O‘tganlarni xotirlash, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan insonlarni qadrlash azaldan ma’naviy hayotimizning ajralmas bir qismi bo‘lib kelgan. Bu yil dunyoning ko‘plab davlatlarida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yil­­­­­ligi keng nishonlanadi va bu ­borada O‘zbekistonda ham ko‘plab e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

E’zoz

O‘zbekiston Respublikasi ­Prezidenti Shavkat Mirziyoev parlamentga qilgan Murojaatnomasida urush yillarida xalqimizning jang­gohlarda va front ortida ko‘rsatgan jasoratiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ikkinchi jahon urushi va g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shgan har bir faxriyga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi hamda Yunus­obod tumani mudofaa ishlari bo‘limi harbiylari Ikkinchi jahon urushi qahramoni 98 yoshli Muxtor Rasulov xonadoniga tashrif buyurib, otaxonga esdalik sovg‘alarni topshirdilar.

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandasi Boburjon Xudoyqulov tomonidan ijro etilgan qo‘shiq Muxtor ota Rasulovga bayramona kayfiyat ulashdi. Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi tibbiyot xodimlari esa urush faxriysining sog‘lig‘ini nazorat qilib, kerakli tavsiyalarni berdi.

O‘z navbatida Muxtor ota Rasulov mehmonlarga o‘zining Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq xotiralarini so‘zlab berdi…

14 yoshda boshlangan sayohat

…1922 yilning 25 dekabrida Farg‘ona shahrining Chekshura mahallasida tug‘ilganman. Oilamizdagi qiyin sharoit tufayli bolaligimning 8 yilini Mehribonlik uyida o‘tkazib, mashhur adib Asqad Muxtor bilan birgalikda katta bo‘lganman. Mehribonlik uyida 7-sinfni a’lo baholarga tugallab, Boku – Tbilisi – Moskva – Toshkent bo‘ylab sayohatga bordim.

Texnikumda o‘qish bilan birga Parkentdagi Changihisorak qishlog‘i maktabida o‘qituvchilik qildim. 18 yoshga to‘lmasimdan armiyaga safarbar etishdi. 1940 yilda bir guruh o‘zbekistonlik yoshlar bilan Toshkentdan Voronej aviatsiya bilim yurtiga o‘qishga jo‘natildik. Don daryosi yoqasida joylashgan mazkur bilim yurtida o‘sha paytda bombardimonchi samolyotlarni boshqaradigan kadrlar tayyorlanardi. 3 yil o‘qitilishi kerak bo‘lgan guruh urush boshlanishi munosabati bilan 7 oydan keyin Markaziy frontning Morshansk portiga, Smolensk yo‘nalishidagi jang­larga yuborildik.

Yuzdan ortiq Jangovar parvozlar

Harbiy qismimiz 2-havo qo‘shinlari armiyasi, 219-bombardimonchi diviziyasi, 6-aviapolkiga qarashli bo‘lib, Markaziy va 1-Ukraina frontida dushmanga qarshi kurash olib bordik. Ekipajimiz a’zolari Nikolay Turchenko, Sergey Erofeev bilan birgalikda dastlab SB, keyinchalik PE-2 bombardimonchi samolyotlarida yuzdan ortiq jangovar razvedka parvozlarini amalga oshirdik.

Birinchi parvozimiz hech qachon  yodimdan chiqmaydi. 9 ta samolyotdan iborat eskadrilьyamiz – uchtadan oldinda, uchtadan yon tomonlarda harakatlanib, dushman kolonnasini yakson etishga otlandik. Dushman kolonnasi juda katta bo‘lganligi sababli, zveno-zveno bo‘lib hujumga o‘tdik. Dastlabki bombalarni uloqtirib, ikkinchi hujumni bosh­lash paytida dushmanning to‘rtta qiruvchi messershmitti paydo bo‘ldi. Ular bizga qarata pulemyotlardan tinimsiz o‘q yog‘dirishdi. Yonimizda uchayotgan samolyotdan tutun chiqa boshladi. Shu vaqt bizga ikkita qiruvchi samolyotimiz yordamga etib keldi. 78 daqiqa davom etgan jangda ikki ekipajimizni yo‘qotgan holda aerodromga qaytdik.

Razvedka parvozlarida 50 – 60 kilometr dushman hududiga kirib borardik va buni uchuvchilar tilida «osmon ovi» deb atardik. Ana shunday razvedka topshiriqlarini bajarishda dushmanning uchta messershmittini urib tushirganman.

