Davlatchilik tizimi paydo bo‘libdiki, davlat manfaatlari uchun xizmat qiladigan, uni qo‘riqlaydigan qo‘shin ham mavjud bo‘lgan. Turli davrlarda va mamlakatlarda qo‘shin saqlash, uning safini to‘ldirish, harbiy xizmat qoida va nizomlari mazkur davr ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlari asosida belgilangan. Albatta, barcha davrlarga oid harbiy xizmat xaqidagi ma’lumotlarni bir maqolaga joylab bo‘lmaydi. Shu tufayli muayyan bir davr, ya’ni milodning X-XII asrlarida Somoniylar, Qoraxoniylar, Gʻaznaviylar davlatlarida harbiy xizmat haqidagi ayrim ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tmoqchimiz.

Ushbu mavzu tarixchilarimiz tomonidan muayyan darajada o‘rganilgan hamda ensiklopediyalarda, maxsus adabiyotlarda bayon etilgan. Biroq bu akademik nashrlarda barcha tafsilotlar ham berilavermaydi. Biz ana shu bo‘shliqni to‘ldirib, o‘sha davrda yozilgan va o‘sha muhit haqidagi adabiyotlarda uchraydigan ayrim qiziqarli tafsilot va ma’lumotlar asosida tayyorlangan qoralamamizni muhtaram gazetxonlar e’tiboriga havola qilmoqchimiz.

Bu davrda qo‘shin tarkibi asosan yollanma askarlar hamda g‘ulomlardan iborat bo‘lgan. Yollanma askarlar xalqning turli toifasidan bo‘lib, ularning ichida nasliy harbiylar, hunarmandlar, dehqonlar, ba’zan san’atkor va qalam ahli farzandlari, shuningdek, tayinli bir tirikchilik manbai bo‘lmagan kishilarni uchratish mumkin. Yollanma askarlarning qurbati yetgani qo‘shinga o‘z qurol va oti hamda egar-jabdug‘i, zaruriy buyumlari (bularning barchasi bir so‘z bilan «uhba» (amunisiya) deb atalgan) bilan qabul qilingan. Qurbati yetmaganlarga uhba podshohlik tomonidan berilgan yoki ular bir muncha vaqt qurolsiz yurganlar va jangda halok bo‘lgan jangchilarning qurol-yarog‘i va uhbasi ularga «meros» bo‘lib o‘tgan. Biroq jangchiga barcha qurol birdaniga emas, balki xizmat pillapoyasining muayyan bosqichlarida berib borilgan.

Davlat qo‘shini tarkibining kattagina qismini g‘ulomlar tashkil etgan. «Gʻulom» so‘zi arab tilida qul degan ma’noni anglatadi. Biroq bizning o‘lkalarda bu so‘z faqat qo‘shin tarkibidagi qullarga nisbatan qo‘llanilgan. Gap qullar, qulchilik haqida ketar ekan, shularni ta’kidlab o‘tish joizki, O‘rta Osiyoda qulchilik qadimgi dunyo (qadimgi Yunoniston, qadimgi Rim va b.) qulchiligidan farq qilib, garchi qul mulkchilik sub’yekti hisoblansa-da, ish hayvoni sifatida emas, balki odam sifatida ko‘rilgan. Islom dinining muqaddas kitobi Qur’oni karim va fiqh qonunchiligida qulning ijtimoiy holati, huquq va majburiyatlari aniq belgilab berilgan.

Gʻulomlar instituti qay tarzda shakllantirilgan? Soddaroq qilib aytganda, qo‘shinga g‘ulomlar qaysi yo‘llar bilan olingan? Gʻulomlarning asosiy qismini harbiy asirlar tashkil etgan, ular – tayyor jangchilar. Dastlabki harbiy ta’lim berish shart bo‘lmagan harbiy asir oldida ikki yo‘l bor: o‘lim yoki o‘zini asirga olgan qo‘shin hukmdoriga xizmat qilish. Albatta, jon shirin, asir ikkinchi yo‘lda yuradi.

O‘sha davrlarda bir qancha ko‘chmanchi qabilalar chorvachilik bilan birga, qaroqchilik bilan ham shug‘ullanganlar. Ular vaqti-vaqti bilan qo‘shni qabilalar, chekka viloyatlarda o‘troq yashaydigan aholi ustiga bosqin uyushtirib turganlar, savdo karvonlarini talaganlar. O‘ljalar qatori odamlarni ham asir olib, qul qilganlar va bu qullarni markaziy shaharlardagi qul bozorlariga olib borib sotganlar. Bu qullarni boy savdogarlar, yirik mansabdorlar, zodagonlar sotib olib, dastlabki harbiy ta’limni berganlar hamda biror voqea (hukmdorning taxtga o‘tirishi, urushdan g‘alaba bilan qaytishi, o‘g‘il farzand ko‘rishi va h.k) munosabati bilan  to‘liq uhba bilan o‘z hukmdorlariga sovg‘a qilganlar. Endi esa qo‘shinga yangi olingan jangchining xizmat yo‘lini (xizmat pillapoyasi bosqichlari bo‘ylab ko‘tarilishini) ko‘rib chiqamiz:

Birinchi yilda g‘ulom piyoda jangchi sifatida xizmat qilgan. Uning hatto maxfiy tarzda ham otga minishi taqiqlangan. Bu davr ichida u «Zindona» degan oddiy matodan tikilgan kiyim kiygan.

Bir yildan so‘ng g‘ulom tirishqoqlik qilib, o‘zini ko‘rsata olsa, hojib (tarkibida kamida 600-700 kishi bo‘lgan harbiy qism boshlig‘i) visoqboshi (chodir boshlig‘i) bilan maslahatlashgan holda unga oddiy egar-jabduqli turk otini bergan.

Uchinchi yilda g‘ulom qurol-yarog‘ osiladigan maxsus kamar hamda «qorachur» deb atalgan katta xanjar olgan. Xizmatning to‘rtinchi yilida unga mahalliy ustalar tomonidan ishlangan qilich berilgan, beshinchi yilda esa u kumush yulduzchalar bilan bezatilgan egar hamda so‘yliq, yangi libos va jang oyboltasini olishga haqli bo‘lgan. Yana bir yildan so‘ng unga sovut hamda bayramlik libos berilgan. Urush sharoitida esa xizmat pillapoyasiga qaralmasdan, g‘ulomga barcha zaruriy qurollar taqdim etilgan.

Nihoyat, xizmatning yettinchi yilida g‘ulom visoqboshi unvonini hamda bir qubbalik va o‘n olti ustunlik chodirga ega bo‘lgan.  Bosh­qacha aytganda, u o‘zidan tashqari kamida uch kishi yashaydigan chodir egasiga aylangan. U o‘z martabasi belgisi sifatida kumush ip bilan tikilgan qora kigiz qalpoq hamda qimmatbaho Ganja libosi ki­yib yurishi, shuningdek, nisbatan qimmatbahoroq qurol-yarog‘ egasi bo‘lgan. Endi uning yuqori pog‘onaga ko‘tarilishi o‘zi boshchilik qilayotgan dasta nufuzining o‘sishiga bog‘liq sanalgan. Visoqboshining harakatiga qarab, boshliqlar uning dastasiga askar qo‘shib berishar edi. Besh yil o‘tar-o‘tmas, u o‘n kishiga boshchilik qilishga erishgan. Visoqboshi astoydil harakat qilib, o‘zini har tomonlama ko‘rsata olsa, unga mukofot tariqasida dastasiga g‘ulomlar qo‘shib berib turilar edi.

Jangchilarining soni yuz yoki to‘qson to‘qqiz kishiga yetsa, unga haylboshi (yuzboshi) unvoni berilgan. Shunday holat ham bo‘ladiki, u favqulodda yaxshi xizmat ko‘rsatsa, unga oldin mazkur unvon, so‘ngra dastasi nufusini yuz kishiga yetkazib berilgan.

