Gapni nimadan boshlashga ham hayronman. Taassurotlar ko‘p. Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida bo‘lib o‘tadigan tadbir rejasidan xabardor edim, albatta. Biroq meni o‘ylantirgan narsa shuki, Ikkinchi jahon urushining tamom bo‘lganiga 75 yil to‘layotgan bir pallada uch nafar urush qatnashchisining bilim yurti dala-o‘quv maydonida bo‘lishi, yana deng, jangovar mashinalarda o‘tirishi… Bugun ularning har biri yuz yoshga qarab ketyapti. Ular albatta, muzaffar jangchilar, biroq ko‘pchiligi birovning ko‘magisiz yurolmaydi-da.

Bekorga tashvishlangan ekanman. Kun juda yaxshi o‘tdi. Ayniqsa, 97 yoshli Vasiliy Mixaylovich Juchkov uncha-muncha yoshlarni ortda qoldiraman deydi-ya. Ko‘z tegmasin: juda tetik, bardam.

Tadbir maqsadini aytishni unutay debman. Bilim yurti boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Isroil Sobirov shunday izohladi:

– Ikkinchi jahon urushi qatnash­chilari – Ivan Balabay, Nikolay Kudenov, Vasiliy Juchkov sobiq tankchilar. Fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan ular ishtirokida professional darajada bo‘lmasa-da hurmat-ehtiromimiz ramzi bo‘lgan bir necha daqiqali filьm yaratishni maqsad qilganmiz. Komandir, aloqachi, o‘qchi uchligi asosida. Buni yoshlik bilan uchrashuv, deyish ham mumkin.

Bilmadim, filьm qay darajada muvaffaqiyat qozonadi? Biroq har uch inson bu kun uchun tashkilotchilardan minnatdor ekanliklarini qayta-qayta takrorladilar.

Faxriylarni o‘quv maydonida kursantlar «Tankchilarga shon-sharaf!» deya jangovar salom bilan qarshiladilar.

«Charchab qolmadingizmi?» degan savolimizga Nikolay Kudenovning javobi shunday bo‘ldi:

– Eng yaxshi kun bo‘ldi. Juda xursandman. Yoshlikka qaytgandekman…

Vasiliy Juchkov

Bu inson bilan suhbatlashish biroz mushkul. Yillar o‘z hukmini o‘tkazgan. Qulog‘i og‘irlashib qolgan. U Farg‘onada tug‘ilib o‘sgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin yurtga qaytib, uzoq yillar temir yo‘lda mashinist bo‘lib ishladi. Qachonlardir u bosh­qargan parovoz hozir temir yo‘l muzeyiga qo‘yilgan.

Farg‘ona haqida so‘z ketganida qariyaning ko‘zlari charaqlab ketadi. Shu kuni faxriyga qizi Elena Vasilьevna hamrohlik qildi. U otasi haqida shularni gapirib berdi:

– Biz oilada uch farzand ulg‘aydik. Taqdir taqozosi bilan opam, akam Rossiya Federatsiyasida yashab qoldi. 2015 yilda onam olamdan o‘tdi. Shundan keyin otam yolg‘izlanib qolmasligi uchun Chirchiqda biz bilan birga yashashga ko‘ndirdim. Farg‘ona otam uchun, biz uchun ham aziz shahar. Bu shahar onamning so‘nggi manzili bo‘ldi. Otam birmuncha vaqt opamning oldida – Kaliningrad viloyatida bo‘ldi. Men quyoshni yaxshi ko‘raman, quyoshli yurtimga ketaman, deb ko‘p o‘tmay yana qaytib keldi. U ba’zan urush haqida ko‘p gapiradi. O‘sha kuni darhol sog‘lig‘ida o‘zgarish bo‘ladi. Kursantlar huzuriga sevinch bilan keladi. Odamlar orasida bo‘lishni yoqtiradi. Katta qurilishlar boshlanib, Farg‘onada biz tug‘ilib o‘sgan uylar buzilib ketdi. Buni otamga aytmadik. Ko‘ngli buziladi. Mahallaning bir qismi saqlanib qolgan. Akam Yuriy otamni xursand qilish maqsadida biz yashagan joylarni videotasmaga olib, otamga sovg‘a qilgan edi. Uni tomosha qilayotgan otam shu qadar jonlanib ketdiki: «Mana-mana, bizning mahalla, shu ko‘chadan biroz yurilsa, uyimiz chiqadi… nega to‘xtab qoldi?» Afsus. Uyimiz allaqachon buzilib ketganini bilmaydi. Akam o‘zini go‘llikka solib: «Bilmadim, o‘chib ketibdi-ya», deb qo‘yaqoldi. Otamning kayfiyatidan asar qolmadi, negadir yosh boladek yig‘lab yubordi.

«Buni, albatta, yoz!»

– 1943 yilda urushga kirganman, – deydi Ivan Semyonovich Balabay. – Ukrainaning Xarьkov shahrida tug‘ilganman. Otam kolxozlashtirish yillarining faoli bo‘lgani uchun uni dushmanlari zaharlab o‘ldirdi. Uch bola edik. Avval singilcham olamdan o‘tdi, keyin ukam. Onam ham g‘amlarga bardosh berolmay vafot etdi. O‘shanda etti yoshda edim. O‘ta mashaqqatli, og‘ir kechdi, bolaligim. Nemislar Xarьkovni egallab olganidan keyin katta qirg‘in boshlandi: yahudiylar qatorida bolalar, ayollarni ham otdilar. Biz esa qariyb qurol-yarog‘siz edik… Ko‘p narsalarni boshdan kechirdim. Gapirib tugatish qiyin. Bilasanmi, men Prezidentimiz bilan uch marta uchrashganman. Qo‘limdagi mana bu soatni davlatimiz rahbari sovg‘a qilgan. Men har oyda yangi kiyim-kechak olaman, bepul beriladi. Buni, albatta, yoz! Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan juda xursandman. Bugungi kun uchun bilim yurti jamoasidan minnatdorman.

