Ko‘klam shukuhi olamni birpasda yashnatib yubordi. Qish ichi mung‘ayib turgan daraxtlar yashil liboslarini kiydi. Dala-dashtlar lolaqizg‘aldoqlar bilan bezandi. Qir-adirlarda ham bahorning ming bir jilolanishini ko‘rasiz. Ko‘klamning shunday tarovatli kunlarida Jizzax viloyati Baxmal tumanining  chekka hududida harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun qurib bitkazilgan 64 xonadondan iborat ko‘p qavatli zamonaviy xizmat uylarini  o‘z egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanada mudofaa vaziri, Jizzax viloyati hokimligi hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar yangi uy sohiblarini samimiy muborakbod etib, armiyani tom ma’noda armiya qiladigan, uning jangovar qudrati va harbiy mahoratini yuksaltiradigan kuch – Qurolli Kuchlarimiz saflarida mardonavor xizmat qilayotgan insonlar ekanligini, shuning uchun ham islohotlar jarayonidagi o‘zgarishlar, yangilanishlar harbiy xizmatchilar manfaatiga qaratilayotganini alohida e’tirof etishdi va harbiy xizmatchilar davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborga  Vatanga bo‘lgan sadoqati, kasbiga bo‘lgan mehri, muhabbati bilan munosib javob qaytarishiga ishonch bildirishdi.

Ha, Vatan uchun qilingan xizmat hech qachon beiz ketmaydi. Marosimda ishtirok etgan keksa-yu yosh bu hayotiy haqiqatga o‘zlari guvoh bo‘ldilar. Ayniqsa, yuz-ko‘zlarda balqigan havas va hayratda, tillardan yog‘ilayotgan shukronalikda harbiy sohaga, harbiylarga bo‘lgan hurmat namoyon ekanligi bizni juda quvontirdi.

– Harbiy xizmatchilarga uy topshirish tantanalarini har gal televizorda ko‘rardim. Shukrkim, shunday marosimda ishtirok etish, harbiylarning shodligiga sherik bo‘lish mengaham nasib etdi, – deydi suhbatdoshimiz Safarali bobo Rustamov. – Hukumatimiz tomonidan tinchligimizga kamarbasta bo‘layotgan insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibordan juda xursand bo‘ldim. Chunki harbiyning oilasi tinch, xonadonidagi shart-sharoitlari badastir bo‘lsa, xizmatida unum bo‘ladi, elyurt osoyishtaligi yo‘lida  fidokorona  xizmat qiladi. Ishonchimiz komilki, bugun o‘z uylariga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilarimiz bundayin g‘amxo‘rlikdan yanada ruhlanib, shijoat-la xizmatlarini davom ettirishadi. Bu xonadonlarda o‘sib-ulg‘ayayotgan yosh avlod esa kelajakda yurtimizning yanada obod bo‘lishi, gullab-yashnashiga, uning ravnaqiga munosib hissasini qo‘shadigan komil insonlar bo‘lib shakllanadi.

– Bugun xursandchiligimning cheki yo‘q, – deydi harbiy xizmatchining rafiqasi Durdona Jumanova. – Yangi uyimiz, keng, yorug‘ va shinam. Xuddi orzuimdagidek, kirgan insonning ko‘zi quvnaydi. Buning uchun Prezidentimizga minnatdorchilik bildiramiz.

– Bugungi kun hech qachon yodimizdan chiqmaydi, – deydi mayor Abdullo Mirahmedov. – Quvonchimizni yaqinlarimiz bilan bo‘lishdik. Tantanada harbiy xizmatchilar sha’niga iliq fikrlar aytildi. Bu esa kuchimga kuch, g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shdi. Men, albatta, Vatan ishonchini yorug‘ yuz bilan oqlayman!

 

Mayor Gulnora

HOJIMURODOVA