Bugun reklama kirib kelmagan soha deyarli qolmadi. Hatto kitoblar olamida ham bor. Savdo-sotiqda bu tabiiy holat. Bu dunyoda «molim yomon» degan kimsa yo‘q ekan, demak, reklama ham rivojlanaveradi.

Nega bu haqda gapirayotganimni sizga anglataman: bugun sizga tavsiya qilmoqchi bo‘lgan kitob haqida ijtimoiy tarmoqlarda o‘qidim. Yaxshi targ‘ib qilinibdi. Keltirilgan parchaning o‘ziyoq kitobga qiziqishni orttiradi. Muallif Ramita Navaining kasbi jurnalist. Meni dastlab qiziqtirgan narsa ham uning kasbi edi. Xorijlik jurnalist qanday yozar ekan? Nima haqida, kimlar haqida yozdi ekan? Kitobning nomi «Yolg‘onlar shahri». Bu qanday shahar? Shunday shahar ham bo‘ladimi?
Bu kitobni topib o‘qish istagi kuchaydi, menda. Buni, nimasi qiyin, dersiz. Albatta qiyin emas, kitobni targ‘ib qilganlar qayerdan, necha so‘mga sotib olish mumkinligigacha ko‘rsatib qo‘yishgan. Biroq… Yaxshi kitoblar har doim qimmat bo‘ladi-da!
Shu kitob dardida yurgan kunlarimning birida gazetamizning eng fidoyi musahhihi Sayyora uni menga sovg‘a qilsa deng! Juda sevindim va o‘quvchilarimizni ham bu asardan bahramand qilgim keldi.
Aziz o‘quvchi, siz Eron haqida eshitgansiz, o‘qigansiz, ayrimlar ehtimol, bu davlatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgandir. Mening bilganlarim ham kitoblar, hujjatli filmlar, axborot kanallaridan ko‘rgan-eshitganlarim bilan chegaralanadi.
Birmuncha vaqt avval Eron ayol-qizlari hayotidan «Surayyoning toshbo‘ron qilinishi» degan badiiy filmni ko‘rdim. Bu film qachon ishlanganini bilmayman, ammo juda uzoq tarix hikoyasi emas, yaqin kunlar voqeasi edi. Ko‘rib bo‘lganimdan keyin… yuragim tilka-pora bo‘ldi. Bir nechta tinch­lantiruvchi dorilar yutdim. Qora rangdan ko‘nglim qoldi. Qarg‘a qanotlaridek qora chodra haqsizlik, huquqsizlik timsolidek edi, go‘yo.
«Yolg‘onlar shahri» ham undan behroq emas ekan, asli. Biroq unda ko‘ngilni yorishtiradigan holatlar ham bor.
Muallif shunday yozadi: «Ushbu kitobni barcha tehronliklarga, xususan, tehronlik turmush o‘rtog‘im, hayotim mazmuni Gabriyelga va eng muhimi, meni doim ruhlantirib turgan onam Laya hamda Tehronning ajoyib va fozil insoni bo‘lmish otam Kurushga bag‘ishlayman».
Kitobda yetti insonning taqdiri hikoya qilinadi. Vali Asr ko‘chasiga begona bo‘lmagan yetti taqdir.
«Yolg‘onlar shahri: Tehron haqida barcha haqiqatlar»ning ilk so‘zboshini to‘lig‘icha keltiramiz: «U shunday shaharki, odamlar o‘zlarining asl istak­larini sir tutishga, din va an’ana talablariga muvofiq yashayotganini ko‘rsatishga majbur. Bu shaharda yashash uchun yolg‘on gapirish kerak. Bu yerda yolg‘on so‘zlash hayot va mamot masalasidir. Bu shahar ahli diniy majburiyatlar yuki va samimiy insoniy istaklar o‘rtasida sargardon kezadi. Bu shahar Tehron, Eron Islom Respublikasining poytaxti. «Yolg‘onlar shahri» bugungi Tehronning unutilmas manzarasini chizib beradi. Bu kitob tehronliklar tuzumning shafqatsiz bosimi ostida qanday yashayotgani, tuyg‘ulari, shodlig-u iztiroblarini qanday ifodalayotgani, umuman, turfa xil insonlar taqdiri haqida hikoya qiladi.
