Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2020 yil 25 dekabr kuni respublikamiz yoshlariga yo‘llagan murojaatida mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti haqida jumladan shunday degan: «Bir paytlar «Vatanparvar» tashkiloti yoshlarga nafaqat harbiy sohada, balki katta hayotda ham zarur bo‘ladigan musobaqa va sport o‘yinlarini tashkil etardi, ularni texnik kasblarga o‘rgatardi. Shu sababli, yigit-qizlarimiz o‘rtasida unga qiziqish yuqori edi. Afsuski, keyingi paytlarda uning faoliyati susayib ketdi. Tashkilotning avvalgi nufuzini tiklashimiz zarur».

Xo‘sh, katta potentsial kuch va imkoniyatlarga ega tashkilot o‘tgan vaqt ichida qanchalik o‘zgara oldi? «Vatanparvar» o‘z oldiga qo‘ygan marralarga erisha olyaptimi? Yangi rahbar – polkovnik Husan Botirov boshchiligidagi jamoa qanday ishlar bilan band? Quyida shular haqida fikr yuritamiz.

Qamrov ko‘lami qanday?

 

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa­siga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik, milliy ma’naviyatimizga hurmat ruhida tarbiya­lash borasida ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Bu yo‘nalishda tashkilot nafaqat Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar, balki respublikamizning barcha tegishli muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.

«Vatanparvar» tashkiloti yoshlarni avtokross, motokross, karting, triat­lon, duat­lon, yozgi biatlon, pnevmatik quroldan o‘q otish, dengiz ko‘pkurashi, harbiy amaliy ko‘pkurash, xizmatchi itlar, aviamodelь, raketamodelь, kemamodelь, radiosport kabi sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlariga bosh-qosh bo‘lib kelayotir. Hozirda tashkilot 9 mingga yaqin sportga qiziquvchan yoshlarni qamrab olgan. Bundan tashqari, uning tasarrufida parashyut sporti bo‘yicha jami 7 ta sport sektsiyalari mavjud bo‘lib, ularda 117 nafar sportchi shug‘ullanadi. 2021 yil boshidan hozirga qadar sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha 30 ta respublika musobaqalari o‘tkazildi. Har yili respublika darajasidagi 50 dan ortiq sport musobaqalari tashkil etiladi. «Vatanparvar» tashkiloti, shuningdek, Xalqaro aeronavtika federatsiyasi (FAI), Xalqaro kemamodeli uyushmasi («NAVIGA»), Xalqaro triatlon uyushmasi (ITU), Xalqaro biatlon uyushmasi (IBU) hamda Osiyo triatlon konfederatsiyasi (ASTC)ning to‘la huquqli doimiy a’zosi hisoblanadi.

Davlat dasturi bajarilyaptimi?

Respublika miqyosida tashkilot tasarrufidagi 211 ta o‘quv sport-texnika klubining avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida bir yilda o‘rtacha 120 – 130 ming nafar fuqaro o‘qitiladi. Bundan tashqari, joriy yilda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» munosabati bilan qabul qilingan Davlat dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti zimmasiga yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yana 10 xil kasblarga o‘qitishni ta’minlash bo‘yicha mas’uliyatli vazifa yuklatildi.

Davlat dasturida ushbu mexanizm 3-bosqichda amalga oshirilishi belgilangan. Jumladan:

1-bosqichda shu yilning aprelь oyi­dan boshlab fuqarolarni haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarida «V»,«VS», «S», «D», «E» toifalari bo‘yicha o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilishi;

2-bosqichda avgust oyidan bosh­lab texnik xizmat ko‘rsatish mutaxassislarini tayyorlash kurs­lari tashkil etilib, unda yoshlar 5 xil kasbga – vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektrpayvandchi, avtochilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari bo‘yi­cha o‘qitilishi;

3-bosqichda dekabrь oyidan bosh­lab murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassislarini tayyorlash kurs­lari yo‘lga qo‘yilib, ushbu kurslarda yuk ortuvchi transport, avtogidropod’yomnik, yuk mashinasi krani, g‘ildirakli traktor, bitta kovshli ekskavator texnikalarini boshqarish bo‘yicha mutaxassislarni o‘qitish belgilangan.

Yuqoridagi vazifalarni barvaqt va sifatli bajarish maqsadida «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan res­publikamiz miqyosida fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni o‘z tasarrufidagi o‘quv muas­sasalarida ommaviy texnik kasb mutaxassisliklariga o‘qitishning yangi mexanizmlarini joriy etdi.

