Bugungi davr har qaysi sohada tinimsiz izlanishni, zamon bilan hamnafas bo‘lishni taqozo etadi. Qurolli Kuchlarimizda ham qo‘shinlarning jangovar shayligini yanada oshirish maqsadida uzluksiz o‘quv va taktik mashg‘ulotlar, uslubiy yig‘inlar o‘tkazilmoqda.

Mudofaa vazirligining artilleriya bo‘linmalari ishtirokida tashkil etilgan dala-o‘quv yig‘ini ham komandirlar hamda soha mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashi, artilleriya divizionlarining yangi uslublarda jang olib borish malakasini oshirish va o‘zaro tajriba almashishida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Yig‘in rejasiga ko‘ra, barcha harbiy okruglardagi artilleriya harbiy qismlari trevoga signali asosida yuqori jangovar shaylikka keltirildi. Bo‘linmalar Markaziy harbiy okrugning «Kattaqo‘rg‘on» dala-o‘quv maydoniga temir yo‘l platformalari orqali va marsh yurib yetib keldi. Yig‘inning har bir bosqichini real jang sharoitlariga yaqin tarzda olib borishga e’tibor qaratildi. Jumladan, marshlar davomida harbiy texnikalar kolonnasi va shaxsiy tarkibni noqulay hududlardan olib o‘tishda qo‘riqlov zastavalarini tashkil etish, kolonnani aerozol tutunlar va boshqa vositalar yordamida niqoblash, zararlangan hududlardan himoyalanib o‘tish, shartli dushman hujumlarini qaytarish vazifalari bajarildi.


Artilleriyachilar «Kattaqo‘rg‘on» dala-o‘quv maydonidagi belgilangan o‘t ochish pozisiyalarini egalladi. Mazkur jarayonlarda artilleriya divizionlari va batareyalari tomonidan harbiy texnikalarni joylashtirish, niqoblash, qo‘mondonlik punktini, aloqani tashkil etish, shartli dushman joylashgan hudud parametrlarini aniqlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Yig‘inni mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov va mas’ul ofiserlar kuzatib bordi.
Artilleriyada to‘g‘ri hisob-kitob va aniqlik muvaffaqiyatni ta’minlovchi omildir. Yig‘in davomida artilleriya mutaxassislari tomonidan amaliy otishlarni samarali tashkil etish, bo‘linmalarning o‘zaro uyg‘un harakatini ta’minlash, otishga tuzatish kiritishda uchuvchisiz uchish apparatlarini keng qo‘llash kabi o‘quv savollari ko‘rib chiqildi. Ushbu jarayonlarda tabiiyki, komandir va mutaxassislar tomonidan berilgan nishonlarni yo‘q qilish bo‘yicha havo bosimi, harorati va namligi, shamol tezligi, masofa kabi jihatlarni inobatga olgan holda aniq hisob-kitoblar yuritishga e’tibor qaratildi.


– Bugungi kunda qo‘shinlarimizga juda katta talablar qo‘yilmoqda, – deydi dala-o‘quv yig‘ini ishtirokchisi podpolkovnik Jamshid Ibragimov. – Shunday ekan, biz, artilleriyachilar zimmasida ham mas’uliyatli vazifalar turibdi. Tashkil etilgan yig‘in esa yuqoridagi vazifalar ijrosida muhim qadamdir. Mashg‘ulotlar davomida barcha artilleriya mutaxassislarining egallagan bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash, yangi yondashuvlar va otish uslubiyatlarini ishlab chiqishni o‘zlashtirdik.


Shartli dushmanning asosiy kuchlari, muhim ob’yektlari va harbiy texnikalarini ifodalovchi nishonlarga qarata artilleriya qurollari hamda 120 millimetrli minomyotlardan olovli zarbalar berildi. Belgilangan nishonlarga ketma-ket va birvaraka­yiga amaliy otishlar olib borildi. Nishonlarni belgilash va o‘t ochish koordinatalariga aniqlik kiritishda so‘nggi paytlarda tajribada keng qo‘llanilayotgan uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanildi. Uyushqoqlik bilan amalga oshirilgan xatti-harakatlar natijasida berilgan barcha nishonlar yakson etildi.
Bilamizki, bugungi kunda bo‘linmalardan har qanday sharoitda qo‘yilgan vazifalarni bajarish talab etilmoqda. Shunga ko‘ra, yig‘in doirasida tungi otishlar ham olib borildi. Shartli dushmanning asosiy kuchlari va muhim ob’yektlarini aniqlashda dastlab yorituvchi snaryadlardan foydalanildi. Shundan so‘ng, artilleriya qurollaridan zarbalar berildi. Artilleriyachilarimizning aniq va tezkor harakatlari natijasida berilgan barcha shartli nishonlar yo‘q qilindi.


Ta’kidlash joizki, artilleriya mutaxassislari ishtirokida bunday keng ko‘lamli dala o‘quv-yig‘ini yaqin vaqtlar ichida o‘tkazilmagan. Shu bois yig‘in artilleriya bo‘linmalarining jipslikda harakatlanish, o‘t ochishning yangi usul va uslublarini zamonaviy talablar asosida amaliy ko‘rib chiqish, artilleriya qo‘shinlarini qo‘llash va soha mutaxassislarining o‘zaro fikr almashishida ahamiyatli bo‘ldi. Qisqacha aytganda, ushbu dala-o‘quv yig‘ini qo‘shinlarimizning jangovar tayyorgarligi yana bir karra mustahkamlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qildi.

Leytenant Bobur ESONOV