Mamlakatimiz o‘tgan 30 yil davomida asrlarga tatigulik yo‘lni bosib o‘tdi. Tenglar ichra teng bo‘lib, jahon sahnida munosib o‘rin egalladi. Bu tarixiy jarayonda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining ham o‘z hissasi bor.

Mazkur tashkilot mustaqillikning ilk yillaridan boshlab mamlakatimiz Qurolli Kuchlari uchun harbiy-texnik mutaxassislar, xalq xo‘jaligi uchun ommaviy kasb xodimlarini tayyorlash, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish va ommalashtirish, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha uzluksiz ish olib bormoqda. O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent viloyati kengashining bu boradagi ishlari tahsinga sazovor. Mazkur kengash raisi Nurbek Otaqo‘ziyev bilan bo‘lgan suhbatimiz ham  aynan  tashkilot faoliyati, rivojlanish yo‘nalishlari va uning yurtimiz ijtimoiy hayotida o‘rni xususida bo‘ldi.

– Ma’lumki, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan. Ayting-chi, bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Darhaqiqat, aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida Vatan taqdiriga daxldorlik hissini shakllantirish – tashkilotimizning bosh maqsadlaridan biridir. Bu boradagi ishlarning samaradorligini oshirish maqsadida tegishli tashkilot va muassasalar, oliy ta’lim muassasalari hamda maktablar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatganmiz. Bu esa o‘tkaziladigan tadbirlarimizning qamrovi, ko‘lami va ta’sirchanligining yuqori bo‘lishini ta’minlayapti. Shu kungacha belgilangan reja asosida va uzluksiz ravishda ma’naviy-ma’rifiy va sport  tadbirlarini o‘tkazib kelyapmiz.

– Yoshlarni keng ko‘lamli harbiy-sport tadbirlariga jalb etish borasida olib borilayotgan ishlar hamda joylardagi o‘quv-sport texnika klublari, ularning  huzurida tashkil etilgan sport seksiyalari va to‘garaklarda yaratilgan shart-sharoitlar  haqida ham to‘xtalsangiz.

– Viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi, o‘quv-sport texnika klublari va ularning  huzurida tashkil etilgan sport seksiyalari va to‘garaklarda tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish va ommalashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda ham bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirilyapti. Jumladan, viloyat texnik va amaliy sport turlari markaziga yangi rusumdagi velosipedlar, Angren avtomobil maktabiga 2 ta karting,  Chinoz o‘quv-sport texnika klubiga o‘q otish sportini rivojlantirish uchun pnevmatik qurollar sotib olindi. Piskent tumanidagi o‘q otish TIRi to‘liq ta’mirdan chiqarildi, Bekobod shahridagi o‘quv-sport texnika maktabida 2 ta avtosaroy, tibbiyot punkti qurildi. Parkent tumanidagi o‘quv-sport texnika klubi hozirgi kun talablariga to‘liq javob beradigan darajada kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Ta’kidlash joizki, joylardagi sport seksiyalari va to‘garaklarda sportning u yoki bu turi bilan, ya’ni karting, motokross, avtokross, aviamodel, raketamodel, o‘q otish, biatlon, duatlon, triatlon kabi sport turlari bilan shug‘ullanishni maqsad qilgan yoshlar bepul tahsil olishi mumkin.

Yaqinda umumta’lim maktablari o‘quvchilarini mana shu yo‘nalish bo‘yicha qamrab olish maqsadida tashkilotimiz nizomiga asosan joylardagi har bitta o‘quv muassasalarimiz negizida boshlang‘ich tashkilotlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu tashkilotning vazifasi maktab o‘quvchilari orasidan sportning amaliy yoki texnik turlariga qiziqishi baland, bu borada iqtidorli va qobiliyatli bo‘lgan yoshlarni saralashdir. Bu jarayon allaqachon boshlangan. Maktablarda xodimlarimiz targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boryapti.

– “Yoshlar” va “Temir” daftariga kiritilgan yoshlar uchun qanday imkoniyat yoki imtiyozlar yaratilgan?

– Joriy yilda tashkilotimiz tomonidan bunday yoshlar uchun ham imtiyoz yaratilgan bo‘lib, unga ko‘ra, “Yoshlar  daftari” ga kiritilgan 87 nafar, “Temir daftar” ro‘yxatida bo‘lgan 862 nafar yosh avtomobil maktablarimizda haydovchilik kurslarida bepul tahsil olishmoqda.

Tashkilot tomonidan yoshlarni kasbga o‘qitish masalasi uch bosqichga bo‘lingan. Birinchi bosqichda haydovchilar tayyorlanadi. Bu bosqich joriy yilning aprel oyidan boshlab  rasman faoliyatini boshladi. Ikkinchi bosqichda yoshlar texnik xizmat ko‘rsatish kurslari bo‘yicha beshta kasb – vulkanizatorchi, elektrakkumulyatorchi, avtoelektrik, avtochilangar, gazelektrpayvandchi kasbi bo‘yicha o‘qitiladi. Uchinchi bosqichda murakkab texnikalarni boshqarish kurslari faoliyat boshlaydi.

– Sportchilar Vatanni sharaflaydi. Shu o‘rinda tashkilot tasarrufidagi o‘quv-sport texnika klublari sportchilarining erishayotgan yutuqlari haqida  gapirsangiz.

– Sportchilarimiz nufuzli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyat bilan qatnashib, Vatanni sharaflamoqdalar. E’tirofga sazovor jihati bizning sportchilarimiz yozgi biatlon va o‘q otish bo‘yicha doim peshqadam bo‘lib kelmoqda. Birgina misol keltiraman: 10 – 21-sentabr kunlari Qozog‘istonning Chimkent shahrida o‘q otish bo‘yicha XIV Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi va unda  o‘zbekistonlik sportchilar umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘rinni egallashdi. Bizni faxrlantiradigan jihati, musobaqada ishtirok etgan o‘n beshta sportchidan o‘n nafari “Vatanparvar” tashkilotining Toshkent viloyati kengashi tasarrufidagi o‘quv-sport texnika klublari sportchilaridir. Ular ikkita oltin, yettita kumush, bitta bronza medalni qo‘lga kiritishdi. Bu juda katta natija!  O‘sha musobaqada sportchilarimiz – Oybek Asilov, Iroda Azimboyeva Osiyo chempioni bo‘lib qaytdi. Bir so‘z bilan aytganda yosh, umidli sportchilarimiz yurtni sharaflab, ona O‘zbekiston bayrog‘ini balandlarda hilpiratmoqda.

Aytish joizki, bu borada erishilayotgan yutuqlardan tashkilotimiz tasarrufidagi o‘quv-sport texnika klublari va ular huzurida tashkil etilgan sport seksiyalarida yetarlicha shart-sharoitlar yaratilganidan va bu muassasalarda tajribali ustoz-murabbiylar saboq berayotganidan dalolatdir.

– Mazmunli suhbat uchun tashakkur.

 

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA suhbatlashdi.