Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonida navbatdagi amaliy mashg‘ulotlardan biri o‘tkazildi.

Yigitlik burchini sadoqat bilan o‘tayotgan harbiy xizmatchilar dala-o‘quv maydonida o‘zlarining jangovar va jismonan chiniqqanlik darajalarini, nostandart vaziyatlarga qanchalar tayyor ekanliklarini yana bir bor sinovdan o‘tkazdilar. Bunda har bir ishtirokchining mardlik va matonat tuyg‘ulari toblanib, ularning strategik fikrlash tarzlari ham sayqallandi.

Mashg‘ulot davomida ishtirokchilarning kiyim rusumidagi mukammallikdan tortib, harbiy texnikalarning qay darajada tayyor ekanligiga qadar e’tibordan chetda qolmadi. Ular berilgan topshiriqlarni to‘laqonli bajarish bilan birgalikda, belgilangan vaqtda ulgurishlari ham talab qilinardi. Bunda harbiy xizmatchilarga oriyentirlash, aloqa o‘rnatish borasidagi ko‘nikmalari asqatdi.

Mashg‘ulotlar davomida merganlar ham muhim pozisiyalarni egallab, shaxsiy tarkibga o‘zlarining munosib yordamlarini berdi. Nafas olish ritmidan tortib, organizmdagi haroratni bir maromda ushlab turishgacha, shamol yo‘nalishi, tezligidan to ob-havodagi o‘zgarishlargacha e’tibordan chetda qoldirmaydigan merganlar nishonlarni yo‘q qilishda, o‘ziga xos yangi usullardan foydalandi.

Vatan himoyachilari jips­likda harakat qilib, yaqin va uzoq masofada jang olib borish bo‘yicha o‘zlarining egallagan tajriba va ko‘nikmalarini namoyish qildilar. Bunda ularga tezkorlik, chalg‘ituvchi xatti-harakatlar, kuzatuvchanlik borasida orttirgan tajribalari qo‘l keldi. Turli nuqtalarda yaxlit maqsadga yo‘naltirilgan jangovar harakatlar natijasida qo‘yilgan vazifa muvaffaqiyatli ado etildi.

Xulosa qilib aytganda, nostandart vaziyatlarda yechim topa oladigan mard va jasur yigitlar har qanday holatda jangovar topshiriqni bajarib, ekstremal sharoitlarga tayyor ekanligini o‘tkazilgan mashg‘ulotlar davomida isbotlashdi.

 

Leytenant

Otabek NORBOYEV