Mudofaa vazirligi tomonidan Surxondaryo viloyatida joylashgan «Termiz» dala-o‘quv maydonida keng ko‘lamli o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi.

Unda Janubi-g‘arbiy maxsus va Markaziy harbiy okruglarning mas’ul ofiserlari, harbiy qism komandirlari va ularning jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Qo‘shinlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida milliy armiyamizning jangovar shayligini yanada oshirish, tayyorgarlik mashg‘ulotlarini bugungi kun talablari asosida tashkil etish eng muhim masala hisoblanadi. Ana shu maqsadda o‘tkazilgan o‘quvda ta’kidlanganidek, harbiy qism va muassasalarda barcha moddiy-texnik asoslar, harbiy xizmatchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Endigi talab yurt posbonlari faqat va faqat o‘z ustida ishlashi, eng so‘nggi zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishi lozim.
Keng qamrovli o‘quv yig‘ini saf tayyorgarligi bilan boshlandi. Unda harbiy xizmatchilarning kiyim-bosh rusumi, hujjatlari, qurolsiz va qurol bilan saf harakatlari, shuningdek, saf uyg‘unligi baholandi.


Nazariy mashg‘ulotlar davomida yig‘in ishtirokchilari bilan dunyoda kuzatilayotgan harbiy-siyosiy vaziyat, zamonaviy qurolli mojarolar tahlillaridan kelib chiqqan holda xulosa va tahlillar qilindi, saboqlar asosida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarga aniqlik kiritildi.
Yig‘inning amaliy qismida nazariy mashg‘ulotlar davomida ko‘rib chiqilgan mavzular, ya’ni so‘nggi vaqtlarda jahonda kuzatilayotgan harbiy harakatlar xususiyatlaridan kelib chiqib, o‘quv joylarini tashkil etishga e’tibor qaratildi. Masalan, ilg‘or xorij armiyalari tajribasi o‘rganilib, bo‘linmalarning hamjihatlikdagi harakatlari, uchuvchisiz uchish apparatlarini aniqlash va ularga qarshi vositalarni qo‘llash, bo‘linmalar joylashgan hudud va jangovar texnikalar joylarini yashirish hamda niqoblash, chalg‘ituvchi usullarni qo‘llash bo‘yicha taktik harakatlar namoyish qilindi.


Mashg‘ulotlarda yig‘in qatnashchilariga hozirgi davrda qo‘shinlar jangovar shayligini mustahkamlashning muhim omillaridan bo‘lgan merganlar tayyorgarligi, jangovar kichik guruhlarning taktik harakatlarni olib borish uslublari amaliy tarzda ko‘rsatildi. Mashg‘ulotlarga nufuzli oliy harbiy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va harbiy qismlardagi katta tajriba va malakaga ega mahoratli mutaxassislar rahbarlik qildi. O‘q otish tayyorgarligida asosiy urg‘u vazifani harbiy xizmatchilarning jismoniy yuklama va ruhiy bosimlar ostida bajarishiga qaratildi.


Taktik tayyorgarlik fani bo‘yicha qo‘shinlar tayyorgarligiga yangi tatbiq qilingan manyovrchan guruhlar harakatlari hamda hujum jangiga mos bo‘lgan harakatlar taktik saf mashg‘ulotlari shaklida namoyish etildi. Tog‘ tayyorgarligi o‘quv joyida mashg‘ulotlarni tashkillashtirish, shaxsiy tarkibning xavfsiz harakatlarini ta’minlash bo‘yicha ham mashqlar o‘tkazildi. Yig‘in ishtirokchilarining o‘zi ham turli murakkab to‘siqlardan o‘tish, qoyalarga ko‘tarilish va tushish, tog‘ anjomlaridan samarali foydalanish usullarini o‘rgandi. Maxsus bo‘linmalarning qurollangan buzg‘unchi to‘dalarni yo‘q qilish bo‘yicha maxsus qo‘shinlar harakatlari ham amaliy ravishda ko‘rib chiqildi.


Shuningdek, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini yangicha usullarda olib borish ko‘nikmalarini yanada oshirish bo‘yicha qatnashchilarga qo‘l va pichoq jangi, qurol bilan zarba berish, ertalabki va kechki badantarbiyani tashkillashtirishning yangi usullari ko‘rsatib berildi. Yig‘in qatnash­chilarining o‘zi ham jismoniy tayyorgarlikdan belgilangan me’yorlarni topshirdi.
O‘quv-uslubiy yig‘in yakunlari bo‘yicha ishtirokchilarning Qurolli Kuchlarning rivojlanish tendensiyalari va ilg‘or tajribalarni o‘rganish, amaliyotga tatbiq etish, jangovar tayyorgarlikni tashkillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalari umumlashtiriladi. Xulosa qilib aytganda, milliy armiyamizda olib borilayotgan bunday chora-tadbirlar qo‘shinlar jangovar tayyorgarligini yanada oshirishda muhim o‘rin tutishi, shubhasiz.

Leytenant Bobur ESONOV