Mudofaa vazirligi tibbiy ta’minot va Toshkent shahar tibbiyot boshqarmalari tashabbusi bilan Markaziy harbiy klinik gospitalь, Mirzo Ulug‘bek tumani 8-oilaviy poliklinikasi shifokorlari va harbiy prokuratura xodimlari hamkorlikda Ikkinchi jahon urushi faxriylari holidan xabar oldilar.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, kontsentratsion lagerlar va Leningrad qamalida bo‘lgan insonlar, mehnat fronti faxriylari sog‘lig‘ini doimiy ravishda nazorat qilish dasturi doirasida Mirzo Ulug‘bek tumanining Sho‘rtepa va Shukur Burhonov mahallasida yashovchi ikki nafar otaxon tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Markaziy harbiy klinik gospitalь hamda Mirzo Ulug‘bek tumani 8-oilaviy poliklinikasining kardiolog, oftalьmolog, terapevt, otorinolaringolog kabi tajribali shifokorlari zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida Ravilь Biteev va Djafar Mirzaevning sog‘lig‘ini nazorat qildilar. O‘tkazilgan tekshiruv natijalariga asoslangan holda faxriylarga tegishli tibbiy tavsiyalar berildi.

3-Belorussiya frontida jang qilgan SU-76 (samoxodnaya ustanovka, o‘ziyurar artilleriya moslamasi) va tank mexanik-haydovchisi Ravilь Biteev ham, Volxov frontida NKVDning 115-temir yo‘l polki va 102-chegara bo‘linmasida xizmat burchini o‘tagan o‘qchi Djafar Mirzaev Ikkinchi jahon urushining 1-guruh nogironi sifatida 8-oilaviy poliklinikasi ro‘yxatiga olingan. Poliklinika shifokorlari tomonidan bu ikki otaxonning sog‘lig‘i borasida doimiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, tibbiyot hamshiralari va mas’ul shaxslar ularning holidan muntazam xabar olib turishadi.

Fazliddin CHORIУEV