«Yolg‘onlar shahri» kitobi 2012 yili Britaniya Qirollik adabiyot jamiyatining «Jervud» mukofoti bilan taqdirlangan».
Bu oxiri nima bilan tugar ekan degan qiziqish bilan o‘qiladigan sarguzasht asar emas. Manbalar haqida Ramita Navai shunday yozadi: «Qahramonlarning o‘z so‘zlari va tilini ishlatishga imkon qadar harakat qildim. Menga hikoya qilib berilgan ko‘pgina suhbatlar va lavhalar so‘zma-so‘z yozilgan. Qahramonlarning ichki o‘ylarini ular menga intervyularimda qanday tushuntirgan bo‘lsa, shunday keltirdim».
XXI asr, dunyo shiddat bilan o‘zgarayotir. Bu yerda… hamon ayollarga o‘lim hukmi o‘qiladi. Go‘dak bolasi bor-ku, deya shafqat, marhamat ko‘rsatilmaydi.
«Amir»ning hikoyasini o‘qiymiz: «Evin qamoqxonasi, Tehron, 1988 yil, avgust.
Amir otasini sog‘inadi. Unga ayollar bilan to‘lgan, borgan sari ter hidi, arzon sovun va ko‘krak suti(!) kuchliroq anqiyotgan bu joy sira yoqmaydi. U o‘ziga bir o‘rtoq topdi. Maryam».
Qamoqxonadagi go‘daklar… Bu jamiyat kimlarga qarshi kurashyapti? Kimlarni tarbiyalayapti?
O‘qiymiz: «Ayollar bir-birini quchoqlab yig‘laydi. Amir va Maryam bunday nidolardan sergak tortib, o‘zlarining xayoliy dunyosidan chiqadi. Maryam onasining oldiga yuguradi, Amir esa Shahloni izlaydi. Ammo Shahlo yo‘q. Amir o‘zini har qachongidan ham yolg‘iz his qiladi… Xona burchidagi jajji mavjudot.
– Ular nega yig‘layotganini bilasanmi?
– Yo‘q, nima bo‘ldi? Oyim qani?
– U o‘ldi. Uni hozirgina o‘ldirishdi. Ular Shahloni arqon bilan osishdi.
Amir onasining o‘limidan shu tariqa xabar topadi.
U yig‘laganini, kattalar uni bag‘riga bosgani esida. Hech kim hozirgina onasi qatl etilgan olti yoshli bolaga nima deyishni bilmaydi.

– Dadam qani?
Amakisi Fariborz tiz cho‘kib, Amirni bo‘ynidan quchoqlagancha yig‘laydi. Amir hech qachon katta erkak kishining yig‘laganini ko‘rmagan edi. Hammasi ma’lum: otasini ham o‘ldirishibdi».
Bu qayg‘uli hikoya shu bilan tugab qolmaydi. Amirning bobosi… Keling, bular haqida o‘zingiz o‘qing.
Kitobdagi voqealar, taqdirlar, biz sirtdan biladigan Tehrondan farqli. Mutolaa jarayonida ko‘ng­limda shubha uyg‘ondi. Chunki muallif uzoq vaqtlar bu yerlarda yashamagan, Gʻarb turmush tarzi bilan yashab, balki bo‘rttirib yuborgandir.
Shubhalarimga uning quyidagi so‘zlari barham berdi: «Tehrondan ketganimga yigirma olti yil o‘tib, men yana u yerda yashash uchun qaytdim… o‘z ildizlarim bilan qayta bog‘lanishga kuchli ehtiyoj tuydim. Eron jurnalistlik karyeramni boshlashim uchun ham juda bop joy bo‘ldi.
…Men bir-biriga o‘xshamas ikki dunyoda yashayotgan edim. Uyga, shimoliy Tehronga qaytib, Tehronda tug‘ilib o‘sgan do‘stlarimga shaharning bir necha kilometr naridagi janubiy qismi haqida gapirib berardim. Ular go‘yo boshqa mamlakat haqida eshitayotgandek hayratga tushishardi. Lekin barchamizni bir uzun yo‘l – Vali Asr bog‘lab turardi».