 

«Parashyutli Granata» ­G‘oyasi

Janglarda bizning samolyotlarimiz ham shikastlanib turardi. Biz yangi samolyotlarni Qozon shahridan olib kelardik. Bir safar Qozonga qozog‘istonlik Ribakov degan o‘rtog‘im bilan bordim. U erda konstruktorlarga samolyotga parashyutli granata o‘rnatishni maslahat berdim. Ular «Sizga bu pexotami?» deb kulib yuborishdi. Men bu bilan orqadan ta’qib qilayotgan dushmanni cho‘chitish, hatto havoda ma’lum muddat muallaq turadigan parashyutli granata yordamida yakson qilish mumkinligini aytdim. «Ajoyib g‘oya! Bu haqiqatga juda yaqin va qulay vosita bo‘ladi», degan holda keyinchalik samolyotlarga parashyutli granatalar uloqtiradigan moslama o‘rnatishdi. Adashmasam, Praganing Ratibor shaharchasi osmonida bo‘lgan jangda shu moslama yordamida bitta dushman samolyotini yakson qilgandim. Kutilmaganda fashistlarning sakkizta qiruvchi samolyoti hujumga tashlandi. Guruhimiz ikkita qiruvchi va bizning razvedkachi bombardimonchi samolyotdan iborat edi. Shunda ortimizdan ergashgan dushman qiruvchisiga to‘rtta granata uloqtirdim. Ta’qib qilayotganlardan biri portlab ketdi. Ikkinchisi esa juftakni rostladi. Dushman hujumini muvaffaqiyatli bartaraf etganim uchun «Jasorati uchun» medali bilan taqdirlandim.

 

«Rasulovga Shon-sharaflar bo‘lsin!»

Lьvov, Krakov, Vrotslav yo‘nalishida ekipajimiz bilan 35 marta jangovar parvozni amalga oshirdik. Shulardan 17 tasi razvedka parvozlari edi. Bombardirovka parvozlarida dushmanning 12 ta esheloni, 80 ta avtomashinasi va ko‘plab piyoda askarlarini yakson qildik. Bu xizmatlarim uchun II darajali «Shon-shuhrat» ordeni bilan mukofotlandim. Oradan ko‘p o‘tmay III darajali «Shon-shuhrat» ordeni bilan ham taqdirlandim.

Shuningdek, Praga, Berlin shaharlarini fashizmdan ozod qilishda qatnashdim. Marshal Konev topshirig‘iga binoan Berlinga hujum tashkillashtirilishidan oldin sheriklarim N. Turchenko va S. Erofeevdan iborat ekipaj shaharga birinchi bo‘lib uchib kirdik. Potsdam shahri, Reyxstag maydoni uzra olingan razvedka fotosurati uchun Konev bizga shaxsan o‘zi tashakkurnoma bildirgan. Ertasiga diviziya shtabi peshtoqida «Berlinga birinchi bo‘lib uchgan qahramonlar – Rasulov, Turchenko va Erofeevga shon-sharaflar bo‘lsin!» degan plakat o‘rnatishgan.

1945 yil 8 may kuni osmonidagi Praga yaqinidagi Routnitsa rayonida Elьba daryosi ko‘priklari va kechuv hududlarini razvedka qilib qaytish paytida bizni ikkita messershmitt (Me-109) ta’qib qila boshladi. Bizni ikki nafar Yak-9 himoya qilib borardi. Ortimizdan ergashgan dushman samolyotini pulemyotdan o‘q uzib, urib tushirgandim. O‘shanda diviziyamizdagi do‘stlarim «Bu sening urushdagi g‘alabamiz uchun sovg‘ang bo‘ldi», deb maqtab qo‘yishgan.

Otamning akalari Karimjon, ­Sobirjon va Mo‘minjon amakilarim va tog‘am ham urushda qatnashgan. Ularning eng kattasi – Karimjon amakim omon qaytmadi. Tog‘am bilan xat yozishib turardim. Bir safar komandirlarimdan ruxsat olib, tog‘amning oldiga borib keldim. Ikkalamiz frontda diydorlashib, osh damladik. Undan avval O‘zbekistonga qaytganim uchun uyidagilarga tog‘amdan sovg‘a-salomlar keltirganman.

Urushdan keyingi hayot

Urushdan so‘ng Xalq xo‘jaligi ins­titutiga o‘qishga kirdim. 1945 yil noyabrь oyida otamning tanishlaridan birining qizi Sanobarxonga uylandim. Sanobarxon bilan urushdan oldin pedtexnikumda tanishib qolgandik. Turmush o‘rtog‘im bilan to‘rt o‘g‘ilni voyaga etkazib, hammasini oliy ma’lumotli qilib tarbiyaladik.

P/S. Starshina Muxtor Rasulov jang­larda ko‘rsatgan qahramonlik­lari uchun II va III darajali «Shon-shuhrat», II darajali «Vatan urushi» (2 marta) ordenlari va ko‘plab medallar bilan taqdirlangan. Reyxstag binosiga uyushtirilgan razvedka parvozi uchun I darajali «Shon-shuhrat» ordeniga tavsiya qilingan. Ammo ayrim sabab­larga ko‘ra Muxtor Rasulovga ushbu orden berilmagan.

Muxtor bobo Rasulov urushdan keyin turli rahbar lavozimlarida elimizga xizmat qildi. Iqtisod fanlari doktori, professor Muxtor Rasulov nafaqada bo‘lishiga qaramay, yaqin-yaqin kunlarga qadar yoshlarga saboq berib keldi.

 

Asror RO‘ZIBOYEV