So‘nggi yillarda mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish, harbiy kadrlarni tayyorlash, mustahkam ijtimoiy himoya, harbiy xizmatchilarni jismonan va ma’nan barkamol etib tarbiyalash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, harbiy qismlarning infratuzilmasini yanada yaxshilash, shaxsiy tarkibni har tomonlama qulay, barcha zarur shart-sharoitlarga ega shinam, yorug‘ va xavfsiz xizmat xonalari bilan ta’minlash maqsadida qo‘shinlarda qurilish hamda kapital ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Ana shunday ezgu ishlar ro‘yobini Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy qismlari misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Navro‘z umumxalq shodiyonasi qo‘mondonlikning Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismi shaxsiy tarkibi uchun qo‘shaloq bayramga aylandi. Harbiy qismda yangidan barpo etilgan 60 o‘rinli Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ittifoqi harbiy qism boshlang‘ich tashkiloti xonasi va bir qator xizmat xonalari, shuningdek kapital ta’mirlangan sport majmuasi, qo‘mondonlik shtab punkti, maxsus-taktik va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik sinfi, kutubxona hamda fuqarolarni qabul qilish xonasi foydalanishga topshirildi.

Binolarning ochilish marosimida mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiev, qo‘shinlar qo‘mondoni polkovnik Jur’at Yakubov va vazirlikning mas’ul ofitserlari ishtirok etib, yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etdilar. Harbiy qism jamoasiga mudofaa vazirining sovg‘asi topshirildi.

Ramziy tasmalar kesilib, mehmonlar binolarni ko‘zdan kechirar ekanlar, davlatimiz konfiguratsiyasi va ramzlari, buyuk sarkardalarimiz – Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur siymolari, ularning hayotiy tajribasi va harbiylik mahoratidan hikoya qiluvchi pannolar, Amir Temur shajarasi aks etgan burchak, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus talablarini o‘zida ifodalagan stend, shuningdek devorlariga Vatanga qasamyod matni va harbiy xizmatchilarning or-nomus kodeksi ilingan shinam, yorug‘ ma’naviyat va ma’rifat markazi, belgilangan me’yoriy-huquqiy talablar asosida jihozlangan harbiy qism Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti xonasi, qo‘shinlarni tezkor boshqarish uchun mo‘ljallangan qo‘mondonlik shtab punkti faoliyati, harbiy xizmatchilarning maxsus-taktik tayyorgarlik bo‘yicha bilimlarini yanada oshirish maqsadida aloqa, videokuzatuv va muhandislik-texnik qo‘riqlash vositalaridan iborat ko‘rgazmali jihozlangan o‘quv sinfi, o‘zbek va jahon adabiyoti namunalari, davriy nashrlar, elektron hamda audio kitoblar bilan boyitilgan kutubxona, go‘zal qiyofaga kirgan harbiy qism hududi alohida e’tirof etildi.

Shu kuni harbiy xizmatchilar uchun yozgi oshxona faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.

Albatta, yaratilayotgan bunday shart-sharoitlar harbiy xizmatchilarning jangovar-xizmat faoliyatini yanada samarali olib borishlari va yuqori natijalarga erishishlarida, shubhasiz, dasturilamal bo‘ladi.

Ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va imtiyozlarga javoban harbiy xizmatchilar ham toifalangan ob’ektlarning xavfsizligini ta’minlash, ularning barqaror faoliyatini buzishga qaratilgan har qanday noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish borasida o‘zlarining yuqori kasbiy mahoratlarini namoyon etib, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladilar.

Kapitan Farida BOBOJONOVA,

Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi

matbuot xizmati boshlig‘i