Аziz o‘quvchi, sizga bir qator asarlarni mutolaa uchun tavsiya qildik. Ular orasida o‘zida hayotning o‘lmas qo‘shiqlarini aks ettira olgan bir parchagina dostonlardan tortib dunyoning jamiki tillariga tarjima qilingan ulkan asarlar ham bor. Bugun bittagina hikoyani sizga tavsiya qilamiz.

Bu hikoyaning nomi “Elchi”. Uni turk adibi Umar Sayfiddin yozgan. U ofitser edi. Bor-yo‘g‘i o‘ttiz olti yil (1884–1920) yashadi. Umrning mazmuni yillar bilan o‘lchanmasligiga uning sermahsul ijodi dalil! Yozuvchining hikoyalari bir necha tillarga tarjima qilingan.

Bu hikoyani o‘qigan kunimdan boshlab hammaga tavsiya qilib kelaman. Chuqur taassurot qoldirgan, menda. Ixtiyorsiz bugungi kun bilan solishtiraman. Shunday odamlar bugun ham bormikan? Yurtim deya bir lahzada bor budidan kecha oladigan mardlar bormi?!

“Elchi”dan o‘qiymiz: “Parqu o‘rindiqlarga cho‘kkan horg‘in vazirlar oyoqlari ostidagi yal-yal yongan gilamning turfa naqshlarini tomosha qilish bilan band, madorsiz qo‘li uzun oppoq soqolini tutamlagan shayxula’zamning nursiz ko‘zlari, go‘yo juda olis hamda tushunarsiz narsalar haqida o‘y surayotgandek, bo‘shliqqa qadalgan.

– Poshsholar, biz jasur bir insonga muhtojmiz… Eron shohining oltin-u olmos, zar liboslarga burkangan elchisi podshohimizning qo‘lini o‘pishga musharraf bo‘lolmay, ul zoti oliylarining tizzasini o‘pdi, xolos. Shubha yo‘qki, Eron shohi ham bizning elchimizga xuddi shu yo‘sinda munosabatda bo‘lg‘ay.

…Alalxusus, elchilik qilguchi odam o‘ta jasur bo‘lmog‘i, kerak bo‘lsa, o‘limga ham tik bormog‘i shart. U davlatimiz sha’niga og‘ir botguchi har bir xatti-harakatga qarshi chiqmog‘i, o‘lim tahdid solib turganda ham haqoratlarga bo‘yin egmasligi lozim.

Shayxula’zam soqol tutamlashni qo‘yib qo‘llarini tizzalariga tiradi, boshlarida shukuhli tojlar sollanib turgan vazirlarga bir-bir qarab chiqdi-da, so‘zida davom etdi:

– Bale, shunday ekan, jasurini toping. Men bunday erni na amaldorlar, na saroy  va na hatto majlis ahli ichinda uchratdim. Siz ham fikr qiling”.

Jasurini toping… bugungi davr boshqacha. Diplomatiya degan kibrona jaranglaydigan bir so‘z bor. Uning hadisini olmoq uchun ko‘-o‘p o‘qimoq kerak, ayyorlik, ustomonlik ham zarar qilmaydi. Ammo… Mardlikka qayda o‘qitiladi?! Jasurlikka o‘qitiladigan joy bormi? “Axir, hadeb davlatdan olaverish insofdan emas, nimanidir fido etish kerak-ku!” degan gapiga amal qiladigan oliyjanob qalb egalari qaysi oliy dargohlarda tayyorlanadi?! Bormi shunday dargoh?!

Bu hikoyani o‘qing! Bolalaringizga, o‘g‘lingizga, qizingizga o‘qib bering! Oila davrasida o‘qing, bir necha daqiqaga, atigi bir necha daqiqalarga  telefonlar, kompyuter va televizordan voz keching, shu hikoyani o‘qish uchun!

O‘qiymiz: “Bu kun majlis ahli makkor va qonxo‘r Eron shohi huzuriga kimni elchi qilib jo‘natishni bilmay tang qolgandi. Chunki o‘zini Usmonli sultoniga teng qo‘ygan, hatto Sharqda ulkan saltanat qurishga muvaffaq bo‘lgan bu kibrli shoh elchini turli yo‘llar bilan kamsitishga harakat qilishi, qarshilik ko‘rsatgudek bo‘lsa, qoziqqa o‘tqizishi, tiriklayin terisini shilib olishi, xullas, vahshiylarcha o‘ldirishi mumkinligi har kimga kundek ravshan edi”.

Bunday ishga kim ham yurak yutib chiqardi, ayniqsa, saroy ahli? Nihoyat shunday odam ham topildi.

O‘qiymiz: “ – Kim ekan u?

– Muhsin Chalabiy.

– Kasb-kori nima?

– U ancha o‘ziga to‘q, deyarli har vaqt kitob mutolaasi bilan mashg‘ul. Tanimasligingizga asos bor, afandim. Nom chiqargan xonadonlarga aslo qadamranjida etmas. Shuhrat ketidan quvmaydiganlar toifasidan ul…

– Boisi ne?

