QUROLLI KUCHLAR AKADEMIYASIDA «MUDOFAA VAZIRLIGI QO‘SHINLARIDA JANGOVAR TAYYORGARLIKNI RIVOJLANTIRISH ISTIQBOLLARI: MUAMMOLAR VA ULARNING YECHIMI» MAVZUSIDA ILMIY-AMALIY ANJUMAN O‘TKAZILDI.


Mudofaa vaziri o‘rinbosari polkovnik Qodir Tursunov, harbiy okruglar qo‘shinlari qo‘mondonlari, ularning o‘rinbosarlari, komandirlar hamda boshqa mas’ul ofitserlar ishtirokidagi tadbir yangi taklif va fikr-mulohazalarga, tahlillarga boy bo‘ldi. Ma’ruzalarni tinglarkansiz, kimningdir oldida obro‘ qozonish, o‘zini ishlagandek ko‘rsatish uchun faoliyat yuritish – ko‘zbo‘yamachilik davri o‘tganini rosmana his qilasiz. Har bir taqdimot ortida Qurolli Kuchlarning taqdiri va kelajagi, yutug‘i va muammolari, echimlari turganini ko‘rasiz.
Zero, Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni ta’kidlaganidek: «Ayni vaqtda xalqaro terrorizm va ekstremizm xavfining tobora ortib borayotgani, dunyoning ayrim mintaqalarida qurolli to‘qnashuvlar davom etayotganligi, tahlikali vaziyat saqlanib qolayotganligi O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga tahdid solmasdan qolmaydi, albatta.
Bularning barchasi oldimizda paydo bo‘layotgan tahdid va xatolarga munosib zarba berishga doimo tayyor bo‘lishni talab etadi».


Chu ma’noda anjumanning birinchi kunida Xalqaro armiya o‘yinlariga jamoalarning tayyorgarlik ko‘rishi davomida yuzaga kelgan muammoli savollar va kelgusida tayyorgarlikni tizimli tashkillashtirish bo‘yicha takliflar tinglandi. Jumladan, «Merganlar marrasi», «Desant vzvodi», «Elbrus halqasi», «Qo‘shinlar razvedkasi a’lochisi», «Artilleriya olovi ustasi» kabi jamoalarning erishgan yutuqlari, yuzaga kelgan muammolar va kelgusidagi ishtiroki yuzasidan fikr-mulohazalar umumlashtirildi.
Jangda sifatli va kafolatlangan tez tibbiy yordam ko‘rsatmay turib ishonchli g‘alabaga erishish mumkinmi? Hozirgi harbiy tibbiyot va boshqa yo‘nalishlardagi vaziyat qay darajada? Xalqaro musobaqalarda qanday ijobiy natijalarga erishildi, salbiy oqibatlari nimalarda ko‘rinadi kabi savollarga atroflicha javob topildi.
Armiya o‘yinlaridagi ijobiy tajribalarni bo‘linmalar dasturiga kiritish, hakamlikni tashkillashtirish bo‘yicha nizomni qayta ko‘rib chiqish va ishtirokchi davlatlar bilan kelishish, jamoalarni musobaqa davomida zarur bo‘lgan eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy anjomlar bilan to‘laqonli ta’minlash kabi qator takliflar o‘rtaga tashlandi.
Chuningdek, «Men g‘olib! » shiori ostida Mudofaa vazirligi armiya o‘yinlarining uchinchi bosqichi natijalari, muammoli masalalar va takliflar, quruqlikdagi qo‘shinlarning o‘qotar qurollari, jangovar mashinalari va tanklardan otish kursiga qurolli to‘qnashuvlarning yangi taktik usul va uslublaridan kelib chiqib qo‘shimcha mashqlarni kiritish, bo‘linmalarni butlash bo‘yicha mutaxassislarning asosli takliflari eshitildi.
Dunyo va mintaqamizdagi harbiy-siyosiy vaziyat har tomonlama tahlil qilinib, o‘quv dasturlaridagi tayyorgarlik tizimini o‘zgartirish, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini tatbiq etish, jismoniy tayyorgarlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar berildi. Jangovar va maxsus tayinlangan vzvodlar shaxsiy tarkibiga real jangovar vaziyat to‘g‘risida tushuncha berish, ularning qarama-qarshi tomondagi dushmanga qarata jang olib borish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida ikki tomonlama o‘quvlar o‘tkazilishi sonini ko‘paytirish kabi tavsiyalar ilgari surildi.
Ilmiy anjuman bo‘yi­cha fikr-mulohazalar, takliflar, xulosalar umumlashtirilib, kelgusida qo‘shinlarda jangovar tayyorgarlikni rivoj­lantirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Abdulla O‘KTAMQULOV