2017 yil noyabrda davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish va harbiy sohada ishlab chiqarishni takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoev farmoni bilan Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tashkil etilgandi.

Ushbu qo‘mita zimmasiga davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish hamda mudofaa ahamiyatiga ega bo‘lgan ishlab chiqarishni rivojlantirish mas’uliyati yuklatilgan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harakatdagi ustaxonalar ham harbiy va maxsus texnikalarni ta’mirlash, modernizatsiya qilish borasida faoliyat olib bormoqda. Yaqinda barcha harbiy okruglardagi ana shunday ustaxonalar zamonaviy stanoklar va ta’mirlash xizmatini ko‘rsatishga mo‘ljallangan texnikalar bilan ta’minlandi.

Shu munosabat bilan Markaziy harbiy okrugda joylashgan harbiy qismlardan birida zamonaviy stanoklar va ta’mirlash xizmatini ko‘rsatishga mo‘ljallangan texnikalardan foydalanishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘quv yig‘in mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Harbiy qismning harakatdagi ta’mirlash ustaxonasida tashkillashtirilgan ushbu yig‘inda barcha okruglardan kelgan va shu sohada xizmat burchini o‘tayotgan harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Yig‘in qatnashchilari mashg‘ulotlar davomida olib borilgan har bir ish jarayonini diqqat bilan o‘rganishdi. Ularga mutaxassislar tomonidan stanoklarda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha kerakli texnik dasturlar yo‘nalishida va xavfsizlik qoidalariga amal qilish borasida kerakli ma’lumotlar berildi.

Ta’mirlash xizmati mutaxassislari qisqa vaqt davomida bu texnikalardan foydalanishni o‘zlashtirib, bugungi kunda boshqa okruglardan kelib yig‘inda qatnashayotgan hamkasblariga o‘z ko‘nikma va tajribalarini o‘rgatishdi. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qurol-aslaha ta’mirlash sektsiyasi ustasi serjant Ilhom Qodirov o‘z mutaxassisligidan tashqari boshqa stanoklardagi ish jarayonlarini diqqat bilan kuzatib bordi. U kabi harbiy xizmatchilarning imkoniyatdan unumli foydalanib, boshqa yo‘nalishlarda ham tajribasini orttirib borishi qismlarda mavjud texnikalarning jangovar shayligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism ustaxonasi boshlig‘i podpolkovnik G‘ulom Sayidovning ta’kidlashicha, tarkibi 26 nafar harbiy mutaxassis hamda sakkiz nafar Qurolli kuchlar xizmatchisidan iborat harakatdagi ta’mirlash ustaxonasida avtomobillarga tent qoplamalar tayyorlash, turli o‘qotar qurollar uchun tasmalar tikish, avtomobillar va harbiy texnikalar blok, tsilindr, tirsakli vallarni yo‘nish, engil avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, avto hamda zirhli texnikalarning dvigatellarini kapital ta’mirlash kabi o‘ndan ortiq tsexlar faoliyat olib bormoqda. Ustaxonaning zamonaviy stanoklar va ta’mirlash xizmatini ko‘rsatishga mo‘ljallangan texnikalar bilan ta’minlanishi bu boradagi xizmat turlarini takomillashtirish va jadallashtirish imkoniyatini berdi.

Shuningdek, ustaxonada harbiy buyurtmalardan tashqari aholiga, boshqa korxona va tashkilotlarga ham xizmat ko‘rsatish mumkin. Ustaxona garajida Ikkinchi jahon urushida foydalanilgan to‘rtta retro-avtomobilь yangi ko‘rinishga keltirilib, kapital ta’mirlanganligi fikrimizning isbotidir. O‘z ishining ustasiga aylangan harbiy xizmatchilar bugungi kunda «Pobeda» rusumli engil mashinani safga qo‘shish ishlari bilan astoydil mehnat qilishmoqda.

Kamoliddin ASROR