O‘quv yili rejasiga ko‘ra Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida olib borilayotgan mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor amaliy mashqlarga qaratilmoqda. Toshkent harbiy okrugi «Angren» umumqo‘shin tog‘ dala-o‘quv maydonida o‘tkazilgan keng ko‘lamli o‘quv-uslubiy yig‘inda ham ushbu jihatlar o‘z aksini topdi. Mashg‘ulotlarni mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov kuzatib bordi.

Bugungi globallashuv davri, o‘zgarayotgan zamon har bir davlatdan o‘z Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyatini yanada oshirishni, harbiy xizmatchilarning bilim va malakalarini tobora mustahkamlab borishni taqozo etmoqda. Shu ma’noda Toshkent, Sharqiy va Shimoli-g‘arbiy harbiy okruglarning mas’ul ofiserlari, qo‘mondonlarning jangovor tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosarlari, harbiy qism komandirlari va o‘rinbosarlari ishtirokida o‘tkazilgan o‘quv-uslubiy yig‘inda ham jang olib borishning zamonaviy usul va uslublari tahlil qilindi. Eskirgan mashg‘ulotlardan voz kechilib, zamonaviy tajribalar amaliyotga tatbiq etildi.


Dastlab harbiy xizmatchilarning ust-boshi, hujjatlari, shuningdek, saf elementlarini to‘g‘ri va aniq bajarish ko‘nikmalari, qurol bilan harakatlanish hamda motoo‘qchi vzvodining saf uyg‘unligi kabi muhim masalalar atroflicha baholandi.
Taktik tayyorgarlik, zamonaviy texnologiyalardan sifatli va samarali foydalanish, qo‘shinlarni mohirona boshqarish, qurolli to‘qnashuvlarning qiyosiy tahlili kabi mavzulardagi interfaol uslubdagi ma’ruzalar harbiy xizmatchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qildi.


Ma’lumki, harbiy xizmatchi jangovar vazifalarni bajarish chog‘ida dushman bilan qurolsiz, yakkama-yakka jang olib borishi ham mumkin. Ana shunday paytda uning jismoniy tayyorgarligi muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Hamla qilgan raqibni zararsizlantirish, mag‘lub etishda uning tezkorligi va chaqqonligi qo‘l keladi. Shu bois jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini yangicha usullarda olib borish bo‘yicha qo‘l va pichoq jangi, qurol bilan hamla qilishning o‘ziga xos uslublari ko‘rgazmali tarzda namoyish etildi.
Ishtirokchilar «Angren» umumqo‘shin tog‘ dala-o‘quv maydonida shaxsiy tarkib bilan amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish, jangovor topshiriqlarni sifatli va samarali o‘tkazish, qurol-aslahalar va harbiy texnikalardan foydalanish kabi masalalarni o‘zida jamlagan 20 dan ortiq o‘quv joylari bilan tanishtirildi. Yig‘ilganlar e’tiboriga harbiy xizmatchilar tomonidan oddiydan murakkablashgan sari tamoyili asosida ko‘rgazmali mashg‘ulotlar havola qilindi.


Mutaxassislar harbiy xizmatchilarga ruhiy yuklama beradigan maxsus yo‘lak barpo etishdi. Start chizig‘idan harakatlangan yigitlar bir-biridan murakkab to‘siqlarni yengib o‘tadi va belgilangan hududga kelib, tezkorlik bilan gazniqobni taqib, nishonlarni yo‘q qilish amalini bajarishdi. Bunday yondashuvlar shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy holatini mustahkamlash, nostandart vaziyatlarda ham qo‘yilgan topshiriqni ado etish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Yig‘in davomida bir vaqtning o‘zida kichik guruhlar bilan tog‘ va tog‘ oldi hududlar hamda shahar sharoitlarida taktik harakatlarni olib borish, razvedka-qidiruv ishlarini tashkil etish, shartli dushman istehkomiga hujum uyushtirish, qurshovga olish, guruhni uyg‘unlikdagi harakatini ta’minlash, tepadan pastga, pastdan tepaga o‘q otish kabi amaliyotlar ham bajarildi. Merganlarning chidamlilik sifatlarini oshirish, juft-juft, jipslikda, ehtiyotkorlik bilan harakatlanish, shartli dushman joylashgan hududni aniqlash hamda uni yakson etish amaliyotining eng maqbul usullari ko‘rsatildi.


Amaliy mashg‘ulotlarning asosiy qismida uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi kurash, bo‘linmalar joylashgan hudud va jangovar texnikalarni niqoblash, chalg‘ituvchi usullarni ishlab chiqish bo‘yicha taktik harakatlar namoyish qilindi. Guruh zirhli texnikalar bilan belgilangan hududga yetib kelgach, shartli dushman kuchlarini bir vaqtning o‘zida yakson etish bo‘yicha barcha qurollardan o‘t ochib, hamlaga o‘tdi.
Mashg‘ulotlar nafaqat kunduzi, balki tungi sharoitlarda ham olib borildi. O‘quvning yana bir ahamiyatli tomoni yig‘in ishtirokchilari faqat tinglovchi sifatida emas, amaliyotchi sifatida qatnashdi. Har bir o‘quv joyida mashg‘ulot rahbari va tinglovchilar o‘rtasida erkin muloqot, bevosita amaliy tajriba almashishga ahamiyat berildi.

Leytenant Shohrux SAIDOV