Navbatdagi yuqori mansab – hojiblik. Uning qo‘l ostida olti yuz-yetti yuzdan kam bo‘lmagan otliq askar xizmat qiladi. Undan ham yuqoriroq unvon hojib buzurg (bosh hojib) bo‘lib, davlatning eng oliy mansabdorlaridan biridir. Hojiblarning ba’zilari shahar yoki viloyat noibi (amiri) darajasiga ko‘tarilganlar. Biroq buning uchun kamida o‘ttiz-qirq yil ter to‘kish kerak. Bu muddatda urushlar va saroy to‘ntarishlaridan sog‘-salomat chiqish oson emas. Eng oliy harbiy mansab – sipohsalor. U hozirgi bosh qo‘mondon darajasiga to‘g‘ri keladi. Ba’zan sobiq g‘ulomlar hukmdor darajasigacha o‘sib borganlar. Chunonchi, Gʻaznaviylar davlatining asoschisi Alptegin, uning kuyovi, to‘rtinchi hukmdor Sabuktegin, Misrdagi mamluklar davlati hukmdori Beybars (Misrda g‘ulomlarni mamluk­lar deb ataganlar) ham xizmatni g‘ulomlikdan boshlagan edilar.

Jismonan baquvvat, chaqqon, har qanday quroldan foydalanishni biladigan, otda yakkama-yakka jang qila oladigan jangchilar, unvon va mansabidan qat’i nazar, yaksuvorlar dastasiga biriktiriladi.  Yaksuvor – asosiy jang oldidan yakkama-yakka jangga chiquvchi otliq jangchi demakdir. Tinchlik paytida yaksuvorlar o‘z qismlarida xizmat qilib yuraveradilar. Urush paytida asosiy jangdan oldin yaksuvorlar bir dastaga to‘planib, dushman yaksuvorlari bilan yakkama-yakka jangga kiradilar. Ikki qo‘shin oralig‘idagi maydonda har ikki tomon yaksuvorlaridan bittadan jangchi jangga chiqadi. Har ikki raqib oldin nayzabozlik qiladilar. Nayzabozlikdan natija chiqmasa yoki birortasining nayzasi sinsa, qilichbozlikka o‘tadilar. Bundan ham ish chiqmasa oybolta bilan jang qiladilar, so‘ngra gurzibozlikka o‘tadilar. Birorta tomonning jangchisi halok bo‘lsa, yoki tiriklayin asirga olinsa, har ikki tomon yaksuvorlar dastalari yoppasiga maydonga chiqadi. Bu jang­ning asosiy qoidasi shuki, har ikki tomon yaksuvorlarining adadi teng bo‘lishi kerak. Yaksuvorlarning g‘alabasi boshqa jangchilarni ruhlantirib, g‘alabaga yetaklaydi.

Jangchilarga maosh bir yilda to‘rt marta berilgan. Maosh berish marosimi xon ishtirokida tantanali tarzda o‘tkazilgan. Maosh berish oldidan har bir jangchining qurol-­yarog‘i va uhbasi sinchiklab tekshirilgan. Shuning uchun marosimga barcha harbiylar yaxshilab tayyorgarlik ko‘rganlar. Maosh beriladigan kuni o‘rda oldidagi maydonga ot va tuyalarda pul olib chiqqanlar. Xonning ishorasi bilan marosim boshlanib, eng oldin sipohsalor tekshiruvdan o‘tgan va unga yuz dirham maosh berilgan. Undan so‘ng hojib buzurg, hojiblar, haylboshilar, visoqboshilar va nihoyat g‘ulomlarga navbat yetgan. Shunisi diqqatga sazovorki, sipohsalorga ham, oddiy g‘ulomga ham, barchaga yuz dirhamdan berilgan. Albatta, sipohsalor va boshqa mansabdorlarning maoshi oddiy g‘ulomnikidan yuqori bo‘lgan. Biroq ular ham omma oldida mazkur yuz dirhamni olib, maoshning qolgan qismini boshqa vaqt xazinadan olganlar.

Yuqorida eslatilganidek, bir maqola doirasida batafsil ma’lumot berish mumkin emas. Ushbu maqolamiz muhtaram gazetxonlar  shuurida qadimgi davr harbiy xizmati haqida biroz bo‘lsa-da, tasavvur hosil qilishidan umid­vormiz.

Y. DADABOYEV, D. ERKINOV,

 Qo‘qon davlat muzey

 qo‘riqxonasi

ilmiy xodimlari