Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy tibbiyot fakultetining tashkil etilganiga 8 yil bo‘lyapti. Fakultet Qurolli Kuchlar uchun harbiy-tibbiy kadrlarni tayyorlab beruvchi yagona harbiy ta’lim muassasasi bo‘lib, qo‘shinlar tibbiy ta’minotini takomillashtirishga, harbiy tibbiyot fani rivojlanishiga hamda mamlakat mudofaa salohiyatini oshirishga salmoqli ulush qo‘shib kelmoqda.

Hozirgi kunda fakultetda qo‘shinlarning tibbiy ta’minlanishini tashkil qilish, harbiy-dala jarrohligi, harbiy-dala terapiyasi, umumharbiy tayyorgarlik hamda harbiy gigiena va epidemiologiya, toksikologiya, radiologiya va tibbiy muhofaza kursi kafedralari faoliyat yurityapti.

Fakultet professor-o‘qituvchilari o‘tgan yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari uchun harbiy shifokorlar, rezerv va zaxiradagi tibbiy xizmat ofitserlarini tayyorlash hamda Qurolli Kuchlar tibbiy xodimlarining malakasini oshirish  va qayta tayyorlashda samarali ishlarni amalga oshirdi. Shuningdek, harbiy-tibbiy sohada ilmiy izlanishlar olib borishmoqda.

8 yil bir qaraganda qisqa fursat, biroq Harbiy tibbiyot fakulteti jamoasi boshchiligida shu kunga qadar harbiy shifokor mutaxassisligi bo‘yicha 213 nafar bakalavr tayyorlandi. Hozirda ular Qurolli Kuchlar tizimining barcha bo‘g‘inlarida faol xizmat qilib kelyapti.

Zaxira va rezervdagi ofitserlarni tayyorlash kursida Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Toshkent farmatsevtika instituti talabalari safidan quruqlikdagi qo‘shinlarni davolash ishi, stomatologiya, umumiy epidemiologiya, umumiy gigiena va farmatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha 1 283 nafar zaxira va rezervdagi tibbiyot xizmati ofitseri tayyorlandi.

Har yili ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha 90 nafar zaxiradagi tibbiy xizmat ofitseri tayyorlanadi.

Qurolli Kuchlar tibbiyot mutaxassislarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash kursida esa, hozirgacha jami 1 727 nafar mutaxassis o‘z malakasini oshirdi.

O‘z navbatida fakultet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash borasida ham salmoqli ishlar olib borilmoqda. Ular reja asosida Toshkent tibbiyot akademiyasi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlarida o‘z malakalarini oshirmoqda.

Harbiy tibbiyot sohasida ilmiy izlanishlar olib borish fakultet oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Bu o‘qitish sifatini oshirish, yangi innovatsion g‘oyalarga yo‘l ochish, o‘z navbatida harbiy tibbiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Bu borada fakultetda qo‘yidagi yo‘nalishlarda:

Qo‘shinlar tibbiy ta’minotini tashkil etish kafedrasida qo‘shinlar bo‘g‘inida ishlab chiqiladigan me’yoriy hujjatlarning ilmiy asoslangan namunalarini ishlab chiqish;

Harbiy-dala jarrohligi kafedrasida gospitalga qadar jarrohlik yordamini tashkil etish;

Harbiy-dala terapiyasi kafedrasida harbiy xizmatchilarning yosh ko‘rsatkichlarining harbiy xizmatga ta’sir etishi hamda harbiy ta’limdagi muammolar va ularning echimlari kabi mavzularda ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Biz Harbiy tibbiyot fakultetida bo‘lganimizda mana shu masala bilan qiziqdik.

