Nukus harbiy prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi IIV xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta’minlash qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlar bilan hamkorlikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Nukus tumanida istiqomat qilayotgan Qodirboy ota Normanovning holidan xabar olindi. Mehmonlar otani Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi bayrami bilan tabriklab, unga esdalik sovg‘alar topshirdi.

Xuddi shuningdek, Guliston harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi va viloyat qo‘riqlash boshqarmasi hamda Yangier shahri hokimligi, «Nuroniylar» jamoatchilik kengashi, madaniyat bo‘limi va shahar rus madaniyati markazi jamoasi bilan hamkorlikda Yangier shahrida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Aleksey Semyonov xonadoniga tashrif buyurildi. Tashrif davomida urush faxriysi A. Semyonov Ikkinchi jahon urushining ayanchli oqibatlari va u erda boshidan kechirgan og‘ir damlari haqida so‘zlab berdi. Samimiy suhbatdan so‘ng A. Semyonovga sovg‘alar topshirildi, shuningdek, shifokorlar tomonidan sog‘lig‘i tekshirilib, kerakli tibbiy muolajalar qilindi.

Bundan tashqari, Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan Mudofaa vazirligi harbiy qismlari, Chinoz tumani mudofaa ishlari bo‘limi, «Nuroniylar» jamoatchilik kengashi va «Oila» ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda Ikkinchi jahon urushida qahramonlik ko‘rsatgan Orush ota Turg‘unov va Yo‘ldosh ota Normatovning xonadonlariga tashrif buyurildi. Ular bilan maroqli va qizg‘in suhbatlar o‘tkazildi. Urush faxriylariga G‘alabaning 75 yilligi bayrami munosabati bilan esdalik sovg‘alar berildi.

Bu kabi tadbirlar mamlakatimiz bo‘ylab qizg‘in davom etmoqda.

 

Adliya podpolkovnigi

Bobir SAXADDINOV,

Respublika harbiy prokurorining yordamchisi