Koronavirus infektsiyasi havo-tomchi va maishiy muloqot yo‘llari orqali yuqadigan, tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, nafas olishning qiyinlashishi, umumiy holsizlik kabi belgilar bilan kechuvchi o‘tkir yuqumli kasallik hisoblanadi.

Qanday paydo bo‘ldi?

Uning paydo bo‘lishi haqida shu kungacha turli taxminlar mavjud bo‘lsa-da, tasdiqlangan aniq bir ma’lumotlar yo‘q. Lekin hayvonlarda uchraydigan bu virus o‘z xususiyatini o‘zgartirishi (mutatsiya) oqibatida insonga yuqishi, natijada esa odamlar orasida tarqalishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Kasallikning belgilari birinchi bo‘lib Xitoyning Uxan shahrida 2019 yilning 8 dekabrida qayd etilgan edi. 30 dekabrda ommaviy axborot vositalarida epidemik chaqnash yuzaga kelganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar e’lon qilindi. 2020 yil 9 yanvarь kuni kasallikning qo‘zg‘atuvchisi yangi koronavirus ekanligi, 11 yanvarda esa ushbu kasallik tufayli birinchi bemor, 61 yoshli Xitoy fuqarosi vafot etganligi, 13 yanvardan boshlab Xitoydan tashqarida ham kasallik qayd etila boshlagani, 20 yanvarda ushbu virusning odamdan odamga yuqish holati, 11 fevralь kuni yangi koronavirusga COVID-19 deb nom berilgani, 3 mart kuni virusning yangilangan ikkinchi shtammi aniqlangani to‘g‘risidagi ma’lumotlar e’lon qilindi.

Ushbu infektsiya joriy yilda 120 dan ortiq davlatlarda ro‘yxatga olinganligi sababli 2020 yil 11 mart kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan dunyodagi vaziyat «pandemiya» holati deb e’lon qilindi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasiga qo‘shni bo‘lgan Qozog‘iston va Afg‘onistonda ham bemorlar qayd etilmoqda.

Respublikamizda koronavirus

infektsiyasi bo‘yicha vaziyat

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi markaziy shtabining ma’lumotiga ko‘ra, 2020 yil 16 mart holatiga mamlakatimizda ham koronavirus infektsiyasi qayd etildi. Hozirda shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davolash va epidemiologik surishtiruv ishlari o‘tkazilmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan turli ma’lumotlar asoslanmagan, bunday ma’lumotlarga ishonish va vahimaga tushish noo‘rin.

Yuqish yo‘llari

Kasallik ikki xil yo‘l bilan yuqadi:

birinchi, havo-tomchi yo‘li. Bemor odam aksirganda va yo‘talganda viruslarni havoga ajratadi. Shu havodan nafas olgan sog‘lom odamning o‘pkasiga viruslar tushadi va kasallik keltirib chiqaradi.

Ikkinchisi, maishiy muloqot yo‘li. Bemor odam bilan qo‘l berib ko‘rishganda, kasallik qo‘zg‘atuvchisi bilan zararlangan buyumlar (eshik tutqichi, jamoat transporti tutqichlari, idish-tovoqlar, bemorning kiyim-choyshabi va boshqalar)ni ushlagan vaqtda virus ikkinchi kishiga o‘tadi. Qo‘lni yuvmasdan ko‘z, burun, og‘iz shilliq qavatlariga tegilganda va ovqatlangan vaqtda virus organizmga tushadi.

Xavflilik darajasi

Bu virusni barcha yoshdagi insonlar yuqtirib olishga moyil. Kasallik aksariyat hollarda engil kechadi, lekin keksa yoshdagi insonlarda, surunkali kasalligi mavjud bo‘lganlarda, immun tizimi zaiflashgan odamlarda og‘ir kechishi, hatto o‘lim bilan yakunlanishi mumkin.

Yuqqanligini oldindan

bilish mumkinmi?

Virus yuqqandan keyin, kasallik rivojlanishigacha bo‘lgan davr 2 kundan to 14 kungacha bo‘lishi mumkin, bugungi kunga kelib kasallikning yashirin davri 24 kungacha bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida ma’lumotlar bor.

Quyidagi klinik

belgilari mavjud:

– tana haroratining ko‘tarilishi;

– quruq yo‘tal;

– nafas qisishi;

– tez charchash va umumiy holsizlik;

– kasallikning 6-8-kunlarida nafas qisishining kuchayishi.

Infektsiyaga qarshi dori

vositalari va vaktsina

mavjudmi?

Hozirgi kunda virusga qarshi bevosita ta’sir etadigan dori vositalari va emlash uchun maxsus vaktsina mavjud emas. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va dunyoning ko‘plab davlatlari tomonidan virusga qarshi vaktsina va dori vositalari yaratish ustida ishlar olib borilmoqda.

Oldini olish uchun

nimalar qilish kerak?

Qo‘llarni tez-tez va sovunli suv bilan yaxshilab yuvish va spirtli dezinfektsiyalovchi vositalar bilan zararsizlantirish, ovqat tayyorlash davomida, ovqatlanishdan oldin va hojatxonadan keyin qo‘llarni yuvish;

yuz, ko‘z, burun va og‘izni yuvilmagan qo‘l bilan ushlamaslik;

imkoni boricha aholi ko‘p to‘planadigan joylar (bozor, kinoteatr, vokzal, do‘kon va shunga o‘xshash joylar)ga bormaslik;

yo‘talganda va aksirganda og‘iz va burunga bir martalik salfetka tutish, salfetka bo‘lmagan taqdirda tirsak yoki eng bilan og‘iz va burunni yopish;

badantarbiya bilan muntazam shug‘ullanish, chunki bunda inson tanasida qon aylanishi yaxshilanadi, immun tizimi mustahkamlanadi;

shamollagan va grippga chalingan bemorlar bilan yaqin muloqotda bo‘lmaslik, zarurat tug‘ilganda esa shaxsiy himoya vositasidan (niqob, qo‘lqop) foydalanish;

yuqorida ko‘rsatilgan kasallik belgilari kuzatilganda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish yoki telefon orqali tez tibbiy yordam mutaxassislarini chaqirish.

 

Tibbiy xizmat podpolkovnigi T. EShQOBILOV,

Mudofaa vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bo‘limi boshlig‘i