– Fakultet professor-o‘qituvchilarining 12 foizini ilmiy daraja va unvonga ega bo‘lgan pedagogik-kadrlar tashkil etadi. Ayni damda ham professor-o‘qituvchilarimiz bir qator yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlar olib borishyapti, – deydi Harbiy tibbiyot fakulteti dala-jarrohlik kafedrasi boshlig‘i tibbiy xizmat polkovnigi Nosir Fozilov. – Xususan, 9 nafar pedagog xodim mustaqil izlanuvchi sifatida Respublika sanitariya-gigiena ilmiy tekshirish instituti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti bazalarida ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. Masalan, tibbiy xizmat podpolkovnigi Jamshid Qutliev «Turli iqlim sharoitlarida harbiy xizmatchilarning ruhiy, fiziologik va moslashuv imkoniyatlari, unga ta’sir etuvchi omillar» mavzusida, tibbiy xizmat podpolkovnigi Adil Kudayarov «18 – 27 yoshli harbiy xizmatchilarning salomatlik holatiga ijtimoiy-gigienik omillarning noxush ta’sirini baholash va profilaktik chora-tadbirlar ishlab chiqish» mavzusida, kafedra katta o‘qituvchilari podpolkovnik Hasanboy Kasimov «Harbiy pedagogika fani taraqqiyotida Sharq mutafakkirlari g‘oyalarining o‘rni va roli», podpolkovnik O‘tkir Akbarov «Oliy ta’lim muassasalari talabalarida (kursantlarida) fuqarolik madaniyatini shakllantirish texnologiyasi» mavzularida, podpolkovnik Temur Xoliqberdiev «Texnika oliy ta’lim muassasalari talabalarining harbiy-texnika kompetentsiyalarini rivojlantirish texnologiyalari» mavzusida, tibbiy xizmat podpolkovnigi Akrom Nurmuradov «IV-V yosh guruhidagi harbiy xizmatchilarning sog‘lig‘iga ta’sir etuvchi harbiy xizmatning omillari» mavzusida mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishmoqda.

Shuningdek, 2018 – 2020 o‘quv yillari davomida 8 ta ratsionalizatorlik takliflariga guvohnomalar olindi. Xorijlik tibbiyot mutaxassislari ishtirokida 20 dan ortiq ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazildi. O‘quv fanlari bo‘yicha 115 dan ziyod o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqildi. 100 dan ortiq ilmiy maqolalar xorijning nufuzli nashrlarida, xususan AQSh, Avstriya, Frantsiya, Germaniya, Rossiya, Ukraina, Belarus hamda respublikamizning bir qator jurnallarida chop etildi.

O‘tgan o‘quv yilida esa Amerika Qo‘shma Shtatlari Missisipi shtatining Milliy gvardiyasi tibbiyot mutaxassislari va Pokiston Islom Respub­likasi armiyasining diplomdan keyingi ta’lim harbiy-tibbiy institutining professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda mahorat darslari amalga oshirildi.

Ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash maqsadida fakultet bitiruvchilaridan 3 nafari rivojlangan chet davlatlarga yuborildi va ayni damda o‘sha erda tahsil olishmoqda.

Istiqboldagi rejalarimizga – to‘xtaladigan bo‘lsak, 2020/2021 o‘quv yilidan fakultetda «Harbiy-tibbiy tayyorgarlik» mutaxassisligi bo‘yicha magistrlarni tayyorlash rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda ushbu yo‘nalishda ishlar olib borilmoqda.

Biz Harbiy tibbiyot fakultetida bo‘lganimizda harbiy libosdagi bo‘lajak shifokor kursantlar nazariy saboqdan so‘ng oppoq libosda amaliyot xonasiga o‘tishdi. Bu erda kompyuterlashtirilgan o‘ndan ziyod  fantom va manekenlar bo‘lib, ular turli kasalliklar – yurak, o‘pka, qorin ichi organlari xastaliklari kabi inson organizmidagi bir qator kasalliklarning real holatiga yaqinlashtirilgan. Ushbu mashg‘ulot xonasida nafaqat fakultetda bilim olayotgan kursantlar, balki malaka oshirish va qayta tayyorlash, rezerv va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash kurslari tinglovchilarining nazariy bilimlari ham mustahkamlanib boriladi, amaliy ko‘nikmalari oshadi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy tibbiyot fakulteti faoliyati haqida uzoq so‘z yuritish mumkin. Xulosa sifatida shuni ta’kidlash joizki, fakultet jamoasini istiqbolda ulkan rejalar va yutuqlar qarshi olmoqda. Bu sharafli va zahmatli yo‘lda ularga omad tilaymiz.

Zulfiya YUNUSOVA,

«Vatanparvar»