O‘tgan yilning so‘nggi oylaridan boshlangan koronavirus balosi bugun dunyoning deyarli barcha mamlakatini o‘rgimchak to‘ri misoli qamrab olishga ulgurdi. Afsuski, bu bizni ham chetlab o‘tmadi. Joriy yilning 15 mart kunidan boshlab yurtimizda ham koronavirusga chalingan bemorlar mavjudligi aniqlana boshlandi.

Yurtimizda ushbu infektsiyaning qamrovi kengaymasligi uchun hukumat darajasida barcha choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, barcha turdagi ta’lim dargohlarida vaziyat barqarorlashgunga qadar ta’til e’lon qilindi. Jamoat transporti harakati ham to‘xtatildi va boshqa ko‘plab zarur choralar ko‘rilmoqda.

Hozirgi kunda chet mamlakatlarda bo‘lib turgan fuqarolarimiz maxsus charter reyslar orqali mamlakatimizga olib kelinib, 14 kunlik karantinda saqlanmoqda. Karantinga olingan ob’ektlarda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, qolaversa, tibbiy nazoratdagi yurtdoshlarimizning o‘zboshimchalik bilan belgilangan hududni tark etishlarining oldini olish maqsadida nazorat choralari kuchaytirilmoqda.

Fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash maqsadida bugun karantinga olingan ob’ektlarda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kunu tun o‘z xizmat faoliyatini olib bormoqda. Xavfsizlikning bu tarzda kuchaytirilishi, shubhasiz, hamyurtlarimiz salomatligi va mamlakatimizning ushbu kasallikdan talafotsiz va tezroq xalos bo‘lishiga zamin yaratadi.

Karantin chora-tadbirlari belgilangan joylarda xizmat o‘tayotgan harbiylar xizmatchilarning huquqiy himoyasini mustahkamlash, aholiga tegishli tushuntirish ishlari olib borish maqsadida Respublika Harbiy prokuraturasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari mazkur ob’ektlarda bo‘lishdi. Bu kabi tadbirlar barcha hududiy harbiy prokuraturalar tomonidan muntazam ravishda amalga oshirilmoqda. Hamkorlikda olib borilayotgan bu kabi ishlar, albatta, kasallikning chekinishiga xizmat qiladi.

Adliya podpolkovnigi

Laziz ERDONAEV,

Respublika Harbiy prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i