Vatandoshlarimiz orasidan ilk bor Kolumbiya universitetining «Tenure track» pozitsiyasi, ya’ni umrbod professorlik lavozimiga Aziza Shanazarova qabul qilindi. Prezidentimiz Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tabrigida bu olima qizning nomini alohida tilga olib, «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlagani quvonchli voqea bo‘ldi.

Aziza «Female religiosity and gender history in pre-modern Central Asia» (O‘rta asrlardagi Markaziy Osiyoda genderlik tarixi va ayollar dindorligi) mavzusida AQShning Indiana – Blumington universitetida doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, ikkita yo‘nalishda – dinshunoslik va Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha PhD – falsafa fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. Rus, ingliz, nemis, frantsuz, arab, fors, polyak tillarini mukammal biladi. Hozirda AQShda istiqomat qilmoqda. 32 yoshda.
Biz yosh olimaning poytaxtda bo‘lgan payti u bilan suhbat uyushtirgandik.
– Suhbatni barchani qiziqtirgan savol bilan boshlasak. Prezidentimiz o‘z nutqida siz bilan faxrlanishini aytib, davlat mukofoti bilan taqdirladi. Ko‘pgina korxona va tashkilotlar AQShda oladigan maoshingizga teng shartnoma tuzishga tayyor bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda «kun kishi»siga aylandingiz. Shuncha e’tibor va imkoniyat nega sizni O‘zbekistonda olib qololmadi?
– Bilaman, bu ko‘pchilikning ko‘nglidagi savol (kuladi). Ammo hali hech qaysi jurnalist so‘ramagandi. To‘g‘risini aytsam, AQShda ilmiy ish bu erdagidan ko‘ra ancha farq qiladi. Agar u erdan batamom ishimni tugatib, O‘zbekistonda ish boshlasam, hozirgi natijani a’lo darajada davom ettirolmasligim mumkin, shuningdek, Vatanimizga AQShda turib ko‘proq xizmat qilaman. Negaki, Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib «Tenure track» pozitsiyasida professor bo‘ldim. U erda ilmga nisbatan talab va hurmat yuqori. Ya’ni biror soha bo‘yicha tadqiqot olib bormoqchi bo‘lgan kishi, biznikidek plagiatdan unumli foydalanmay, chin ma’noda ilm oladi. Afsuski, O‘zbekistondagi ba’zi oliy ta’lim muassasalarida haligacha ilmiy tadqiqotlar qilish uchun yaxshi sharoitlar yaratilmagan. Lekin qolmasligimga asosiy sabab bu emas. Hozir yangi bilimlar egallaydigan paytim, shunday imkoniyatdan unumli foydalanib qolishim kerak. Pittsburg universitetida hozirda Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi startaplar amaliyotga tatbiq qilinyapti. U erda ilmiy ishimni davom ettirish bilan bir qatorda dars berishda ham davom etaman. Oksford universitetida birinchi kitobim ustida izlanish olib borish niyatim bor.
– O‘quvchilarga bir o‘ringa 500 ta nomzod bo‘lgan Kolumbiya universitetining ilk o‘zbek professori «ilm yo‘li» haqida bilish qiziq…
– Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik meni xorijda tug‘ilgan yoki o‘sha erda ta’lim olgan bo‘lsa kerak, degan taxminlar qilishganidan xabarim bor. Aslida, toshkentlik oddiy qizman. Maktabni tugatib, litseyda tahsil oldim. Toshkent davlat sharqshunoslik institutida bakalavr va magistratura bosqichida o‘qiganman. Hali institutni tugatmasdan turib, Sharqshunoslik ilmiy-tadqiqot institutida ish boshladim. U erda qo‘lyozmalar bilan ishlashning siru sinoatini egalladim. Aynan shu dargohda olgan bilimlarim hozirgi erishgan yutuqlarim asosidir. Masalan, xorijda bizga arablar arab tilidan dars berardi, lekin mening Sharqshunoslik institutida arab tili grammatikasidan olgan saboqlarim ular bilan bahslashishga, hatto xatolarini to‘g‘rilashga etardi. Aytmoqchi bo‘lganim, agar dars va mashg‘ulotlar yaxshi o‘zlashtirilsa, qo‘shimcha tayyorlov kurslariga hojat qolmaydi.
