Poyezd g‘ildiraklari bir maromda taqillaydi, eshelon Gʻarbga – jang maydonlari sari oshiqadi. To‘g‘rirog‘i, jangchilar oshiqishyapti. Eshelon esa, ataylab qilgandek, yuki og‘ir arava singari imillaydi, duch kelgan joyda soatlab turib qoladi. Uzundan-uzoq tuyuladigan bunday daqiqalarda nimalar haqida o‘ylaydi kishi.

Madamin ham shu tobda uyi, jonajon qishlog‘i – Xonabodni ko‘z oldiga keltirdi. Otasi hoynahoy, paxta punktida yarim tungacha qolib ketsa kerak. Onasi-chi? Odatdagidek ko‘zyoshini shashqator oqizib, tandirga o‘t qalayotgandir. Urush allaqachon bu oilaga qora ko‘lankasini tashlab o‘tgan. Madaminning akasi Haydar Stalingrad ostonalaridagi janglarda mardlarcha halok bo‘ldi. Podmoskovyening Bikovo shaharchasidagi o‘quv polkida harbiy mashg‘ulotlar qizigandan qizib borar edi. Tengdoshlari uchun o‘ta og‘ir tuyulayotgan bu tig‘iz mashqlar Madaminga yoqardi. O‘zbek dehqon oilasida o‘sib-ulg‘aygan yigitlar bunday mashaqqatlarga, turmush ikir-chikirlariga barvaqt ko‘nikishadi. Madamin 4-sinfdayoq «o‘qituvchi»lik qila boshlagan. Kolxozchi xotin-qizlarga, paxta punkti ishchilariga savod o‘rgata boshladi.
7-sinfdaligida qishloq sovetida o‘rindoshlik asosida kotiblik qildi. 8-sinfga o‘tib, buxgalterga yordamchi bo‘ldi. Muallimlik iste’dodi jangda ham asqatdi – yangi kelgan yurtdoshlariga og‘ir harbiy xizmatga tezroq ko‘nikishlariga ko‘maklashdi. O‘zi esa doimo frontning oldingi qismiga intilardi. Biroq uni mashg‘ulotlar paytidagi eng yaxshi jangchi sifatida Podolskdagi merganlar kursiga yuborishadi. Bu yangilik Madaminni ruhlantirdi. Axir merganlarning o‘rni front orti emas, balki jang maydonlarida…

Jasorat va mardligi uchun

Qaddi-qomati kelishgan, barvasta yigitni zavq bilan ko‘zdan kechirgan polkovnik charm sumkasidan bir varaq qog‘oz olib, o‘qiy boshladi:
– 1944 yilning 17 dekabrida Polepi qishlog‘ining shimolida front ortida qurollangan to‘dani yo‘qotish jangovar guruhi tarkibida harakat qilgan Madamin Hasanov benazir botirlik, mardlik va jasorat ko‘rsatdi: kun bo‘yi bir necha marta yuz bergan qurolli to‘qnashuvlar chog‘ida to‘rt bezorini yer tishlatdi, birini asir tushirdi. O‘rtoq Hasanov tinimsiz o‘t ochib, oldinga intilishga uringan dushmanga yo‘l bermadi va bu bilan bo‘linmalarni jangovar tartibda keltirishga imkon berdi. Qo‘mondonlikning jangovar topshirig‘ini namunali bajargani va jasorat hamda mardlik ko‘rsatgani uchun kursant – qizil armiyachi Hasanov «Jasurligi uchun» medali bilan mukofotlandi.
1944 yilning bahori sovuq keldi, ayniqsa, kechalari sovuq «quturardi». Askarlarning piymalari ostida qor g‘irchillaydi. Daraxtlar sovuqdan qarsillaydi. Oy yog‘dusida o‘rmon yanada go‘zallashadi. Ammo bu holat jangchilarni quvontirish o‘rniga tashvishga solar edi, chunki hamma narsa xuddi kaftdagidek ko‘zga yaqqol tashlanib, har qancha ehtiyot bo‘lsang ham, niqoblansang ham dushman ko‘zidan yashirinishning iloji yo‘q edi. Ikkita pulemyotli bo‘linma bilan mustahkamlangan vzvod dozorga yo‘l oldi.
Qo‘mondonlikning ma’lumotiga qaraganda, bu mavzega bezori to‘da in qurgan. Ular tun yarmidan og‘ganda ibodatxona yonida to‘planishdi. Komandir askarlarga yana bir bor qisqa yo‘l-yo‘riq berdi. Vzvod qishloqdan chiqib, o‘rmon ichkarisiga kirdi. Askarlar uzun zanjir shaklida yoyilib, harakat qila boshladi. Hasanovning razvedkachilari ancha oldinlab ketishdi. Madamin qalpog‘ini peshonasigacha bostirib olgan. Razvedkachilar unsiz qadam tashlashadi, daraxt shoxlarini shitirlatmaslikka harakat qilishadi. Qancha ehtiyot bo‘lmasin, bari bir dushman g‘oviga duch kelishdi. Hasanov belidagi granatalarning birini shaxt bilan dushmanlar oyog‘i ostiga uloqtirdi. Kuchli portlashdan atrof larzaga keldi. Ikki bezori quladi. Qolganlari razvedkachilarga tashlandilar. Qo‘l jangi boshlandi. Hasanov yana bir raqibini ag‘dardi-da, ulardan birining jasadini pana qilib avtomatdan o‘q yog‘dira ketdi. Ammo sheriklari jim. Qani ular? Nimaga otishmayapti? Hech narsani tushunmay, yakka o‘zi jangni davom ettirdi. Ke­yin bilsa, ikki razvedkachi to‘qnashuv boshlangandayoq halok bo‘lishgan ekan, uchinchi razvedkachi esa og‘ir yaralanganligi sababli yordam berolmay qolibdi…
Urush urush-da, axir ozmuncha shunday dahshatli kunlarni boshdan kechirdimi. Lekin yosh bo‘lishiga qaramay, o‘limning ko‘ziga tik boqdi. 1945 yil may oyi ham yetib keldi. Buyuk g‘alaba tantanalari butun mamlakatni qamrab oldi. Xalq qahramonlarini keng quloch ochib kutib oldi. Kunlar o‘tdi. Kutuzov ordenli 220-chegarachi polkning katta serjanti Madamin Hasanov maxsus kursda o‘qirdi. Yoz oxirlarida o‘qish tugadi. Moskvadan tashrif buyurgan general-leytenant Romanov bitiruvchilarni qizg‘in tab­rikladi.
Xullas, oradan bir yil o‘tib, Madamin frontdan birinchilardan bo‘lib, o‘z qishlog‘iga, ota-onasi yoniga, uyiga qaytdi…
Bir so‘z bilan aytganda, Madamin Hasanovning va qolaversa, g‘alabaga shonli hissa qo‘shib, insoniyatni fashizm balosidan xalos etish yo‘lida jonini qurbon qilgan ota-bobolarimizning muqaddas xotiralari oldida bosh egib, ta’zim qilamiz. Ularning yodi xalq xotirasida abadiydir.

Surayyoxon TASHYEVA,
Qurolli Kuchlar davlat muzeyi ilmiy xodimi