Jangovar bo‘linmalarning harakatchanlik, o‘zini o‘zi boshqarish darajasini oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan murakkab mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning har xil usullarda shaxsiy tarkibni o‘quv-jangovar vazifalarni sifatli amalga oshirish, soha bo‘yicha yangi usul, uslublarni o‘zlashtirish va tajriba almashishida, mamlakatimiz xavfsizligiga qarshi qaratilgan har qanday tahdid va xatarlarga qarshi tezkor hamda samarali javob berish qobiliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Urganch garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida jiddiy sinov mashg‘ulotlari o‘tkazilib, unda bo‘linmalarning o‘quv yili davomida egallagan nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari tekshiruvdan o‘tkazildi. Shuning­dek, dala-o‘quv maydonida batalьon shaxsiy tarkibi tomonidan jangovar texnika va o‘qotar qurollar yordamida amaliy jangovar taktik o‘quvi bo‘lib o‘tdi.

Erta tongda harbiy okrug boshqaruv apparatidan kelgan xabarga ko‘ra, harbiy qismda «Trevoga!» signali e’lon qilinib, bo‘linmalarni yuqori jangovar shaylik holatiga keltirish bo‘yi­cha belgilangan barcha elementlar bajarildi. Xususan, shaxsiy tarkib ogoh etilib, bo‘linmalar jamlanish maydonida qisqa vaqt ichida saf tortdi. Texnikalar o‘quv-jangovar vazifalarni bajarishga tayyor holatga keltirildi.

Ekipajlar shay holatga keltirilgan jangovar texnikalardan joy egallab, safarga chiqish uchun barcha talablarni bajarishdi. Bir necha daqiqalarda jangovar va harbiy texnikalar harbiy qism hududini tark etib, Urganch garnizoni dala-o‘quv maydoni tomon yo‘l oldi. Uzoq masofaga marsh holatida yurgan harbiy texnikalardan iborat kolonna Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasining post-patrulь xizmati hamda Nukus garnizoni harbiy avtomobilь nazorati inspektsiyasi xodimlari tomonidan boshqarilib, olis manzil tomon eltuvchi yo‘llarda ogohlik va hushyorlik ta’minlandi.

O‘quv mashg‘ulotini maksimal darajada real vaziyatga yaqinlashtirish maqsadida yo‘nalish marshrutida qo‘qqisdan shartli ravishda omma­viy qirg‘in qurollari hamda portlovchi moddalar qo‘llanildi. shartga ko‘ra, bo‘linmalar kolonna bo‘lib marsh harakatini o‘tkazib, dala-o‘quv maydoniga etib kelishdi hamda qo‘shinlar joylashuvi va qo‘riqlovni tashkil etdi.

Ertasi kuni tongdan batalьon shaxsiy tarkibi jangovar texnikalar bilan taktik mashg‘ulotning amaliy o‘q otish qismi o‘tkazilayotgan hudud tomon yo‘l olib, pozitsiyalarni egalladi.

Maydonda qad ko‘targan turli hajm va shakl­dagi nishonlar o‘qotar qurollar va jangovar texnikalar yordamida berilgan zarbalardan tez fursatda birin-ketin yakson etildi.

Mayor Timur NARZIYEV,

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig‘i