Yilning eng nufuzli xalqaro harbiy musobaqalaridan biri bo‘lmish VII Xalqaro armiya o‘yinlari qizg‘in va esda qolarli lahzalarga boy bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoalari ham munosib ishtirok etib, tarixiy natijalarni qo‘lga kiritdi.

«ArMI – 2021» Xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etgan milliy armiyamiz o‘g‘lonlari jonajon yurtimizning qudrati va salohiyatini yana bir bor, to‘la-to‘kis ko‘rsata oldi.
Dunyoning 11 davlati hududida o‘tkazilgan musobaqalarda 42 ta davlatning jami 277 ta jamoasi, boshqacha aytganda, 5 000 nafardan ortiq harbiy xizmatchi o‘zaro kuch sinashdi. E’tiborlisi, O‘zbekiston harbiy jamoalari ushbu nufuzli musobaqalarning 24 yo‘nalishi bo‘yicha munosib ishtirok etishdi.
Mazkur bellashuvlar davomida vakillarimiz 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida musobaqa tashkilotchisidan keyingi faxrli 2-o‘rinni egalladi.


O‘zbekiston jamoasining yuksak natijalari va g‘alabali ishtiroki xalqaro kuzatuvchilar tomonidan yuqori baholandi.
Gazetamizning o‘tgan sonlarida musobaqa tafsilotlari haqida to‘xtalganimiz bois, aziz mushtariylarimizga qo‘lga kiritilgan asosiy natija va rekordlar haqida qisqacha ma’lumot bermoqchimiz.
Demak:
«Sodiq do‘st» erkaklar jamoasi – bitta oltin;
«Sodiq do‘st» ayollar jamoasi – bitta oltin;
«Harbiy-tibbiy estafeta» jamoasi – bitta oltin;
«Dala oshxonasi» jamoasi – bitta oltin medalni qo‘lga kiritdi.


Kumush medallarga sazovor bo‘lgan jamoalarimiz quyidagilar:
«Elbrus halqasi»;
«Merganlik marrasi»;
«Otliq marafon»;
«Qurolsoz usta»;
«Xavfsiz muhit»;
«Muhandislik formulasi»;
«Xavfsiz marshrut»;
«Qutb yulduzi»;
«Qo‘shinlar razvedkasi a’lochisi».


Murosasiz kechgan bellashuvlar davomida bronza medalni qo‘lga kiritgan jamoalarimiz bilan ham tanishing:
«Avtozirhli tank-texnika ustasi»;
«Ishonchli qabul»;
«Yo‘l patruli»;
«Sayan yurishi».
Aytish kerakki, mazkur musobaqalar davomida jamoalar tomonidan jami 37 ta rekord natija qayd etilgan bo‘lib, shundan 10 tasi O‘zbekiston Respublikasi hisobiga yozildi. Xitoy Xalq Respublikasi 6 ta, Belarus va Hindiston hisobida esa 2 tadan rekord bor.
Xususan, «Harbiy-tibbiy estafeta» musobaqasida vakillarimiz 3 ta rekord natijalarini yangiladi.


Qizg‘in va murosasiz kechgan «Elbrus halqasi» musobaqasida ham yurtdoshlarimiz mamlakatimiz sha’nini munosib himoya qildi. Jumladan, kichik serjantlar – Sanjar To‘qliyev, Abdumuxtor Abdug‘aniyev, Azimjon Ibragimov «Tog‘ to‘siqlar yo‘lagi» shartini 12 daqiqa 58 soniyada bajarib, rekord natija ko‘rsatgan bo‘lsa, «Muzli hududdan o‘tish» shartini ado etishda ham jamoamiz peshqadamlik qildi.
O‘g‘lonlarimiz mazkur vazifani 11 daqiqa 37 soniyada uddalab, rekordlar seriyasini davom ettirdi.
«Sodiq do‘st» jamoasida serjant Ulug‘bek Nurillayev «300 metrlik to‘siqlarni xizmat itlari bilan o‘tish» shartida 1 daqiqa 13 soniya bilan bosib o‘tib, tengsiz ekanini amalda namoyon etdi hamda rekord o‘rnatdi.
«Merganlar marrasi» musobaqasining «Yakka sinov» bellashuvida kichik serjant Fazliddin Kirgizov «Mo‘ljalga olish nuqtasini o‘zgartirib otish» mashqini 15 daqiqa 6 soniyaga bajarib, yangi rekord natija ko‘rsatdi.
Xalqaro maydonda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalarning munosib vorisi ekanini amalda isbotlagan yurtimiz o‘g‘lonlarining ushbu g‘alabalari xalqimizga cheksiz g‘urur, so‘nmas iftixor bag‘ishladi.
Xullas, natijalarimiz a’lo darajada. Shunday jo‘shqin kayfiyat g‘olib jamoalarimizni munosib kutib olish tadbirlariga ham ulanib ketdi. Toshkent xalqaro aeroportida yurt sha’nini sharaf bilan himoya qilgan xalqaro musobaqa g‘oliblari yuksak ehtirom bilan kutib olindi. Tadbirda Mudofaa vazirligi rahbariyati, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda musobaqa qatnash­chilarining yaqinlari, san’atkorlar va yoshlar ishtirok etdi.
Gʻoliblar olqishlar ostida kutib olinib, ularning sharafiga poytaxtimiz ko‘chalari bo‘ylab sayo­hat uyushtirildi.

Leytenant Bobur ELMURODOV
tayyorladi.