«Hamdo‘stlik – 2020»

O‘zbekiston va Tojikiston Respublikasi mudofaa vazirliklarining Maxsus operatsiya kuchlari o‘rtasida o‘zbek – tojik hamkorligidagi antiterror maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti yuqori saviyada o‘tkazilib, ko‘zlangan maqsadga to‘la erishildi.

Hamkorlikdagi o‘quv jarayonini O‘zbekis­ton Respublikasi mudofaa vaziri Bahodir Kurbanov va Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziri Sherali Mirzo hamda bir guruh harbiy xizmatchilar kuzatib bordi.

Shunday qilib, Tojikiston ­Respublikasining Xatlon viloya­tida joylashgan «Faxrobod» ­dala-o‘quv maydonida bo‘lib o‘tgan hamkorlikdagi antiterror o‘quv mashg‘uloti rejasiga ko‘ra, chegarani buzib o‘tgan noqonuniy qurollangan tuzilmalar hujumini qaytarish maqsadida avval vakillarimiz tomonidan havo razvedkasi o‘tkazildi, shundan so‘ng aniqlangan shartli dushmanning harakatlanayotgan nuqtasiga ­qarata aviatsiya zarbalari berildi. Chegaraga uyushtirilgan shartli hujumni qaytarishda Tojikiston Respublikasining Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari hamda Davlat milliy xavfsizlik komiteti Chegara qo‘shinlari ishtirok etdi.

Shartli dushman tomonidan egallab olingan binoni qurshab olish, chegarani buzib o‘tgan gazandalarni yakson etish va asirlarni qutqarish amaliyoti keyingi epizodlarda ko‘rib chiqildi. Bunda yuqori qo‘mondonlik tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, noqonuniy qurollangan terrorchilar bino ichida asirlarni garovga olib, o‘z shartlari ijrosini talab etmoqda. Vakillarimizdan iborat taktik havo desantchilari guruhi Mi-8 vertolyotidan arqon yordamida tushib, binoning yuqori qismidan keyingi 3 ­­ta ishg‘ol qilish guruhlarini o‘t ochgan holda qo‘llab-quvvatlab turdi. Ishg‘ol qilish guruhlari bino ichidagi noqonuniy qurollangan terrorchilarni yo‘q qilib, asirlarni ozod etdi. Yigitlarimizning aniq va ishonch­li harakati jangovar topshiriqning belgilangan vaqtdan ilgariroq bajarilishiga zamin yaratdi.

Mudofaa qudratini mensimagan shartli dushman ko‘rgan talafoti sabab ortga chekina boshladi. Taktik rejaga ko‘ra, bunda Vatan himoyachilari tomonidan noqonuniy qurollangan tuzilmalarni ta’qib qilish amaliyoti o‘tkaziladi. Zero, dushmanning tirik qolgan kuchlari o‘zining g‘arazli niyati bilan kelgan joyiga qaytib ketolmasin va kun kelib bu ishini qayta takrorlamasin! Mazkur epizod ham hamkorlikdagi guruhlar tomonidan o‘ta muvaffaqiyatli tarzda bajarildi.

O‘quv mashg‘uloti davomida shuningdek, shartli aeroportda noqonuniy qurollangan tuzilmani qurshab olish va yo‘q qilish, ­samolyotdagi asirlarni ozod etish vazifalari ham bajarildi.

O‘quv yakuni munosabati bilan saf tortgan ikki davlat harbiy xizmatchilari O‘zbekis­ton va Tojikiston Respublikasi mudofaa vazirlari tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Har ikki davlat ­mudofaa vazirlari mazkur o‘quv mashg‘ulotlari mamlakatlarimiz armiyalarining jangovar qudratini oshirishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri tashrif davomida dala-o‘quv maydonida harbiy xizmatchilarimiz uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Tojikiston ­mudofaa vaziri Sherali Mirzo hamrohligida qadimiy adraslarimiz hamda hunarmand va kulollar tomonidan tayyorlangan ko‘za va laganlar, qo‘l mehnatida ishlangan turli ko‘rinishdagi sopol idishlar bilan milliy urf-odatlarimizga hamohang tarzda yaratilgan «o‘zbek milliy burchagi»ni ko‘zdan kechirdi.

«HAMDO‘STLIK» –

o‘zbek – tojik qo‘shma o‘quv mashg‘uloti

2018 yil – ikki davlat o‘rtasida harbiy hamkorlik o‘rnatilgan;

2018 yil sentyabrь – Tojikistonning «Chorux-Dayron» o‘quv markazi va «Nurafshon» poligonida ilk qo‘shma mashg‘ulot;

2019 yil aprelь – Tojikis­tonning «Faxrobod» poligonida;

2019 yil sentyabrь – Namangan viloyati «G‘urumsaroy» dala-o‘quv maydonida shartli terrorchilarni yo‘q qilish bo‘yicha malaka oshirilgan.

Islomjon QO‘ChQOROV,

«Vatanparvar»

Xatlon – Toshkent