2000-yil, mustaqilligimiz to‘qqiz yoshda. Milliy armiyamiz jadallik ila shakllanayotgan bir palla. Mustabid tuzumdan qutulib, endigina qad rostlayotgan yurtimizni asrash, xalqimizning asrlar davomida kutgan hurligiga qalqon bo‘lmoq uchun millat farzandlari oyoqqa turgan. Olovqalb, g‘ayratli yigitlar oliy harbiy ta’lim muassasalarida tahsil olish umidida ishtiyoq ila harakat boshlagan suronli yillar. Lavhamiz qahramoni, “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi podpolkovnik Obidjon Barakayev ham shu yili umr yo‘lini harbiy soha bilan bog‘ladi.

OTA-ONA QUVONCHI

Samarqandning Payariq tumani, Javsharota mahallasidagi Barakayevlar xonadoni. Bu oilada olti farzand voyaga yetgan. Ziyoli oila o‘g‘il-qizlari o‘zlari istagan sohani egallab, yurtga xizmat qilmoqda. Oila boshlig‘i Narzullo aka muallim, maktab direktori. U ayni fursatda Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga hujjat topshirgan kenja farzandi Obidjonning yo‘liga ko‘z tutmoqda.

– Onasi, o‘g‘lingdan xat-xabar kelmayapti-da, – ayoli Norxol opaga dilini yordi Narzullo aka. – Harbiy oliygohga kirishning o‘zi bo‘lmaydi, talabi kuchli. Imtihonlarni qanday topshirdi ekan.

– Bolam kecha-yu kunduz tayyorlandi, o‘qidi, sport bilan shug‘ullandi. Ko‘nglim sezyapti, Xudo xohlasa, o‘qishga o‘tadi.

– Aytganing kelsin. Shu o‘g‘limiz o‘zi boshqacha, harbiy bo‘ladigan. Bizning avloddan ham ofitserlar chiqsin-da, onasi, nima deysan?

– Shuni ayting. O‘ziyam nafaqat qishlog‘imizda, atrofimizdagi qishloqlarda ham harbiylikka o‘qigan yigitlar yo‘q ekan. Agar Obidjon kirsa, birinchi bo‘ladi.

Er-xotinning gapi tugar-tugamas, darvozadan harbiy libosdagi yigit ko‘rindi.

– Dadasi, qarang, Obidjonmi? – Norxol opa hayajonlangan ko‘yi o‘sha tomon yurdi.

– Ha, o‘g‘limiz Obidjon, – yuziga kulgi yugurdi oila boshlig‘ining. – Kursantlik libosini kiyganiga qaraganda o‘qishga kiribdi. Otasining o‘g‘li-da, qoyil!

Norxol opa ko‘zida quvonch yoshlari ila bolasini bag‘riga bosdi.

– Onasi, qani, tayyorgarligingni ko‘r, – quloch yozib o‘g‘liga peshvoz chiqdi Narzullo aka. – Yurtga osh beramiz…

Podpolkovnik Obidjon Barakayev bilan suhbatimiz kursantlikka ilk qadam qo‘ygan, ota-onasining boshi ko‘kka yetgan o‘sha davrlardan boshlandi. U harbiy bilim yurtiga o‘qishga kirgach, kursantlik libosida oilasiga kirib borganini ishtiyoq ila so‘zlab berdi. Ha, yoshlik hamisha qaynoq lahzalarga, orzularga erishish yo‘lidagi zahmatli va farahbaxsh onlarga boy davr. U xuddi katta yo‘lga intilayotgan so‘qmoqqa, daryo sari yo‘l olgan irmoqqa  o‘xshaydi. Hayot sinovlardan iborat. So‘qmoqlarda qoqilmay, irmoqlarda to‘lib-toshmay manzilga ziyon-zahmatsiz yetib oldingmi, nurli istiqbol seniki.

SHARAFLI  SOHADA TOBLANGAN  YILLAR

Oliy harbiy ta’lim muassasasini 2004-yili bitirgan leytenant Obidjon Barakayev ilk xizmatini Navoiy garnizoniga qarashli harbiy qismda boshladi. Ushbu yo‘nalishda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning asosiy vazifasi – toifalangan, ya’ni muhim ahamiyatga ega obyektlarni qo‘riqlash va mudofaasini tashkillashtirish hamda moddiy-tovar boyliklarini noqonuniy ravishda olib chiqib ketilishining oldini olish. Bir so‘z bilan aytganda, bu sohada hushyorlik, bilimdonlik, jismonan chiniqqanlik va iroda o‘z so‘zini aytadi.

Obidjon xizmat talabini teran tushungan holda vazifasiga jiddiy yondashdi. Fidoyilik bor joyda yutuqlar miqyosi teran bo‘ladi. Xizmati e’tirofga sazovor ofitser Qashqadaryo, Xorazm, Samarqand garnizonlarida mas’uliyatli vazifada faoliyat yuritdi. Ayni fursatda esa Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda xizmat qilmoqda.

Podpolkovnik Obidjon Barakayev joriy yilda mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi.

Albatta, har sohaning o‘z sir-sinoati bor. Shuningdek, har bir mukofot ortida xizmatning og‘ir yukiga dadil yelka tutish, fidoyilik va mas’uliyat yotadi. Va albatta, ota-ona duosi ham.

