Xush edi senga bul ishratsaroda,

O‘lim gar bo‘lmasa erdi aroda.

 Farididdin Attor

U damlar dunyo sodda edi. Oltinchi yo yettinchi sinfda o‘qirdim chamasi, boshim darddan chiqmasdi. Onam sho‘rlik suyagiga yopishib borayotgan etimga qarab, buning bir kasali bor, jo‘ralari polvonday, bu bolaning turishini qarang, deb otamning hol-joniga qo‘ymas, otam esa meni shaharga – yaxshiroq do‘xtirlarga olib borardi. Onaning ko‘ngli bolada, bolaning ko‘ngli dalada, deganlaridek, men tomoshaga oshiq edim. Baland imoratlarga, ozoda va asfalt yotqizilgan ko‘cha bo‘ylab son-sanoqsiz tizilgan chiroqlarga havas bilan tikilardim. Oq xalatli odamdan-ku o‘lguday qo‘rqardim. Ayniqsa, qani, bu yerga yotsin-chi, bir ko‘rib qo‘yaylik-chi, deyishi bilan qassobni ko‘rgan echkidek tipirchilab qolardim. Ammo bu azoblarning badaliga shaharning shinam kafesida kiborlardek tamaddi qilishga nima yetsin.

Tomosha o‘z yo‘liga, lekin bu safar dard og‘ir keldi. Ayni tug‘ilgan kunimda qulog‘im ichida bombalar portlay boshladi. Har portlaganda esa ko‘zimdan cho‘g‘ chiqib ketardi. Uyimizga urug‘-aymoq yig‘ilib, bayram qilayotgan bir paytda men tug‘ilganimga pushaymon yerdim.

Onam tinimsiz turli pishiriqlar tutar, ye, bolam, ye, deb, atrofimda parvona bo‘lardi. Aytishlaricha, ko‘p ovqat yesam dardga chalinmasmishman. Ammo G‘ani amaki semizligidan yuragini yog‘ bosib o‘lgan kunlar edi o‘shanda. Men bunday yupatishlardan aslo ma’ni topolmasdim.

Shunda ukam bir g‘aroyib matoh sovg‘a qildi. Sovg‘a ko‘nglimga sig‘masdi-yu, biroq sovg‘amisan sovg‘a ekan-da o‘ziyam. Chiroyim ochilib, ukamga rahmat aytdim. Sovg‘a telefonga o‘xshardi, xuddi o‘zginasi edi. Uning monitorchasida katta-katta raqamlar soatni ko‘rsatib turar, tepasidagi kichiklari esa kun, oy, yilni anglatardi. Tag‘in kerakli vaqtga sozlab qo‘yilsa, musiqa chalib uyg‘otar ekan. Go‘yo hisobida puli yo‘q telefonga o‘xshardi. Monitorcha ostidan mo‘jaz tugmachalar chiqib kelar va unda raqamlar bor ekan. Xursandligimdan shu daqiqada o‘yinga tushgan bo‘lardim-u, qulog‘imdagi “minalar”dan yana birini bosib olishdan qo‘rqib, boshimni qimirlatmay o‘tirardim.

Ertasi kuni otam tumandagi shifoxonaga olib borib, o‘n kunlik muolaja uchun to‘lov qildi. Faqat muolajaga har kuni belgilangan vaqtda kelib-ketishim kerak. Og‘riq bir taraf, o‘n kun tumanga bo‘lgan sayohat bir taraf. Bundan biroz quvondim. Hayotimga ozgina bo‘lsa-da, yangilik kirdi. Har kuni tongda maktabga, maktabdan qaytib, mollarni haydab dalaga borish qayda-yu, toza kiyimlarni kiyib, tuman markaziga yo‘l olish qayda.

Muolaja olish uchun tumanga ketarkanman, avvalo “telefon”imni olvolardim. Ko‘cha-ko‘yda odamlarning havasini keltirish uchun cho‘ntagimdan dam-badam chiqarib, uning soatiga qarayman. Kattalar bunga parvo qilmasdi, ammo tengqurlardan bitta-yarimtasi chiqib qolsa, bitta ko‘ray, bitta ko‘ray, deb hol-jonimga qo‘ymasdi. O‘zimcha shuyam ish bo‘ptimi, degandek, unga uzatardim-u, ikki ko‘zim qo‘lida bo‘lardi. Xuddi qo‘lidagi matoh emas, mening jonim edi. Ehtiyotsizlik qilib tushirib yubormasmikan, tugmachalarini o‘ynab buzib qo‘ymasmikan, deb ichim kuyib ketardi.

Besh kunlar hayot shu tarzda davom etdi. Qulog‘imdagi “portlash”lar ham tindi. Sog‘lig‘im yaxshilanib, ko‘zlarimga nur qaytdi. Kundan kunga olam go‘zallashar, avval e’tibor bermagan manzaralarni ham endi o‘zimcha kashf qilardim. Tumanimiz markazida svetofor borligini, ammo u hech qachon ishlamasligini, eng ko‘p to‘qnashuvlar aynan o‘sha yerda bo‘lishini ham bilib oldim. Biroq o‘sha – beshinchi kuni sho‘rimga sho‘rva to‘kildi. Ukam sovg‘a qilgan “telefon”dan ayrilib qoldim.