Keyin esa AQShda Indiana universitetida o‘qishimni davom ettirdim. Dastlab magistratura, keyin doktorantura yo‘nalishlarida o‘qidim. Tan olib aytaman, boshida qiyinchiliklarga duch keldim. Yangi davlat, boshqa muhit, begona kishilar… Ammo maqsadim sayru sayohat qilish emas, yangi bilimlar egallash edi. Dastlab Markaziy Osiyoda jadidchilik harakati tarixi bo‘yicha tadqiqot olib bordim va magistrlik ishimda asli toshkentlik jadid yozuvchisi bo‘lgan Laziz Azizzodaning «Turkistonning uyg‘onish tarixi» asari bo‘yicha izlandim va shu asarni ingliz tiliga tarjima qildim. Keyin menga juda qiziq bo‘lgan mavzu – tasavvuf va ayollar tarixini o‘rganishga sho‘ng‘idim. Chunki Markaziy Osiyoda tasavvufning rivojlanishiga ayollarning qo‘shgan hissasi mavzusiga qiziqardim. Doktorlik dissertatsiyam ham Markaziy Osiyoda so‘fiy ayollar va gender tarixi bilan bog‘liq. Dissertatsiyamni yozayotgan mahal 2 haftalab uydan ko‘chaga chiqmagan paytim ham bo‘lgan. Ishimga shunchalik kirishib ketganimdan ko‘chaga chiqmaganimni sezmaganman ham.
– Doktorlik dissertatsiyangiz mavzusi juda qiziq. Ilmiy tadqiqot davomida tarixchilar o‘rganmagan, biz bilmagan, yangi ma’lumotlarga duch keldingizmi?
– Bilasizmi, nimani ko‘p o‘ylayman?! Aslida biz ota-bobolarimiz tarixini yaxshi bilmaymiz. Faqatgina umumiy fanlar doirasida va davlat tadbirlarida ismi ko‘p aytilgan buyuklardan tashqari olim va olima ajdodlarimizni, afsuski, tanimaymiz. AQSh boshqa davlatlarga «gender tengligi», «inson huquqlarini» ko‘p ro‘kach qiladi. Ammo O‘rta asrlarda Amerikada bo‘lmagan shu ikki masala Markaziy Osiyoda ta’minlangan. Ilmiy tadqiqot ishimning ob’ekti O‘rta asrlarda G‘oyib Buzruk taxallusi ostida yashab ijod qilgan, tasavvuf ilmiga katta hissa qo‘shgan so‘fi ayoldir. O‘sha davr muhitidan kelib chiqadigan bo‘lsak, biz ko‘pincha paranji ostida, erining chizgan chizig‘idan chiqmaydigan, dunyoqarashi tor va savodsiz ayollarni ko‘z oldimizga keltiramiz. To‘g‘rirog‘i, sovet davrida bizga shunday o‘rgatishgan. Aslida umuman boshqacha. Masalan, G‘oyib Buzruk so‘fi ayollar ichida bilimi, zakovati bilan ajralib turgan. U qizlarga ta’lim berishdan tashqari, erkak muridlarni ham o‘qitgan. Ulardan biri dunyoga mashhur «Mazhar ul-ajaib»ning maqomatini yozgan.
– AQSh ta’lim tizimi, talabalar bilimi, o‘qitish metodikasi haqida aytib bersangiz.
– AQSh bekorga dunyo miqyosida qudratli davlat deb tan olinmagan. Buning asosi bilimdir. Ta’lim tizimi bu erdan butunlay farq qiladi. AQShda eng qimmat narsa bu – vaqt. Odamlar shunchalik vaqtini qizg‘anadiki, uni bekorchi narsalarga ishlatgisi kelmaydi. Shuning uchun ta’lim dargohlarida «kontrakt modul» joriy qilingan. Ya’ni siz biror universitetga hujjat topshirmoqchi bo‘lsangiz, o‘zingiz xohlagan fanlarni tanlaysiz va shu asosda dars olasiz. Professorlar ham tanlov asosida ishlaydi. Bu erga ta’lim olishga boshqa davlatlardan talabalar «oqib» kelishadi. Kimdir maqsadlariga erishadi, kimdir esa yillab talaba bo‘lib o‘tib ketadi. AQSh ta’lim tizimining muvaffaqiyatli jihati – u erda boshlang‘ich ta’lim yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ammo bir narsani aytish lozimki, AQShda ham erinchoq va ko‘chirmachi talabalar bor.
