Rossiya Federasiyasi Sankt-Peterburg shahrida «Informatika va dasturlash asoslari» fanidan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari o‘rtasida o‘tkazilgan Xalqaro Olimpiadada yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan kursantlar tantanali ravishda kutib olindi.

Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tantanali marosimda Mudofaa vazirligi mas’ul ofiserlari, Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti boshlig‘i podpolkovnik Hakim Muhiddinov va boshqalar mamlakatimizda milliy armiya qudrati va nufuzini yanada yuksaltirish, malakali ofiser kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Shunday e’tibor natijasida Vatanimiz himoyachilari har yili xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgani aytib o‘tildi.
Rossiya, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izis­ton Respublikalari oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari ishtirokidagi bellashuvda Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kursantlari yuqori natijalarni ko‘rsatdi. Musobaqaning «Dasturlash» yo‘nalishida institutning 4-bosqich kursanti Alisher Razzoqberdiyev «Eng tez koder» nominasiyasi g‘olibi deb topildi. Umumiy va professional tayyorgarlik yo‘nalishlarida esa 2-o‘rin qo‘lga kiritildi.
Shu tariqa institut boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari kapitan Baxtiyor Rahimov rahbarligidagi jamoamiz vakillari umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni egalladi. Aloqa harbiy akademiyasi mezbonlik qilgan xalqaro kursantlar olimpiadasida belaruslar uchinchi va rossiyaliklar birinchi o‘rinni band etdi.
Musobaqaning mashaqqatli sinovlarini sabot bilan yengib o‘tgan harbiy xizmatchilarni qutlash uchun shu kuni ularning hamkasblari, oila a’zolari, kursantlar, keng jamoatchilik vakillari karantin qoi­dalariga rioya etgan holda peshvoz chiqdi. Xalqaro bellashuv maydonida o‘z bilim va salohiyatini namoyon etgan zukko o‘g‘lonlarimizga qimmatbaho sovg‘alar tantanali tarzda topshirildi. Harbiy orkestrning g‘oliblar sharafiga bag‘ishlangan musiqiy guldastasi barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV,
«Vatanparvar»