Qodir Hotamov: «…Bizni tuhmatning katta o‘chog‘ida yoqib yuborishgandi. Turmush o‘rtog‘im tunu kun yig‘lagan, biror kun uydan chiqmagan. O‘g‘lim institutni bitirgan, o‘sib kelayotgan kadr edi, unga ham tazyiq o‘tkazishgan, qiynashgan. Nega? Chunki bu jinoyatchining ayoli, jinoyatchining o‘g‘li degan tamg‘a bosilgan edi…

Insonning ichida «ro‘shnolik nasib etarmikan» degan umid, yorug‘lik baribir so‘nmas ekan. Baxtimizga yaxshi zamonlar keldi, hamma narsa o‘z yo‘liga tushib, haqiqat qaror topa boshladi. Qaytadan guvohlarni, o‘sha voqea ishtirokchilarini chaqirib, masalaga oydinlik kiritishdi — bu aslida tuhmat ekani, uyushtirilgani isbotlandi. Oliy sud hukmi bilan aybsiz ekanim haqidagi qog‘ozni oldim. Davlat uch yillik ish haqimni qaytardi, ma’naviy zararimga kompensatsiya berdi. 20 dekabrь, 2019 yil men qayta tug‘ildim…

Hozir bosh shifokor bo‘lib ishlayapman. Davlat eng zamonaviy asbob-uskunlarni o‘rnatyapti. Ilgari viloyat sharoitida hamma operatsiyalar qilinmasdi — 20 yil oldin qilinadigan ishlar hozir amalga oshirilayotgan ishlarning o‘ndan biri ham emas edi…»