Ikkinchi jahon urushida qozonilgan

G‘alabaning 75 yilligiga munosib hissa qo‘shing

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 oktyabrdagi «Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida»gi 4495-sonli qarori asosida Toshkent shahar, Olmazor tumanida «G‘alaba bog‘i» hamda uning hududida «Shon-sharaf» muzeyi bunyod etilmoqda.

Muzeyda Ikkinchi jahon urushida erishilgan olamshumul g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan ulkan hissasi aks ettiriladi hamda yurtdoshlarimizning jang maydonlarida va front ortidagi matonati, mardligi, jasorati, fidoyiligi, insonparvarligi va bolajonligi ko‘rsatib beriladi.

Aziz vatandoshlar!

Muzey ekspozitsiyalar fondini shakllantirish va boyitish uchun ishchi guruhga amaliy yordam berishingizni so‘raymiz.

Siz Ikkinchi jahon urushi frontlarida jang qilgan va front ortida mashaqqatli mehnat qilgan vatanparvar yurtdoshlarimiz faoliyati haqida ma’lumot beruvchi ashyolarni muzeyga topshirish orqali uning eksponatlari fondini yanada boyitishga hamda ajdodlar nomini abadiylashtirishga munosib hissa qo‘shgan bo‘lasiz.

Muzeyga topshirilgan ashyolar mutaxassislar tomonidan qabul qilinadi hamda qahramon haqidagi ma’lumotlar qayd etilib, yo‘nalishi bo‘yicha ekspozitsiyaga joylashtiriladi. Shuningdek, front va front ortida fashizm balosiga qarshi kurashgan ajdodlarimiz haqidagi to‘liq ma’lumotlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida muzeyning axborotlar bazasiga joylashtiriladi.

«G‘alaba bog‘i» va «Shon-sharaf» muzeyi 2020 yilning 9 may – Xotira va Qadrlash kuni arafasida foydalanishga topshiriladi.

Eksponatlar qabul qilinayotgan manzil: Toshkent shahar, Yunusobod tumani 9-daha, Rixsiliy ko‘chasi 9-uy. Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali (sobiq Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakulьteti binosi).

Mo‘ljal: Zenit zavodi va Korzinka.uz supermarketi.

Shuningdek, uzoq viloyat va tumanlardagi fuqarolarimiz o‘z ashyolarini joylardagi mudofaa ishlari boshqarmalari va bo‘limlari orqali ham topshirishlari mumkin.

Murojaat uchun telefonlar: 71-269-87-93; 99-877-44-08; 90-516-86-23.

Hamkorlik uchun oldindan minnatdorchilik bildiramiz.