Ikkinchi jahon urushi: mislsiz qahramonliklar, olinganu berilgan jonlar, daryolar o‘zanini to‘ldirib oqqan qonlar, vayronaga aylangan bog‘u rog‘lar, yer bilan bitta bo‘lgan obod shaharlar, yetim qolgan norasidalar, porox hidiga to‘lgan o‘pkalaru bir umr eshikka tikilgan va armon bilan ochiq ketgan munis va mungli ko‘zlar…

Balki yana boshqacharoq ta’riflar ham bordir. Biroq hozir Ikkinchi jahon urushi haqida xayolda bo‘y ko‘rsatganlari shu. Urush yillaridan qanchalik uzoqlashmaylik, undagi mardlik, xalqimiz ko‘rsatgan jasoratning qadr-qimmati shuncha oshaveradi.
Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabani qo‘lga kiritishda, albatta, front ortida matonat ko‘rsatgan qanchadan-qancha zahmatkash insonlarning mashaqqatli mehnati turibdi. Bugun ular xalqimiz ardog‘ida.


Toshkent viloyatining zahmatkash Oqqo‘rg‘on tumani aholisi Ikkinchi jahon urushida ham front chizig‘ida, ham front ortida yuksak mardlik va matonat namunasini ko‘rsatadi. Bugun Oqqo‘rg‘on tumanida o‘sha olovli janglarda ishtirok etgan birgina Fayzulla bobo Nurmatov va yana 51 nafar front orti faxriylari istiqomat qiladi. Tuman mudofaa ishlari bo‘limi vakillari bu insonlar holidan muntazam xabar olib turadi.
Muqim bobo Ahmedov tumanning Hosildor mahallasida umrguzaronlik qilmoqda. U kishi 1929 yilning 1 sentyabr kuni tavallud topgan. Urush ayni avj pallaga kirgan payti bobo ko‘plab qishloqdoshlari qatori front ortida matonat bilan mehnat qiladi.


Shu o‘rinda kichik bir lirik chekinish. Hammamiz teatrga tushganmiz. Ko‘z o‘ngimizda o‘z san’atini namoyon etayotgan aktyorlar mahoratiga tik oyoqda chapak ham chalamiz. Chunki ular chindan ham mahoratli, o‘z ishining ustasi. Endi bir o‘ylab ko‘ring, bu mahorat tomoshabin e’tiboriga xato va kamchiliklarsiz havola etilishi uchun sahna ortida qanchadan-qancha insonlar qattiq mehnat qiladi. Front ortida zahmat chekkan kishilarni ham aynan shularga qiyoslash mumkin.
Muqim bobo o‘sha qiyinchilik kunlarini yodga olib, shunday deydi:
– Hamma narsa front uchun edi. «Men bu ishni eplolmayman, bu ish menga to‘g‘ri kelmaydi», degan gapni birov eshitmasdi. Yoshu qari tinim bilmay ishlardi. Odamlarning qorni och-u, ko‘zi to‘q edi. Hozir ba’zi bir qorni to‘q, lekin ko‘zi och kimsalarni ko‘rsam, negadir o‘sha kunlar yodimga kelaveradi.
Keyingi manzilimiz tumanning Navbahor mahallasi bo‘ldi. Bu yerda front orti zahmatlarini boshidan kechirgan Solken momo Eshonova istiqomat qiladi. U kishining xonadoniga borganimizda hovlini tartibga keltirayotgan, uylarni oqlayotgan, umuman, xonadon ahlining og‘irini yengil qilayotgan harbiylarni uchratdik. Tuman mudofaa ishlari bo‘limi vakillari bu yerga ham quruq qo‘l bilan kelishmagan. Kundalik zarur oziq-ovqat mahsulotlari va shifokor ko‘rigi Solken momo ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. U, ayniqsa, hovlini tartibga keltirayotgan harbiylardan juda minnatdor bo‘ldi.
Ha, Vatan, elu yurt uchun jon kuydirgan insonlar hamisha xalqimiz ardog‘ida. Axir o‘ylab ko‘ring, Ikkinchi jahon urushi tugaganiga bu yil 76 yil to‘ladi. Bu insonlar esa hamon yuksak hurmat-ehtiromda. Mardlik, jasorat va Vatanga sodiqlikning mukofoti bu.

Leytenant Islomjon QO‘CHQOROV,
«Vatanparvar»