Yurtimizdagi oliy harbiy ta’lim muassasalarida har tomonlama yetuk ofitser kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishga katta e’tibor qaratiladi. Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti 4-bosqich kursantlarining dala-o‘quv mashg‘ulotlaridagi ishtiroki ham ana shu ezgu maqsad yo‘lidagi samarali qadamdir.

Erta tongdan jismoniy tayyorgarlik bilan boshlangan mashg‘ulotlar, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy hamda mutaxassislik bo‘yicha aloqa tayyorgarligi mashg‘ulotlari bilan davom etdi. Mashg‘ulotlarni malakali ofitser va professor-o‘qituvchilar tashkillashtirdi.

Milliy armiyamiz uchun yetuk kadrlarni tayyorlash, shu bilan birga kursantlarda turli sharoitlarda ruhiy barqarorlikni ta’minlovchi ma’naviy-axloqiy va jangovar fazilatlarni, mustahkam iroda va Vatan taqdiri uchun mas’uliyat hissini shakllantirish hamda harbiy jamoalarda sog‘lom muhitni qaror toptirish maqsadida tashkillashtirilgan mazkur o‘quv mashg‘ulotlarida asosiy e’tibor berilgan topshiriq va vazifalarni sifatli bajarishga qaratildi.

Jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari oldidan mashg‘ulot rahbarlari kursantlarga har bir qurolning qo‘llanishi, taktik-texnik tavsifi, ulardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etish bo‘yicha batafsil ma’lumot berishdi. Shundan so‘ng ishtirokchilar belgilangan o‘quv nuqtalarida otish tayyorgarligi, umumqo‘shin taktikasi, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish bo‘yicha olgan nazariy bilimlarini amalda mustahkamladi. Aloqa tayyorgarligi mashg‘ulotlarida esa harbiy texnikalarga o‘rnatilgan zamonaviy aloqa vositalarini ishga tayyorlash hamda bo‘linmalar o‘rtasida aloqani ta’minlash bo‘yicha zamonaviy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishdi.

Mashg‘ulotda qancha qiyin bo‘lsa, jangda shuncha oson bo‘ladi, degan haqiqatni hayotiy shiorga aylantirgan o‘g‘lonlar topshiriqlarni bajarishda o‘zlaridagi chaqqonlik, epchillik, uddaburonlik fazilatlarini namoyon qildi. Bir so‘z bilan aytganda, har bir kursant mashg‘ulotlarda faol ishtirok etib, shaxsiy namuna ko‘rsatishga intildi. Bu jihat, albatta, o‘qituvchilarning nazaridan chetda qolmadi.

– Mashg‘ulotlarda shu kungacha olgan nazariy bilimlarimizni sinovdan o‘tkazdik. Qiynalmadingizmi, deysizmi? Yo‘q, qiziqish kuchli bo‘lgani uchunmi, hech qanday qiyinchilik sezilmadi. Yo‘l qo‘yilgan ba’zi kamchiliklarni tuzatish, kasbiy ko‘nikmalarimizni yanada oshirish maqsadida o‘qituvchilarimizdan kerakli tavsiyalar oldik. Kelajakda yetuk ofitser sifatida Vatanimga sadoqat bilan xizmat qilaman! – deydi kursant Oybek Mavlonov.

Kunning ikkinchi yarmida kursantlar uchun psixologik trening o‘tkazildi. Unda asosiy e’tibor harbiy xizmatchining axloqiy-ruhiy holatini barqarorlashtirishga qaratildi.

Mashg‘ulotlardan so‘ng Toshkent harbiy okrugi ma’naviyat-ma’rifat markazining «Navqiron» guruhi tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA