Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda qo‘shinlardagi eng mas’uliyatli tadbirlardan biri – qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni qishki mavsumda foydalanish rejimiga o‘tkazish ishlari boshlandi.

Mazkur kompleks tadbirlar harbiy texnika va qurol-aslahalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning sovuq sharoitda foydalanishga hozirlash uchun o‘tkaziladi.

Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulot tashkil etildi. Mashg‘ulotda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, okrug qo‘mondonligi hamda Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlarning mas’ul harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

Tadbirda harbiy texnika va qurol-aslahalarning jangovar shayligini ta’minlash, ularni soz holatda saqlashda ko‘rsatilayotgan texnik xizmatlarning ahamiyati ta’kidlandi. Har bir komandir, har bir harbiy xizmatchi o‘ziga biriktirilgan qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun mas’ul ekanligi eslatildi.

Ko‘rgazmali mashg‘ulotni tashkil etish uchun harbiy qismning jangovar va harbiy texnikalarni saqlash parkida sakkizta o‘quv joyi va 24 ta o‘quv nuqtalari tashkil etildi. U yerda jangovar mashina, tank, zirhli transportyor, zenit-artilleriya qurilmalari, maxsus texnika, qurol-yarog‘ va boshqa texnikalarni qishki sharoitda foydalanish rejimiga o‘tkazish ishlarining mohiyati, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish, tashkil etilgan postlarda samarali va sifatli ish olib borish, qurol-yarog‘ va texnikani ob-havoning harorati past sharoitlarda ishlatish qoidalari, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan yo‘riqnomalar berildi. Texnikalarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rgazmali tarzda mashg‘ulotlar namoyish etildi.

Mustaqilligimizning 30 yillik bayrami arafasida kapital ta’mirlanib, zarur asbob va uskunalar bilan jihozlangan Texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash tarmog‘i texnika va qurol-aslahalarga sifatli texnik xizmat ko‘rsatish va joriy ta’mirlash ishlarini olib borish, ularni doim soz va jangovar shay holatda saqlash uchun xizmat qiladi. Zamonaviy dastgoh va agregatlar bilan jihozlangan ushbu ob’yektda moylash ishlarini amalga oshirish, filtrlar va havo kassetalarini yuvish va moylash, stabilizatorlar, tunggi moslamalar, elektr jihozlari va nazorat-o‘lchov asboblarini tekshirish postlari yaratildi. Shuningdek, montaj-demontaj, agregatlarni joriy ta’mirlash, chilangarlik, elektrogaz payvandlash, temirchilik, elektr jihozlariga xizmat ko‘rsatish, yonilg‘i apparatlari va tentlarni ta’mirlash hamda bo‘yoqlash kabi o‘nlab ishchi joylari yaratildi. Harbiy xizmatchilarga endilikda mazkur tarmoqda texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlarini olib borish uchun barcha qulayliklar yaratildi.

 

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati