Kitob bolalik olamimning bebaho bezagi bo‘lgan. Hozir ham kitob o‘qishni juda sevaman. Birovlarga yoqsa-yoqmasa kitoblar tavsiya qilaman. Mutolaadan topadigan huzurni ta’riflab bera olmayman. O‘qing, o‘zingiz his qiling. Faqat asl asarlarni tanlay bilsangiz bo‘lgani.

Yaqin o‘tmishimiz bo‘lgan gullab-yashnagan sovet adabiyotidan sanoqli asarlargina bugungi kunimizga qadar qimmatini saqlab qoldi. Davrni madh etgan, uning talabidan kelib chiqib yozilgan asarlar o‘z-o‘zidan eski buyum kabi e’tibordan qoldi.

Ikkinchi jahon urushi aks etgan asarlarning hisobi yo‘q. Bular o‘zbek adabiyotida ham talaygina. Bugun faqat bir asar xususida to‘xtalishni, uni sizga tavsiya qilishni lozim topdim. Bu asarni ehtimol ko‘pchilik o‘qigandir. Chunki biz yoshlikda uni talashib-tortishib o‘qiganmiz, to‘lib-toshib bir-birimiz bilan qahramonlari xususida bahslashganmiz.

Bu kitob menga o‘sha olis yoshlikni, keng dalalarni, fasllar iforini, qalblari billurdek toza qora-qura dugonalarimni yodga soladi. Ehtimol, ko‘nglimga yozish ishqini ham shu kitob solgandir. Qaysi kitob ekan, deb qiziqyapsizmi? Marhamat, bu – O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekiston Qahramoni Said Ahmadning «Ufq» trilogiyasidir.

Aziz o‘quvchi, men adabiyotshunos emasman, men adabiyotni sevaman, she’riyatdan huzurlanaman, meni targ‘ibotchi deb bilishingizni istardim. Millatning buyukligini, uning o‘ziga xosliklarini, olijanob qalbini yozmishlarida yuksak mahorat bilan aks ettirgan adiblarimiz asarlarini targ‘ib qilishni istayman. Ulug‘lar targ‘ibotga muhtoj emaslar! Biroq mening nazarimda ko‘pchilik mutolaada ham zavq borligini unutgandek, kitoblardan uzoqlashgandek tuyuladi.

«Ufq» nimasi bilan bizga qadrli bo‘lgan? Unda muhabbat, sevgi bor. Unda inson matonati, buyuk xalq qudratini his qilganmiz.

Kitobning kichikkina taqrizida shunday yozilgan: «Trilogiya XX asr millat hayotining o‘n yillik davri – Ikkinchi jahon urushi, urush va urushdan keyingi yil voqealarini o‘z ichiga oladi. Trilogiyada o‘sha yillari xalq boshiga tushgan musibatlar, odamlar ko‘ksidagi armonlar, yozuvchi iste’dodiga xos ehtiros, zo‘r ilhom bilan aks ettirilgan. Asarda Nizomjon, Ikromjon, Jannat, Azizxon, Dildor, Asrora kabi teran, xalqchil, yorqin milliy obrazlar yaratilgan».

Kitob dastavval sizni unchalik ham o‘ziga tortmaydi. Bir tantiq, erka bola, uni jondan sevadigan, sovuq shamolni ham ravo ko‘rmaydigan ona, arzanda o‘g‘lidan qattiqroq norizo ham bo‘lmaydigan mehribon va mehnatkash ota… Noto‘g‘ri gapirdim, shekilli? Yo‘q, bolasini ko‘r-ko‘rona sevadigan oddiy ona emas, u. O‘qiymiz: «Shu o‘g‘il ularning bitta-yu bitta farzandlari. Jannat etti bola tug‘di. Turmadi. Shu bittagina Tursunboy ularning quvonchi bo‘lib o‘sardi. Bolaga ular shamolni ham ravo ko‘rmasdilar.

…Ular arzanda bolalarini ana shunday, butun umrlarini, rohat-farog‘atlarini bag‘ishlab o‘stirishgan edi. Zero, ularning rohatlari ham, farog‘atlari ham shu bolaning dard ko‘rmay o‘sishi-yu, ko‘z oldilarida yurishi edi. Agar Tursunboyni sal isitma olib qolsa, er-xotin uyqu nimaligini unutishar, boshidan nari ketisholmasdi. Tursunboyning sal notob bo‘lishi ikkovini ham oyoqdan yiqitardi».

Ana shu rohat-farog‘atlari ular boshiga misl­siz azoblar ham soldi. Onani aqldan ­ozdirdi, ota qaddi bukildi.

Trilogiyada xalqimizning front ortida amalga oshirgan ulkan ishlari, muruvvati, saxovati, bebaho insoniylik fazilatlari yorqin bo‘yoqlarda aks etgan. Ikkinchi jahon urushi frontlarida o‘zbek o‘g‘il-qizlari ham matonat va jasorat namunalarini ko‘rsatdilar. Kitobda ular obrazi yaratilgan. Jo‘mard polvonlar, pokdomon ayol-qizlarni ko‘ramiz.

«Urushning nimaligini Ikromjon yaxshi biladi». U urushdan qo‘ltiqtayoqda qaytdi. Bundaylar ko‘p edi. U qo‘ltiqtayoqda bo‘lsa ham yura olardi. Yura olmaydigan, «samovar» deyiluvchi toifa ham bor edi… qo‘lsiz, oyoqsiz…

Urush haqida ko‘p yozilgan. Urushning dahshatli haqiqatlari esa oradan bir necha o‘n yillar o‘tib chiqa boshladi. Men adabiyotimizda «samovar»lar haqida yozilgan hech narsani o‘qimadim. Evakuatsiya qilingan Volgabo‘yi nemislarining ochdan o‘lmaslik uchun yana bir ochdan o‘lgan go‘dak etini eyishga harakat qilganlari yozilgan xotiralarni o‘qiganman… Biroq «samovar»lar haqida o‘qimadim.

Keling, «Ufq»qa qaytamiz.

O‘qiymiz: «Otalar o‘z bolalarini dunyodagi bolalarning eng zo‘ri, eng xushbichimi, deb bilishadi». Agar, bu so‘zlarni ayol adib yozganida «shunday o‘ylasharkanmi», deb ikkilangan bo‘lardim. Bu so‘zlarni ota adib yozgan, unga ishonmaslik mumkin emas.

O‘qiymiz:

«–Ummatalining Azizxoni ham ketdi, degin? Cho‘kib qopti bechora Ummatali… Aytmoqchi, Qo‘chqorning o‘g‘li mendan oldin ketgan edi, xat-xabar bormi undan?

– Qishda qoraxat kelgan. Aza ochishdi.

Ikrom bir nafas jim qoldi. Keyin yana so‘radi:

– Olimdan-chi, Olimdan xabar bormi?

– Yarador bo‘lgan ekan, bir oycha turib ketdi.

Ikromjon yog‘och oyog‘ini chiqarib qo‘ygan edi, surilib borib ayvon ustuniga tirab qo‘ygan qo‘ltiqtayog‘ini tushirib yubordi.

…O‘z oyog‘i bilan uydan chiqib ketib eri yog‘och oyoqqa suyanib kirib keldi. O‘g‘li nima bo‘ladi? Omonmikan? Butun qaytarmikan? Shu uylarda to‘y-tomosha bo‘larmikan? Bolasini kuyovlik sarposida ko‘rarmikan?»

Bir parchagina. Ulkan trilogiyaning bir parcha qismi, bu suhbat. Bir betning uchdan bir qismi ham emas. Biroq shu parchada dahshatli urushning fojiasini, yurtimizdan olislarda kechgan urushning, bugun faqat bir millatgagina tegishli bo‘lib qolgan urushning fojiasini ko‘ramiz.