Kitobda yana bir alamli taqdir hikoyasi bor. «Laylo» o‘lim jazosiga hukm qilingan ayol taqdiridan olingan. U 2001 yil Evin qamoqxonasida axloqiy buzuqlikda ayblanib, tosh­bo‘ron qilingan.
Ayollar… Jamiyatning yomonlashib, tubanlikka yuz tutishida ham ular aybdor. Zilzilalar, iqtisodiy inqirozlarda ham axloqi buzuq ayollar sababchi, ha, ha, aynan ular aybdor. 2010 yil aprelida parlament qarorida aytiladi, bu haqda. Qanday dahshatli jamiyat!
«Laylo»dan o‘qiymiz: «U to‘g‘ri Evin qamoqxonasiga keltirildi. Hech qanday mahkama, sud zali, advokat bo‘lmadi. Yo‘lda u asabiylashib, sudyaning raqamini terdi. Javob bo‘lmadi… Telefonini olib qo‘yishlaridan oldin Laylo ikkita xabar yuborishga ulgurdi. Biri Kayvanga, biri sudyaga. «Yordam. Meni polisiya olib ketyapti».
Ikkovidan ham javob kelmadi. Kayvan qo‘rqib ketib, Laylo bilan bog‘liq hamma narsani o‘chirib tash­ladi…
Layloga advokat ajratilishini va u oilasiga qo‘ng‘iroq qilishi mumkinligini aytishdi. Onasi telefonda uning ovozini tanib, yig‘ladi, qamoqqa uni ko‘rgani borolmasligi, sharmandalikka chiday olmasligini aytdi. U Laylodan ozodlikka chiqqach, telefon qilishini so‘rab, go‘shakni qo‘ydi.
Ammo u ortiq qamoqda emas edi.
Laylo bahorning go‘zal tonglaridan birida dorga osildi».
Bularni o‘qib, tiling so‘z aytishga ojiz qoladi. Eng og‘iri, bularning badiiy to‘qimalar emasligidir. 2001 yildan keyin ayollarga oid hukmlar ancha «insoniylashdi». Ular ortiq toshbo‘ron qilib o‘ldirilmaydi, osib o‘ldiriladigan bo‘ldi. Kitobda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra o‘lim jazosiga hukm qilinish arafasida turgan ayollar 200-300 nafardan ziyoddir!
«Yolg‘onlar shahri»da «Farida»ning hikoyasida biroz yorug‘lik bor. Bu yorug‘likning nomi – Vatan!
Farida bu qo‘rqinchli, zerikarli shahardan Londonga ketdi. London beqiyos edi, har tomonlama. Erkinlik bor edi, ta’qiblar yo‘q. Ammo bu u bilgan Tehron emas edi.
O‘qiymiz: «Taksi Vali Asrga burildi. «Mersedes-Bens» saloni oldida ikki kishi qo‘y so‘yayotgan edi. Farida oynani tushirib, boshini tashqariga chiqardi. U ortga qaytgach, o‘zini bunchalar baxtli his qilishini xayol ham qilmagan edi. Faridani Tehronning tog‘lari o‘ragan, moviy osmoni himoyaga olgan, quyoshini tafti isitgan, daraxtlari quchgan, shabadasi esa yuzlarini silardi. Ular kuzning sariq rangi bo‘yagan meva rastalari, limon, behi, xurmo, shovqin va tartibsizlik, uning burnini qitiqlagan issiq ko‘mirda kuyayotgan qo‘y go‘shti isi, tut daraxtlari va jasmin, qat-qat chang, furgonlar ovozi, yo‘l chetida kuchuk bolalarini sotayotgan kishi oldidan o‘tdilar… Sharbat rastalari, tilla do‘konlar, qadimiy bozorlar, yer osti yo‘laklari, muhtasham uylarning ko‘k koshinlari va yashirin bog‘lar…»
Azizlar, bu kitobni o‘qing, olamga kengroq nigoh tashlaysiz, qalbingizni shukronalik hislari ham to‘ldirsa, ajab emas.

Inobat IBROHIMOVA,
«Vatanparvar»