– Turli soha vakillariga havas qilish va o‘sha sohani egallash ishtiyoqi o‘quvchilik chog‘laridan boshlanadi, harbiy bo‘lishga qiziqish esa bolalik paytlaridan bo‘y ko‘rsatadi, – deydi qahramonimiz suhbat chog‘ida. – Mening bolalikdagi qiziqishim maktab davrida, ya’ni chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash darslarida shakllandi va maqsadga aylandi. Maktabimizda “Shunqorlar” to‘garagi bo‘lib, musobaqa oldidan o‘qituvchimiz harbiy xizmatchilarni taklif qilar, ular bizni bellashuvga tayyorlardi. Ularning chaqqon jangovar harakatlari barchamizning ko‘ksimizga Vatan himoyachisi bo‘lish ishtiyoqini solardi. Mana shu orzu mening hayot yo‘limni belgilab berdi. Maqsadimni eshitib, ota-onam juda xursand bo‘lishdi. Oilamiz pedagog va shifokorlardan iborat bo‘lib, yaqinlarimiz ichida harbiy soha vakillari chiqmagandi. Ko‘p yigitlar uchun harbiy oliygohlarga o‘qishga kirish, erishib, bo‘lmas cho‘qqidek ko‘rinardi. Ota-onamning duosi va harakatim samara berib, 2000-yili kursantlik libosini kiydim. Mana, shunga ham yigirma bir yil bo‘lyapti.

– Sizga berilgan davlat mukofoti xizmatlaringiz ulug‘ e’tirofi, albatta. Unga munosib topilganingiz va yaqinlaringiz qutlovidan boshingiz ko‘kka yetgandir?

– Albatta, tabriklar, tilaklar… Ammo ota-onam bu mukofotimni ko‘ra olishmadi. Hayot bo‘lganlarida Samarqanddan vodiyga yetib kelishgan bo‘lardi. Umid qilamanki, yutuqlarimdan ularning ruhi shod bo‘ladi.

YARATUVCHANLIK  SAMARASI

Podpolkovnik Obidjon Barakayev qayerda xizmat qilmasin, munosib iz qoldirgan izlanuvchan va bilimdon ofitserlardan. 2021-yilning yanvaridan yangi xizmat joyida faoliyat boshlagan maqolamiz qahramoni harbiy qismda qanday yangiliklar yaratgani bilan qiziqdim. U zimmasidagi burchni ado etish barobarida, mudofaa vazirining buyrug‘iga asosan, harbiy qism ichida harbiy xizmatchilarning o‘g‘il-qizlari va qism yaqinidagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj oila farzandlari uchun sport to‘garagi tashkil etdi. Unga besh yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalar jalb etildi. Komandirning bu ezgu harakati yurtimizdagi bolalar va o‘smirlar sportiga katta ulush qo‘shdi, desak, arziydi.

Joriy yilning yanvaridan faoliyat boshlagan to‘garak ayni damda 75 nafar o‘g‘il-qizga sport sabog‘ini berib kelmoqda. Ularning to‘qqiz oy ichida erishgan yutuqlari tahsinga sazovor.

– Podpolkovnik Obidjon Barakayev xizmat boshlaganidan buyon harbiy qismda ko‘plab yangilanishlar bo‘ldi. Shulardan biri bolalar va o‘smirlar uchun ochilgan sport to‘garagi, – deydi to‘garak murabbiysi kichik serjant Anvar Akbarov. – Guruhimizda iqtidorli bolalar juda ko‘p. Ular sportning muay-tay yo‘nalishida viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Xususan, to‘garagimiz a’zolari dastlab Farg‘onada o‘tkazilgan viloyat kubogida qatnashib, o‘n nafari faxrli birinchi o‘rinni egalladi va respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Yoshlar o‘rtasida Samarqandda o‘tkazilgan respublika chempionatida ishtirok etgan vakillarimizning ikki nafari chempionlikni qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng yana bir qator Toshkent shahri, viloyat va respublika miqyosidagi sport musobaqalarida ishtirok etib, yuqori o‘rinlarni egallab kelyapmiz. Quvonchlisi, avgust oyida o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan respublika chempionatida uch nafar sportchimiz g‘olib bo‘ldi. Ularning ikki nafari O‘zbekiston terma jamoasiga a’zolikka qabul qilindi va shu yili Tailand davlatida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.

G‘AMXO‘R  OILA  BOSHLIG‘I

Insonga beriladigan baho uning oilasi bilan uzviy bog‘liq. Negaki, el-yurtga manzur namunali xonadonga egalik qilish oson emas. Shu sabab, muazzam go‘sha sanalmish oila insonning baxt manzilidan biridir. Bu borada Barakayevlar xonadoniga havas qilsa arziydi.

Obidjon rafiqasi Nafisaxon bilan to‘rt nafar o‘g‘il-qizni voyaga yetkazmoqda. Farzandlarining to‘ng‘ichi Adiba va Nodiraxon chet til va matematikada a’lochilardan. Behzod bilan Shuhratjon esa kelajakda ota kasbini tanlashsa, ajabmas.

Mana, yana bir nurafshon tong otdi. Ishchi, xizmatchi, talaba, o‘quvchi… barcha o‘z maqsadi sari yo‘lga otlangan. Podpolkovnik Obidjon Barakayev odamlar oqimiga qo‘shilib xizmatga oshiqmoqda. Maqsadi bitta – Vatan osmoni musaffo, el hayoti osuda, yurtda tinchlig-u xotirijamlik bo‘lsin.

Zulfiya YUNUSOVA,

“Vatanparvar”