– Talabalarning, umuman, universitet ilmiy doirasining islomga, Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonga qiziqishi qanday?
– Talabalarning islom va Markaziy Osiyoga qiziqishi turlicha. Ular orasida Markaziy Osiyo yoki O‘zbekiston nomlarini birinchi marta eshitib turganlari ham uchraydi, ayrimlari esa butun hayotini Markaziy Osiyoni o‘rganishga bag‘ishlashni xohlaydi. Umumiy olib qarasak, Markaziy Osiyoning o‘tgan asrdagi sovet tarixi uni G‘arb ilmiy akademik doirasida «arosat» holatida turganligining sababi ko‘pchilikni hayron qoldiradi. Masalan, Stenford universitetida Markaziy Osiyoni o‘rganish yo‘nalishi rus va Sharqiy Evropani o‘rganish ilmiy markazining ichida. Aslida bu markazning faoliyatini sinchiklab kuzatsak, Markaziy Osiyo bo‘yicha deyarli hech narsa qilinmayotganligini ko‘ramiz. Shu qatorda, ko‘pchilik universitetlarning Islomshunoslik kafedralarining faoliyati bilan qiziqsak, u erda ham juda kam darajada Markaziy Osiyoga tegishli ilmiy faoliyat olib borilayotganini kuzatishimiz mumkin. AQShning ichida Markaziy Osiyo bo‘yicha mukammal mutaxassis tayyorlaydigan yagona ilmiy maskan bu – Indiana universitetining CEUS (Central Eurasian Studies Department) fakulьtetidir. Bundan tashqari, ba’zi bir universitetlarda Markaziy Osiyoga doir darslar va tillar o‘rgatilsa ham, ular to‘laqonli mutaxassis tayyorlamaydi.
– Bir kuni O‘zbekistonga butunlay kelish niyatingiz bormi?
– Albatta. Kishi borki Vatanidan uzoqda yashay olmaydi, baribir. Bir yilda ikki marta kelaman. Yaqinlarim, bolalik xotiralarim bari shu erda, Vatanimizda! Ba’zida shovqinli va sovuqqon shahardan charchab, onamning mehrli quchog‘iga o‘zimni otgim keladi. Aytishim mumkinki, millatimiz juda mehmondo‘st. Haligacha bunday samimiylikni dunyoni zabt etgan Amerikadan topmadim. Kun kelib faoliyatimni Vatanimda davom ettirish niyatidaman.
– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Blits savollar:
– Amerika gamburgeri yoki o‘zbek milliy oshi?
– Samarqand oshi, Jizzax somsasiga etadigani yo‘q.
– Qanday musiqalar eshitasiz?
– Klassik qo‘shiqlarni yaxshi ko‘raman.
– Yaxshi ona yoki olima ayol, qaysi birini ko‘proq uddalayapsiz?
– Qizim uchun eng yaxshi onaman, demak, har ikkalasini ham uddalayapman (kuladi).
P/S: «O‘tkan kunlar» romanida hammamizga tanish bir jumla bor: «Marg‘ilonda shunday kelinimiz bor ekan, biz bilmay yurgan ekanmiz». Sarlavhani bekorga bunday nomlamadik. AQShda ilm cho‘qqisini zabt etayotgan mana shunday olimamiz bor ekan, bugun uni butun dunyo o‘zbek sifatida taniydi.
P/SS: Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini aqlli, hammadan bilimli sanaydigan ayrim blogerlar olima ayol haqida bo‘lmag‘ur gaplar tarqatdi. Nima ham derdik, bunday mulohaza yuritib, xalqni chalg‘itishdan oldin ilmning mashaqqatli yo‘lida bir kun yurib ko‘rish kerak. Ana shunda fikrlarimizda o‘zgarish seziladi. Azizaga esa faqat omad tilaymiz.

Ayjamal JANIBEKOVA
suhbatlashdi.