Respublika miqyosida birinchi bosqich bo‘yicha o‘qish aprelda, ikkinchi bosqich o‘qishi iyunь oyida yo‘lga qo‘­yildi. Uchinchi bosqich, ya’ni murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassislarini tayyorlash kurs­lari dekabrь oyida boshlanishi belgilanganiga qaramay, talab yuqoriligi sabab u joriy yilning sentyabrь oyidan yo‘lga qo‘yildi.

Raqamlar nima deydi?

Ahamiyatli jihati shundaki, «Vatanparvar» tashkiloti ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratib, Yoshlar ishlari agentligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birga «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar va «Temir daftar» hamda «Ayollar daftari»ga kiritilgan oilalar farzandlarining ommaviy texnik kasblarga imtiyoz asosida o‘qishini yo‘lga qo‘ydi.

Hozirga qadar 13 735 nafar «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar va «Temir daftar»ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda «Mehribonlik uyi» tarbiyalanuvchilari «Vatanparvar» tashkiloti tizimidagi avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurs­larida o‘qishga jalb etilgan bo‘lib, ulardan 8 052 nafari o‘quv kurslarini tamomlab, haydovchilik guvohnomalarini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, 1 732 nafar «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar va «Temir daftar»ga kiritilgan oilalar farzandlari «Vatanparvar» tashkiloti tizimidagi «Texnik xizmat ko‘rsatish mutaxassislarini tayyorlash kurslari»da imtiyoz asosida vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektrpayvandchi, avtochilangar, avtoelektrik kasblariga tayyorlanmoqda.

Yoshlarning ishonchi ortyapti

E’tiborlisi, «Vatanparvar» tashkiloti tizimidagi ommaviy texnik kasblarga o‘qitilayotgan ehtiyoj­mand yoshlar uchun «Tadbirkorlik asoslari», «Yoshlar o‘rtasida inqiroz holatini engib o‘tish psixologiyasi», «Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning o‘rni» mavzularida muntazam ravishda seminar-treninglar o‘tkazib kelinmoqda. Mashg‘ulotlarga olimlar, tajribali amaliyotchi pedagoglar va tadbirkorlik sohasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan yosh tadbirkorlar jalb etil­yapti. Bunday yangicha tizim ehtiyojmand yoshlarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi ortishi, bilim va malakaga ega bo‘lishi va hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun rag‘bat sifatida xizmat qilishi muqarrar.

Ommaviy texnik kasblarga tayyorlash kurslarida tahsil olayotgan yoshlar «Vatanparvar» tashkiloti tizimidagi pnevmatik quroldan o‘q otish, duatlon, yozgi biatlon kabi sportning texnik va amaliy turlariga jalb etib borilmoqda. Joriy yilning iyulь-avgust oylarida ular o‘rtasida ushbu sport turlari bo‘yicha respublikamiz bo‘ylab tuman, viloyat bosqich musobaqalari tashkil etilib, saralangan yosh havaskor sportchilar o‘rtasida «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun respub­lika musobaqasi tashkil etildi.

Xizmat qil, hunarli bo‘l!

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa­siga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar bilan birgalikda respub­lika yoshlarini mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish bo‘yicha navbatdagi yangi tizimni ham joriy etdi. Tashkilot Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya qo‘mondonligi va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.

Unga ko‘ra, endilikda Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlar ixtiyoriy ravishda «Vatanparvar» tashkiloti tizimidagi avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida «A», «B», «BC», «C», «D», «E» toi­falari bo‘yicha va yana beshta mutaxassislik, ya’ni vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektrpayvandchi, chilangar, avtoelektrik tayyorlashga ixtisoslashtirilgan texnik xizmat ko‘rsatish kurslarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Aytish joiz, ushbu yangilik mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, yoshlar tomonidan iliq kutib olindi. Joriy etilgan ushbu yangicha tizimning ahamiyati shundaki, yoshlar muddatli harbiy xizmatni yakunlaganidan so‘ng, ular nafaqat Vatanimiz oldidagi muqaddas burchni ado etgan bo‘ladi, shu bilan birga, «Vatanparvar» tashkiloti o‘quv kurslarida egallagan kasb-hunarlari bilan o‘z uylariga qaytadi.

Muxtasar aytganda, «Vatanparvar» tashkiloti o‘z faoliyati davomida aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasblarga tayyorlashda bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etib kelmoqda.

 

Leytenant

Islomjon QO‘ChQOROV,

«Vatanparvar»