Asarda asosiy bo‘lmagan yana bir obraz bor. Bu Melivoy raisning oltinsochli qizi Shura. Tanishamiz: «Melivoy akaning ikki qizi, bir o‘g‘li bor ekan. Qizlari chiqib ketgach, o‘g‘li bilan qoladi. Urush avjiga chiqqan paytda Marg‘ilonga tushib, front tarafdan kelgan ota-onasiz qolganlardan shu qizni olib keladi. Shura o‘shanda o‘n to‘rt yoshlarda edi. Ozib-to‘zib ketgan, rang-ro‘yi bir holatda edi. Melivoy akaning xotini uni yuvib-tarab sal kunda oyoqqa turg‘izib qo‘yadi…»

Bu oddiy so‘zlar emas. Bu millatimizning qiyo­fasi. Etimparvar o‘zbekning qiyofasi. Shuraga o‘xshaganlar qancha edi?! Eng qiyin damlarda ham ulug‘ insoniy tuyg‘ularini saqlab qolgan, yarimta kulchasini yotlar bilan bo‘lisha olgan millat ko‘rsatgan muruvvatiga, mehriga qanday javob oldi? «O‘zbeklar ishi» degan tavqi la’nat, «churka», «chyorniy», «gastarbayter» degan «lutf»lar bugun bizga juda tanish. So‘nggi yillarda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani ulkan as’asa-yu dabdaba bilan nishonlagan millat bir marta bo‘lsa ham o‘zbeklar sha’niga iliq gap aytdimi?!

Aziz o‘quvchi, agar sizga O‘zbekistonning urush yillaridagi hayoti qiziqarli bo‘lsa, men ishonaman, qalbi uyg‘oq har bir vatandoshimiz uchun yurt tarixi qimmatlidir, «Ufq» trilogiyasi ham ancha-muncha voqealarni o‘zida aks ettirgan. Uni bugungi kun nuqtai nazaridan qarab o‘qisangiz ham siz ko‘p narsalardan boxabar bo‘lasiz.

Yana o‘qiymiz: «O‘lim qursin, o‘lim! Bechora Melivoy otashda kuyib yotibdi. Bir o‘g‘il ediki, arslon derding. Shundoq bola o‘qqa uchib ketdi».

Front ortidagi mashaqqat ham urush maydonlaridagidan qolishmasdi. Qoraxatlar, mayib-majruhlar, ocharchilik, sarson-sargardonliklar, haq to‘lanmagan og‘ir mehnat, bir yutum atala ilinji… Bularning barini xalqimiz boshidan kechirdi. Bular kitoblarda tarix bo‘lib qoldi.

Bu kitob haqida taassurotlarimiz bir sahifaga sig‘maydi.

«Yigirma bir yil surgan eng ezgu o‘ylari, har soatini baxt tilab o‘tkazgan kunlari shu kecha tugaganday. Ikromjon adoyi tamom bo‘lgan edi. U bir kechadayoq qarib qolganga o‘xshardi».

Bu bir kecha qanday kecha ekanligini bilishni istaysizmi?

«Ikromjonning bag‘rini kuydirayotgan alam bu poyonsiz to‘qaylarga, oy nuri ojiz yoritib turgan so‘ngsiz cho‘llarga sig‘masdi…»

So‘ngsiz cho‘llarga sig‘magan alam nimaligini-chi, bilishni istaysizmi?

«Qalbi vayron bo‘lgan, umidlari sovun ko‘pigidek sassizgina o‘chgan onaning xayollari so‘ngsiz edi. Samarasiz edi…»

«U yagona farzandidan umid uzolmay, uning baxtini ko‘rolmay armon bilan chodirda jon bergan edi».

Ko‘rinmas otashda yonib ado bo‘lgan ona qissasini bilishni istaysizmi?

«Qamish yonyapti…»

Bu qanday qamish edi? Yonsa yonar… Yo‘q, bu oddiy qamish emas…

Bilishni istaysizmi? Unda «Ufq»ni o‘qing! Bu kitob javoningizning eng yaxshi javohiri bo‘lishiga ishonaman.

Inobat NODIRSHOHOVA