Janubi-sharqiy Evropada, Bolqon orolining janubi va uning atrofidagi orollarda (eng yiriklari – Krit, Evbeya, Rodos va Lesbos) joylashgan, aholi soni bo‘yicha uncha katta bo‘lmagan (deyarli 11 million kishi) Gretsiya Respublikasi Qurolli Kuchlari mamlakat ozodligi, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun mo‘ljallangan.

Hozirgi davrga kelib umumiy soni 140 ming kishini tashkil etuvchi muntazam armiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha Rossiya, Turkiya, Ukraina, Frantsiya, Germaniya, Italiya va Buyuk Britaniyadan keyin Evropada 8-o‘rinni egallab turibdi.

Bundan tashqari, armiya rezervida 221 ming kishi, harbiylashtirilgan qo‘shilmalar tarkibida 4 ming kishi bor. Umumiy harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonun asosida butlanuvchi Qurolli Kuchlarga asosan 19 – 45 yoshdagi erkaklar chaqiriladi, 17 yoshga to‘lgan o‘smirlar hamda ayollar ixtiyoriy tarzda harbiy xizmatga olinishi mumkin. Qurolli Kuchlarning qaysi turi bo‘lishidan qat’i nazar, majburiy harbiy xizmat muddati 1 yilni tashkil etadi. Gretsiya 1952 yilda NATO tarkibiga qabul qilingan, 1953 yilda esa mamlakat hukumati o‘z hududida AQSh va NATO harbiy bazalarini joylashtirishga ruxsat bergan. Qiziqarli tomoni shundaki, Shimoliy alьyans a’zosi bo‘lgan Gretsiya NATOning boshqa bir a’zosi – Turkiyaga o‘zining yagona ehtimoliy dushmani sifatida qaraydi. Aynan shu sababli Gretsiya alьyansning Qurolli Kuchlarni sezilarli qisqartirish va muddatli chaqiruvdan butunlay voz kechish borasidagi talablariga amal qilmasligi bilan ajralib turadi. Mamlakat armiyasi chaqiruv asosida butlanishda davom etmoqda, jangovar tarkibdagi harbiy texnika soni bo‘yicha esa AQSh va aynan Turkiyadan keyin NATO tarkibida 3-o‘rinda turadi. Shu bilan birgalikda, Gretsiya katta miqdordagi jangovar texnika va qurollarni Rossiyadan xarid qiluvchi NATO tarkibidagi yagona davlat hisoblanadi. Harbiy maqsadlarga yo‘naltiriladigan mablag‘lar miqdori mamlakat yalpi ichki mahsulotining 4,3 foizini tashkil etadi (turli ma’lumotlarga ko‘ra, 5-5,5 mlrd dollar atrofida). Quruqlikdagi qo‘shinlar, Harbiy havo va Harbiy dengiz kuchlaridan tashkil topgan Gretsiya Qurolli Kuchlarining oliy operativ boshqaruv organi Milliy mudofaa Bosh shtabi hisoblanadi.

Quruqlikdagi qo‘shinlar

Gretsiya Qurolli Kuchlari umumiy miqdoriy tarkibining 75 foizini tashkil etuvchi Quruqlikdagi qo‘shinlar to‘rtta armiya korpusi va ikkita qo‘mondonlikdan iborat. 1- va 4-armiya korpuslari mamlakatning shimoliy va sharqiy chegaralari muhofazasi uchun mas’ul bo‘lgan, Gretsiya Qurolli Kuchlarining eng kuchli qo‘shilmasi hisoblanuvchi 1-dala armiyasi tarkibiga kiradi. 2-armiya korpusi rezerv rolini bajaradi (uning tarkibiga dengiz, piyodalari, havo desanti va aeromobilь brigadalar kiradi). 3-armiya korpusi NATO doirasida harakatlanish uchun mo‘ljallangan tezkor kuchlarni ifodalaydi. Ichki viloyatlar va orollar qo‘mondonligi Egey dengizidagi orollar mudofaasi uchun javob beradi, uning tarkibiga Krit orolida joylashgan diviziya va boshqa orollardagi rota yoki batalьon o‘lchamidagi garnizonlar kiradi. Qo‘llab-quvvatlash qo‘mondonligi front orti ta’minoti uchun mas’ul hisoblanadi. Qo‘shin tasarrufida turli rusum va tipdagi tanklar, zirhli jangovar mashinalar, operativ-taktik raketalarni ishga tushirish qurilmalari, dala artilleriyasi to‘plari va minomyotlar, tankka qarshi kurash vositalari, baravariga o‘t ochuvchi raketa tizimlari, zenit-raketa komplekslari, tankka qarshi raketalarni ishga tushirish qurilmalari, armiya aviatsiyasiga qarashli samolyot va vertolyotlar bor (infografikaga qarang).

Harbiy dengiz kuchlari

Mamlakatning hududiy suvlarida patrullik vazifalarini amalga oshirish, turli dengiz operatsiyalarini bajarish uchun mo‘ljallangan bu turdagi qo‘shinlarga so‘nggi yillarda Gretsiyada hukm surayotgan iqtisodiy muammolar katta ta’sir ko‘rsatdi. Kema va katerlarning ma’lum qismi eskirib ketgani sababli hisobdan chiqarildi, yangi kemalar qurish dasturini amalga oshirish ishlari sustlashdi. 2014 yilga oid ma’lumotlarga ko‘ra, Harbiy dengiz kuchlari tasarrufida 8 ta suvosti kemasi, 14 ta fregat, 15 ta raketa kateri, 12 ta kanonerka (o‘rta kalibrli to‘plar bilan qurollangan kichik harbiy kema), 6 ta soqchi kater, 7 ta tralchi kema, 12 ta desant kemasi va 36 ta yordamchi kema mavjud. So‘nggi yillarda Gretsiya Harbiy dengiz kuchlari yana 2 ta «Tip-214HN» tipidagi dizelь-elektr suvosti kemasini qabul qilib oldi. Aytish joizki, Gretsiya ko‘p sonli suvosti flotiga ega bo‘lgan 15 ta mamlakat qatoridan joy olgan. Shuningdek, HDKga qarashli dengiz aviatsiyasi ixtiyorida 19 ta kemaga qarshi va 2 ta ko‘p maqsadli vertolyot bor.

Harbiy havo kuchlari

Bu turdagi qo‘shin tarkibidan qiruvchi, qiruvchi-bombardimonchi, razvedka, transport, o‘quv-mashq samolyotlari va vertolyot eskadrilьyalari, Havo hujumidan mudofaa kuchlariga qarashli zenit-raketa divizionlari joy olgan. HHK katta miqdordagi jangovar samolyotlarga ega. Jumladan, qo‘shin ixtiyorida AQSh, Frantsiya, Rossiya va boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilgan turli tip va rusumdagi 400 ga yaqin jangovar, transport va o‘quv samolyotlari, 100 ga yaqin vertolyotlar bor. Havo hujumidan mudofaa qismlari 500 ga yaqin zenit-raketa komplekslari va turli kalibrdagi zenit to‘plari bilan ta’minlangan.

Po‘lat SAYDIVALIYEV tayyorladi.