«Men samarqandlikman»

Yana bir urush faxriysi Nikolay Kudenov hamshira Aziza Bekibaeva kuzatuvida keldi. U Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi bo‘lganligi uchun Chirchiq shahar sog‘liqni saqlash bosh­qarmasi tomonidan ikki hamshira uning salomatligi uchun doimiy nazorat olib boradi.

– Ertalab uylariga kelsam, meni juda xursand kutib oldilar, – deydi hamshira Aziza Bekibaeva. – Sevinganlaridan hatto qon bosimlari ko‘tarilib ketibdi. Darhol kerakli dorilarni berdim. Bugun Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga taklif qilishdi, biz haqimizda filьm olinar ekan, dedilar suyunib. Bu inson bilan vaqt qanday o‘tganini sezmay qolaman. Sayrga olib chiqqanimda shahardagi qurilishlarda ishtirok etganlarini, o‘zlari qurgan uylarni, ayrim binolar tarixini so‘zlab beradilar. Urush haqida so‘ramaslikka harakat qilaman. Etimlikda o‘tgan yillarini, dahshatli ocharchiliklar haqida gapirib beradilar. Ayrim xotiralari qayg‘uli ertakka o‘xshaydi.

– Kursantlar dala-o‘quv maydonini ko‘rib, yoshligim yodimga tushdi, – deydi biz bilan suhbatda Nikolay Kudenov. – Bu erlar men uchun juda qadrli. Bugungi jangovar mashinalar urush yillaridagi mashinalardan ancha-muncha qudratli. Bu erda yoshligimni ko‘rdim, desam bo‘ladi. Urushga kirganimda 17 ga to‘lib-to‘lmagan edim. Etti yil harbiy xizmatda bo‘ldim. Urushdan keyingi yillarda samarqandlik Oston Narziev degan yigit bilan aka-ukadek bo‘lib ketdik. Etimlikda o‘sganman. Harbiy xizmatdan keyin tayinli boradigan joyim ham yo‘q edi. Meni hech kim kutmayotgandi. Do‘stim bilan Samarqandga, uning uyiga birga qaytdik. Ular bilan birga yashadim. Oston traktorchilik qila boshladi. Men tankdan keyin traktor boshqarishni istamadim. Ekskavatorni tanladim. Yashagan joyim Charxin deb ataladi. Men o‘zimni samarqandlik deb bilaman. Etim o‘sganim uchun ta­yinli hujjatlarim ham yo‘q edi. Shu erda ayrim hujjatlarimni tayyorlab berishdi. Ancha yil avval Oston do‘s­tim olamdan o‘tdi. U va oilasi ko‘rsatgan insoniylik uchun bir umr minnatdorman.

Oqibat

Shu kuni vaqt juda tez o‘tgandek tuyuldi. Filьm muvaffaqiyati ustalariga havola. Biz esa shu kuni faxriylarimizga hamrohlik qilgan insonlar haqida biroz to‘xtalmoqni lozim topdik.

Podpolkovnik Bahrom Mirzaak­barov boshchiligida kursantlar Abdullajon Nabiev, Umid Yangiboev, Jahongir Eshboltaev faxriy mehmonlarga tongdan kechgacha parvona bo‘ldilar, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun faxriylarimiz kuzatuvchilari orasida tibbiyot xizmati vakillarini ko‘rish yangilik emas. Shu kuni felьdsher kichik serjant Nargiza Mirzaxolova kun davomida ularning yonida bo‘ldi. Ko‘klam, yasharayotgan olam, kengliklar, qud­ratli jangovar mashinalar, harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rsatilgan ehtirom ularning salomatligiga, kayfiyatiga ijobiy ta’sir qilganiga shubha yo‘q.

Kechga yaqin ancha salqin tushdi. Ketish taraddudida turgan mo‘’tabar keksalardan biriga avaylabgina issiq kiyimini kiygizayotgan kursant Jahongir Eshboltaev e’tiborimni tortdi. U xuddi eng qadrli odamiga mehr ko‘rsatayotgandek edi. Bir qarashda ularni bir-biriga begona deb bo‘lmasdi. Bunday holatga har doim ham guvoh bo‘lavermaysiz.

O‘g‘lonni sekin chekkaga tortib so‘radim: «Uyda bobong, buving bormi?» Mening nazarimda bobo-buvilar tarbiyasini ko‘rgan bolalarda mehr-oqibat kuchliroq bo‘ladi. Taxminim to‘g‘ri ekan. Kursant yigit qariyalar mehriga qonib ulg‘aygan va bu mehrni boshqalarga ham ulashayotgan edi!

Ko‘zlarimiz quvonchi bo‘lgan shunday o‘g‘lonlarimiz bor bo‘lsin! Millat o‘g‘illarini Alloh panohida asrasin va hamisha muzaffar qilsin!

Inobat IBROHIMOVA,

«Vatanparvar»