Bilmayman, uyga kelib, cho‘ntagimdan “telefon”ni olaman desam, u yo‘q. Boshqa cho‘ntaklarimni ham ko‘rdim – yo‘q. Izimga qaytib chiqdim. Meni olib kelgan mashina allaqachon ketib bo‘lgan. Mashinaning rangi qizil edimi? Biroq egasini tanimasdim. Qo‘shni qishloqdan bo‘lsa kerak. Dardim ichimda bo‘lib xonaga kirdim-da, kiyimimni almashtirib, mollarni dalaga haydadim. Ertaga o‘sha mashinani topaman, derdim o‘zimga o‘zim.

Ertasi kuni tumanga ketishda u mashinani uchratmadim, biroq muolajadan chiqib, avtoturargohda o‘sha qizil mashinani bir soatlar kutdim. Albatta, keladi derdim, kelmay qayerga ham boradi. Oradan bir soat o‘tdi – men uchun bir asr o‘tdi. Ichim qizib ketdi, xo‘rligim kelardi. Urug‘imda menchalik bo‘shang odam o‘tmagan bo‘lsa kerak, a? Men o‘zimni doim kattalardan eshitgan iboralar bilan so‘kardim. Ha, ayni paytda bu so‘zlarni boshqalardan eshitsam, yaxshiroq edi, lekin bu sharmandalikni kimga ham ayta olardim?

Umidim uzilib borayotgan daqiqalarda o‘sha qizil mashina ko‘rindi. Xuddi o‘zi, qizil “Jiguli”! Haydovchining yuzini eslab qolmaganman-u, kun urgan shapkasini esladim. Ming yillik qadrdonimni ko‘rib qolgandek u tomonga yugurdim. Chambarakka qo‘lini tashlab turgan amaki eshikni ochishga ham ulgurmadi.

– Amaki, mashinangizga “telefon”im tushib qolmabdimi? – dedim.

Avval qalin qoshlar ortidagi nursiz ko‘zlar xavotirli boqdi, keyin sarg‘ayib ketgan tishlarini ko‘rsatib:

– Qanaqa telefon, sen tirranchada telefon bormi? – dedi.

Uyatdan qizarib ketdim. Haqiqatdan, mening telefonim bormi?

– U shunchaki telefonga o‘xshash matoh edi, – gapimni to‘g‘riladim. – Telefonga o‘xshardi-da, musiqalari bor edi…

– Yo‘q, ko‘rmadim. Uyingga ketasanmi?

– Yo‘q.

Qarmog‘ini baliq uzib ketgan baliqchidek so‘ppayib ortimga qaytdim. Biroq qaytayotgan joyim qayerligi va nega qaytayotganimni sira tushunmasdim. Nima bo‘lsa ham shu “yolg‘onchi” amakidan uzoqlashish kerak edi.

Endi nima qilishni o‘ylardim. O‘ylab o‘yimga yetolmasdim. Xayolimda faqat bir narsa tinimsiz aylanardi: o‘zi shu matohni nega sovg‘a qilishdi? Shusiz ham yaxshi yashayotgan edim-ku, endi ukam so‘rab qolsa, bir ko‘ray, deb qolsa, nima deyman? Sening sovg‘angni besh kunda yo‘qotdim, shunaqa lapashangman, deymanmi?

Shartta bozor darvozasiga qarab yurdim. Elektron qurilmalar sotadigan do‘konlarni ko‘zlab boraverdim. Yo‘qotdimmi, o‘rniga qo‘yishim shart, bunaqasi ketmaydi, dedim qat’iyat bilan.

Bozor ichida ko‘zga ko‘ringan beshta do‘kon bor ekan, oxirgisida o‘sha “telefon”dan topildi. Ammo narxini eshitgan odamning esxonasi chiqib ketadi – 5 600 so‘m.

Bu pul kattalar uchun hech narsa emas, ammo menga – katta sinfga endi qadam qo‘ygan o‘quvchi uchun osmondagi gap edi. Chegirma qilgan taqdirda ham 5 500 so‘mga berar ekan. Bunday narxni eshitib ham peshonam sho‘rligidan, ham ukamning mehri juda qimmatligidan yig‘lagim kelardi. Xudo biladi, ukamga ota-onam ham “mehr”dan qarashgan ko‘rinadi. Bo‘lmasa, ukamda buncha “mehr” qayerdan bo‘lsin?

O‘zimga o‘zim va’da berdim: baribir olaman! Sovg‘ani yo‘qotish sharmandalik, uyat, qolaversa, ukamga nisbatan hurmatsizlik, deyman-u, aslida atrofdagilarning “xayolparast, beuquv, noshud”, deya ustimdan kulishlaridan bezgandim.