– Bilmadim. Balki yuksalish muqarrar suratda qulash bilan intiho topishini anglab yetganidandir…”

Men adabiyotshunos emasman, albatta. Ammo mardlik, fidokorlik, vatanparvarlik eng yuksak pardalarda kuylangan asarlarni taniy olaman. “Elchi” tom ma’noda shunday asardir!

Keling, Muhsin Chalabiyni yaxshiroq tanishga harakat qilamiz: “…Muhsin Chalabiyning aqli raso, qolaversa, hech kimga mute bo‘lmay yashash uchun yetarli davlati ham bor edi. Uning kattagina qo‘toni, Chamlija o‘rmoni ortidagi yeri manaman degan boyning mulkidan qolishmasdi. U halol yashar, hech kimning oldida bo‘yin egmas, kambag‘al-u bechoraga, kasalmand-u boshpanasizlarga yordam berib kelardi. Xonadonidan mehmon arimasdi. U xudojo‘y, ammo sira mutaassib emasdi. Muhsin Chalabiy ona yurtini haddan ziyod sevar, Vatanini Ka’badek muqaddas bilar edi. E’tiqodi – Allohdan o‘zgasiga sajda qilmaslik, qulning qo‘liga itoat etmaslikdan iborat edi. Uning fazilat-u ilmiga hayron edilar. Zamondoshi, taniqli olim Ibn Kamol u haqda “Mening ustozim shu!” degandi. Muhsin Chalabiy bironta qasida yozmagan va hatto o‘qimagan bo‘lsa ham qalban shoir edi. U qirqlardan oshgan, ammo qarshisida namoyon bo‘lgan shon-shuhratga eltuvchi hech bir yo‘lni tanlamagandi. U oltindan jilolangan, havorang anvoyi gullar sochilgan porloq bu yo‘llarning so‘nggida insonni ayanchli o‘lim kutajagini yaxshi bilardi…”

Bular hammasi emas. U jasur jangchi ham edi. Urushlarda kambag‘allardan tashkil topgan qo‘shinga rahbarlik qilar edi. “Qilich izidan qolgan chandiq yaltirab turgan do‘ngpeshana, otashin yanoqlar, baquvvat bo‘yin, yirik o‘rkachli burun, bejirim salla. “Shohnoma” sahifalarida uchraydigan qadim pahlavonlarga o‘xshab ketadi”.

Hikoyada “noyob pushti gavhar bilan bezatilgan mo‘jiza hirqa” uchraydi. Podshohlarga munosib tuhfa, demak g‘oyat qimmatbaho hirqa. Muhsin Chalabiy Istanbul ahli orasida doston bo‘lgan ana shu hirqada shoh Ismoil huzuriga bormoqchi. Bu mas’uliyatli safar uchun xazinadan beriladigan oltinlarni rad etgan.

O‘qiymiz: “ – Shuncha pulni qaydan topasan, o‘g‘lim? – deya taajjublanib so‘radi shayxula’zam.

Muhsin Chalabiy qimmatbaho hirqani qanday sotib olishini tushuntirdi:

– Yerni, qo‘tonni, uyimni ham garovga qo‘yib, tujjorlardan o‘n ming oltin qarz ko‘taraman. Ikki mingini ot-ulov va xizmatkorlarga sarflab, qolgan sakkiz mingiga o‘sha hirqani sotib olaman.

Shayxula’zam uning rejasini aqlsizlikka yo‘ydi.

– Qaytib kelganingda, – dedi u, – hirqaga hojat ham qolmaydi. Bu libos faqat tantanali marosimlarga yarashadi. Uni sotib olsang, davlatingdan ayrilib, muhtojlikka giriftor bo‘lasan-ku!”

Shundan keyingi voqealarni bir so‘zda ifoda etish yoki mazmunini yetkazish “Elchi” hikoyasining qimmatini tushurgan bo‘lur edi. Biz, albatta, bunga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Buni hikoyani o‘qish asnosida o‘zingiz bilib olasiz. Men ishonaman, bu hikoyani kim o‘qisa ham uzoq vaqt uning ta’sirida qolishi shubhasiz.

So‘zimizni quyidagi bir parcha bilan shu yerda muxtasar qilishni lozim topdik.

O‘qiymiz: “Odamlar keyinchalik: “Bechora, umrining oxirigacha Uskudor bozorida sabzavot sotib kun ko‘rdi, qismati achchiq, hayoti og‘ir kechdi, lekin hech kimning oldida bo‘yin egmadi”, deb gapirib yurdilar. E, odamlar… u bor davlatini yurti uchun bir daqiqada qurbon etganini ular qaydan ham bilsin!..”

Huzurli mutolaalar, azizlar!

 

Inobat IBROHIMOVA,

“Vatanparvar”