Poytaxtimizning muhtasham «Gʻalaba bog‘i» yodgorlik majmuasida ArMI – 2021» VII Xalqaro armiya o‘yinlari g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov, turli idora va jamoatchilik tashkilotlari vakillari, faxriy mehmonlar, harbiy xizmatchilar, musobaqa g‘olib­lari, taniqli san’atkorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.


Jahonning 42 davlati Qurolli Kuchlari ishtirok etgan joriy yilgi «ArMI – 2021» Xalqaro armiya o‘yinlarida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 24 ta jamoasi mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi. E’tiborlisi, O‘zbekiston bu yil 4 ta oltin, 9 ta kumush, 4 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. 10 ta rekord natijani qayd etdi. Umumjamoa hisobida esa faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu zafarlar so‘nggi yillarda Qurolli Kuchlarimizda olib borilgan tub o‘zgarishlar, yangilanishlar natijasidir.


Bayramona tadbirda Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq Xalqaro armiya o‘yinlarida faxrli o‘rinlarni egallagan jamoa a’zolari va musobaqalarda rekordlar qayd etgan harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qo‘l soati, pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, Xalqaro armiya o‘yinlarida alohida jonbozlik ko‘rsatgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar muddatidan oldin topshirildi.


Shuningdek, tadbir davomida Tokioda o‘tkazilgan XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan shijoatli, matonatli sportchilarimizning ulkan yutuqlari ham yuksak e’tirof etildi – davlat mukofotlari, «Namunali xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.


Marosimning badiiy qismida yig‘ilganlarga taniqli san’atkorlar, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining ijodkorlari tomonidan Vatan, sevgi-muhabbat, bag‘rikenglik, do‘stlik kabi chin insoniy tuyg‘ularni tarannum etgan diltortar kuy-qo‘shiqlar taqdim qilindi. Folklor jamoalarining milliy raqslari va ijrolari ham barchaga yuqori kayfiyat baxsh etdi.

Leytenant Bobur ELMURODOV,
«Vatanparvar»