Chamalab ko‘rdim: har kuni piyoda kelib-ketsam va otamning ko‘proq pul berishini hisobga olganda, to muolaja tugaguncha olsam bo‘larkan. Biroq piyoda kelib-ketishning o‘zi bo‘lmaydi. O‘ziyam naqd to‘rtta qishloqni bosib o‘tish kerak. Yana hisobdan adashib ketardim. Oxiri qo‘shni qishloqqacha piyoda kelib, keyin mashinaga chiqishga qaror qildim. Yana yetmayapti, otamdan ko‘proq pul olish kerak. Otam-ku ziqna odam emas, biroq u kishi matematik, har bir so‘mni qayerga, qanday xarj qilganimni tushuntirib berishim kerak. Bu esa karra jadvalini haligacha yod ololmagan bola uchun katta mashaqqat edi. Shu o‘y bilan uyga qaytdim.

Ukamdan va uydagilardan o‘zimni olib qochardim. Nima bo‘lsa ham sovg‘adan gap ochilib qolmasin, deya yurak hovuchlab turardim. Ukam bir-ikki so‘radi, ammo boshqa narsalarga chalg‘itib, har gal suvdan quruq chiqardim.

O‘ylab-o‘ylab, oxiri otamga muolajalarning narxi oshgani haqida yolg‘on to‘qishga majbur bo‘ldim. Ichimda esa sovg‘ani qarg‘ardim. Yolg‘onim ishonarli chiqdimi-yo‘qmi, bilmadim-u, harqalay otam “narxi oshgan” muolajaga haq to‘lashga rozi bo‘ldi. Kunligini kunlik olib borardim. Otamdan pulni olishim bilan mening (dallollik) haqim boshqa cho‘ntagimga kirardi. Yig‘ilayotgan pullarni o‘zim bilan olib yurishga qo‘rqar, asrab-avaylab, darsliklarim turadigan jamadonga solib qo‘yardim. Har kuni o‘n marta qayta sanab, “telefon”ni qo‘lga kiritadigan kunni chamalab ko‘rishdan charchamasdim.

Qo‘shni qishloqqa piyoda chiqish rosa holdan toydirar, ammo “gunoh”im oldida bu ham oz edi. Lapashang bo‘lmaganimda, yolg‘on gapirishga hojat qolmasdi. Biroq kundan kunga sog‘ayib borayotganimni ko‘rgan onam shifokorlarni rosa duo qilar, puli haqida esa bahsga o‘rin qoldirmasdi. Inchunin, bola – ota-ona uchun eng aziz ne’mat. Ota-ona umrini bola uchun sarflaydi, bola esa o‘z orzulariga.

Muolaja tugashiga bir kun qolganida ko‘zlangan jamg‘arma hosil bo‘ldi. Qisingan qirdan oshar, deb bekorga aytishmaydi-da. Bitta saqich ham chaynamagandan keyin rohatini ko‘rish kerak. Tongda to‘plagan pulni ham, otam bergan xarjni ham cho‘ntakka urdim-da, tuman markaziga jo‘nadim. Shifoxonadan chiqqach, to‘g‘ri do‘konga bordim. Har kuni xabar olib turganim, kelaverib qadrdon bo‘lib ketganim “telefon”ni yana nigohlarim bilan “silab” qo‘ydim-da, sotuvchi amakiga pulni uzatdim. Qorindor attor mayda pullarni erinmasdan sanadi. So‘ng “yuz so‘m kam-ku”, degandi, jon-ponim chiqib ketay dedi. “O‘zingiz… o‘zingiz…” degancha tilim aylanmay qoldi, bo‘g‘zimga bir nima toshday qadalardi. “Ha-a, esladim, mana, ol!” dedi u mensimay.

Meni shuncha azoblarga duchor qilgan matohni ko‘z gavhariday ehtiyotlab, e’zozlab qo‘limga oldim. Tugmachalarini bosib ko‘rdim, binoyiday ishlab turibdi.

Uyga yetib borguncha qo‘limda olib ketdim. Cho‘ntagimga solishga yuragim betlamadi, xuddi yana tushirib qo‘yadigandek. Uyga kirishim bilan uni televizorning yoniga qo‘ydim-u, yengil tortdim. O‘sha kuni chindan sog‘aygan edim, kimni ko‘rsam, lab-lunjimni yig‘ishtirolmay kular, uydagilar nima ish buyursa, bajonidil bajarar, hatto mollarning ham peshonasidan o‘pgim kelardi.

Bu voqea hayotimdagi birinchi mas’uliyat va uni his qilish bo‘lgan. Undan keyin ham ko‘p tuhfalar oldim. Ammo o‘sha mas’uliyatni keyingi sovg‘alarning birortasida tuymadim. Hatto otam poytaxtdan uy olib berganida ham u qadar sevinmaganman. Faqat bir holatda: jonini topshirgan marhumning yuzida sovg‘ani o‘z joyiga qaytarganimdagi xotirjamlikni ko‘rdim. U ukam edi…

 

Bek ALI