Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga bu yilgi kirish imtihonlari barcha karantin qoidalariga rioya etgan holda shaffoflik va oshkoralik tamoyillariga asoslanib, yuqori saviyada o‘tkazildi.

Joriy yilning 07 oktyabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining birinchi bosqich kursantlarining «Vatanga qasamyod» qabul qilish tantanali marosimini o‘tkazildi.

Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati, FVV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tantanada so‘zga chiqqan, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i, general-polkovnik Qobul Berdiyev, Akademiyaning birinchi bosqichiga qabul qilingan kursantlarni «Vatanga qasamyod» qabul qilganliklari munosabati bilan tabriklab, ushbu Oliy dargohimiz Akademiya maqomiga erishgandan so‘ng, ilk marotaba «Vatanga qasamyod» tantanali tadbirini o‘tkazilayotganligi kursantlar uchun faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otish bilan bir qatorda, ulkan mas’uliyat va tanlagan kasbiga umrbod sodiqlikni ham talab etishini hamda bugungi tadbir shubhasiz, ularning hayotida unutilmas voqea bo‘lib muhrlanib qolishini alohida ta’kidladi.

Zero, tabiiy va texnogen tusdagi ofatlar bilan kurashib, o‘z jonlarini xatarda qoldirib, ko‘plab insonlarning hayoti, mol-mulklarini saqlab qolish – bu albatta beqiyos insoniy fazilat va eng sharafli xizmatdir deya e’tirof etdi.

Shu o‘rinda, buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiyning «Bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, o‘z oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilish va sevishdan iboratdir» – degan iboralari bugungi kunning mard o‘g‘lonlariga qarata aytilganiga yana bir bor amin bo‘lamiz.

— Gʻurur, sadoqat va oriyatni eng oliy qadriyat, deb biladigan yigit uchun bu shunchaki rasmiy tadbir emas, balki yigitlik sha’ni, or-nomusini o‘rtaga qo‘yib, o‘z zimmasidagi mas’uliyatli hamda sharafli burchni ado etishga bel bog‘lash, ahd-paymon qilish marosimidir, deydi — Botir Ergashov — Mana bugun men orzuimga yetishish yo‘lida FVV Akademiyasiga o‘qishga kirib, jonajon Vatanimizga, xalqimizga munosib farzand bo‘lib, fuqarolarimizning hayoti, sog‘ligi va xavfsizligini ta’minlash uchun bor kuch g‘ayratimni ayamay xizmat qilishga tantanali qasamyod qildim. Bu hayotimdagi eng quvonchli onlardan biri bo‘lib, xotiramda bir umrga muhrlanib qoladi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Akademiyada chuqur bilim olish bilan birgalikda, Ona-Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilib, mamlakatimiz ravnaqini oshirishga, muhtaram Prezidentimizning biz yoshlarga bildirayotgan yuksak ishonchlarini oqlashga men va safdoshlarim nomidan va’da beraman.

— Oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish har bir yigit kishining orzusi bo‘lsa kerak deb o‘ylayman — deydi birinchi bosqich kursanti Bahodir Xolxodjayev — Mana bugun Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining kursanti bo‘lishdek baxtga muyassar bo‘lish bilan birga barcha safdoshlarim bilan ilk marotaba Ona Vatanimizga qasamyod qilganligimizdan faxrlanamiz.

Men safdoshlarim bilan birga shuni alohida ishontirib ayta olamanki, jonajon Vatanimizga, Prezidentimizga, Xalqimizga sadoqatli xizmat qilib, o‘z yigitlik burchimizni mardonavor ado etamiz.

 

 

Kapitan

Farhodjon XOJAYEV,

O‘zbekiston Respublikasi

FVV Akademiyasi

katta o‘qituvchisi