Saylov jarayoni saylov kampaniyasini e’lon qilish, saylov komissiyalarini tuzish, nomzodlar ko‘rsatish, ularni ro‘yxatga olish va saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq bir qator bosqichlardan iborat bo‘lib, ularning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglash muhim ahamiyatga ega.

Mazkur rukn ostida berilayotgan savol-javoblar saylov bilan bog‘liq masalalarni oson va asoslantirilgan tarzda tushunishingizga yordam beradi, degan umiddamiz.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kim saylanishi mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin.

Quyidagilar:

– qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar;

– diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

Shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylanish yoki saylash bo‘yicha ishtirok eta olmaydilar.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga kimlar nomzodlar ko‘rsatish huquqiga ega?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga  nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatiladi. Siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bitta nomzod  ko‘rsatishi mumkin.

Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan taqdirdagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish tartibi qanday?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida, ya’ni 2021-yilning 20-avgustidan boshlanadi va qirq besh kun qolganida (2021-yil 9-sentabr) tugaydi. Nomzodlarni ro‘yxatga olish esa saylovga o‘ttiz besh kun qolganida (2021-yil 19-sentabr) tugallanadi. Siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga faqat o‘z partiyasi a’zolari orasidan yoki partiyasizni nomzod etib ko‘rsatishga vakolatlidir.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolat muddati qancha?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga binoan Prezident besh yil muddatga saylanadi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kim tashkil etadi va o‘tkazadi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tashkil etish va o‘tkazish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

  1. Prezidentlikka nomzodni kim ro‘yxatga oladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi. Nomzod etib ro‘yxatga olingan shaxsga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasi beriladi.

Nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida, ya’ni 2021-yil 19-sentabr kuni tugallanadi. Nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin besh kunlik muddatda tegishli saylov komissiyasi ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni e’lon qiladi.

  1. Prezidentlikka nomzodlar faoliyatining qanday kafolatlari mavjud?

Nomzodlar saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, saylovoldi yig‘ilishlarida, televideniye va radio orqali so‘zga chiqish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod bo‘lish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida davlat yo‘lovchilar transportining barcha turlarida (bundan shahar yo‘lovchi transporti, taksi va boshqa transport turlarining buyurtma yo‘nalishlari mustasno) tekin yurish huquqiga ega.

Nomzodlarning xizmat safari va boshqa xarajatlari saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan to‘lanadi.

  1. Nomzodlarning daxlsizlik huquqi qanday ta’minlanadi?

Ro‘yxatga olingan barcha nomzodlar teng huquqlarga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki ularga nisbatan sud tartibida beriladigan ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni majburiy keltirishga, shuningdek, ularning shaxsiy buyumlarini, yukini, transportini, turarjoyi va xizmat xonalarini ko‘zdan kechirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

  1. Siyosiy partiyalarning saylovda ishtiroki qanday moliyalashtiriladi?

Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish belgilangan tartibda faqat  ana  shu  maqsadlar uchun ajratiladigan davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyalarni saylovda boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish va moddiy jihatdan o‘zgacha tarzda qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi.

  1. Qaysi manbalardan saylovni moliyalashtirish taqiqlanadi?

Chet davlatlarning, ulardagi jismoniy va yuridik shaxslarning hamda xalqaro tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan saylovni moliyalashtirish hamda nomzodlar va siyosiy partiyalarni moddiy jihatdan boshqacha tarzda qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi.

  1. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakillari kim?

Ishonchli vakillar – nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beruvchi, saylash uchun tashviqot olib boruvchi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalovchi shaxs.

  1. Prezidentlikka nomzodning nechta ishonchli vakili bo‘lishi mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod o‘n besh nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lishga haqli.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi.

 

(Davomi bor)

 

Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi tomonidan tayyorlandi.