Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanidagi 2-umumta’lim maktabi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning tayanch maktabi sifatida tanlab olindi.
Shu munosabat bilan umumta’lim muassasasida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, Xo‘jayli tumani hokimi Jenis Yermashev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tuman maktablarining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida bugungi kunda global axborot makonidagi qarama-qarshilik, inson, ayniqsa, yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurashning kuchayishi sharoitida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining roli va ahamiyati ortib borayotgani haqida fikrlar bildirildi.
Qo‘mondon ushbu maktabni endilikda harbiylar otaliqqa olganining ramziy ma’nosi sifatida maktab direktoriga Mudofaa vazirligining bayrog‘ini topshirdi. Shundan keyin mehmonlar maktabda o‘quvchilarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, ma’nan va jismonan tob­lanishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, maktabda o‘quvchilarning jismoniy tayyorgarlik va sport bilan shug‘ullanishi uchun tuman hokimligi tomonidan maktab hovlisining 200 kvadrat metr maydonida «Workout» maydonchasi, 300 kvadrat metr beton qoplamali saf maydoni qurildi. Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda tuman mudofaa ishlari bo‘limi ko‘magi bilan maktabning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik o‘quv sinfi talablarga mos tarzda jihozlandi. O‘quvchilarga boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikdan sifatli ta’lim berish uchun barcha qulayliklarga va ko‘rgazmali o‘quv qurollariga ega bo‘lgan sinfxona, pnevmatik miltiqdan o‘q otish uchun alohida tir, mustaqillik yillarida Vatanimizni himoya qilishda jon fido qilgan harbiy xizmatchilarning xotirasini abadiylashtirish uchun ajratilgan «Xotira burchagi» endilikda o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga katta hissa qo‘sha oladi.
Tuman xonandalari hamda o‘quvchi-yoshlar tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar, harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari va qo‘l jangi namoyishlari barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati