90 yoshni qarshilagan Valentina Nikolaevna Myasnikova Toshkent shahrining Mirobod tumanida istiqomat qiladi. Urush boshlangan vaqtda hali maktab o‘quvchisi bo‘lgan qahramonimiz keyinchalik front ortida tibbiyot hamshirasi bo‘lib xizmat qilgan. Valentina Nikolaevna o‘sha damlarni shunday xotirlaydi:

– 13 yoshda edim. Pochtachi eshik qoqdi. Eshikni onam ochdi. Onamning qo‘liga konvert tutqazdi, u qoraxat edi. Akam halok bo‘libdi. Oilada to‘rt kishi edik, otam, onam, akam va men. Otam va akam Leningrad frontiga urushga ketishgan, onam va men Moskvada (uyimizda) edik. Onam ertadan kechgacha zavodda tinim bilmay ishlar edi. Shuning uchun ham uyda kam bo‘lardi (hozir o‘ylasam, onam akamning o‘limidan keyin, o‘zini ish bilan ovutgan ekan). Bu noxush xabardan so‘ng «Men ham frontda xizmat qilishim kerak», dedim-da, onamga aytmay urush o‘chog‘i sari yo‘l oldim. Moskvadagi tankka qarshi kurashuvchi artilleriya polkining tibbiy bo‘limiga bordim. U erda meni «Sening joying pechkaning oldida!» deya ortimga qaytarmoqchi bo‘ldilar. Sanitar bo‘lib ishlashimni bilishgach, qolishimga ruxsat berishdi. Harbiy qismda bintlarni ­sterillardim, yaralarga malham qo‘yib bog‘lardim. Keyinchalik harbiy qismda telefonist bo‘lib xizmatni boshladim. 1944 yilda polkimiz Smolensk va Belarusdagi jangda g‘alaba qozondi…

1945 yil 9 may. Bu kunni xuddi kechagidek zavqlanib eslayman (ko‘zlari quvonch yoshlari bilan porlab, so‘zida davom etadi). G‘alaba hayqirig‘i butun Moskvani tutdi. Mushaklar har erdan otilar edi. Hamma xursand…

10 may kuni esa 16 yoshga to‘ldim. Eh, u damlarni unutib bo‘lmaydi… Onaxonning nigohlari mahzun tortadi.

Valentina Myasnikova 1949 yilda oila a’zolari bilan Toshkentga ko‘chib keladi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlab, Mirobod tumani 147-maktabda 20 yil yosh avlodga ta’lim berdi. Ilm dargohida Ikkinchi jahon urushi davriga atab, «Xotira muzeyi»ni tashkil etdi. Onaxon bugungi kunda nafaqada bo‘lishiga qaramay, Mirobod tumani «Temir yo‘lchilar» MFY va ta’lim muassasalarida o‘tkazib kelinayotgan turli xil tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda.  Darvoqe, qahramonimiz urushdan so‘ng II darajali urush faxriysi, 1994 yilda «Jasorat» medali, 2020 yilda «O‘zbegim ayoli» unvonlariga sazovor bo‘ldi.

Nozima MAMATOVA