayvonot olamiga ega bo‘lgan noma’lum hududda, xususan, botqoqlik va qalin o‘rmonda harakatlanishiga to‘g‘ri keldi. Yigitlarimiz bu shartni ham mezbon ishtirokchilar bilan tengma-teng uddalashdi.
Musobaqaning so‘nggi bosqichida ishtirokchilar turli rusumdagi qurollardan o‘t ochish, artilleriya olovini yo‘naltirish hamda test sinovlarida bellashadi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda ham ushbu musobaqada ishtirok etgan harbiylarimiz faxrli I o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

Leytenant Otabek NORBOYEV
AQSH, Missisipi