Yurgan – daryo, deydi dono xalqimiz. Sayohatlarni sevaman, dunyo kezishni istayman. Ammo istaklarim imkoniyatlarimga mos emas. Ammo gap bu haqda emas. Ijtimoiy tarmoqlar orqali jurnalistlarimizning xorij safarlarini kuzatib boraman. Zavqlanaman. Dunyo qanchalar go‘zal, deya havas qilaman, ko‘nglim bir oydin umidlarga to‘ladi.

Xalqaro sharhlovchi Sharofiddin To‘laganovning xorij safarlarini yoritishida o‘ziga xos soddalik, samimiyat bor. Bu insonning Turkiya Respublikasi safarlaridan yozgan maqolalarini ko‘pchilik qatori men ham katta qiziqish bilan o‘qidim, rasmlar, videotas­virlardan hayratlandim. Umuman Turkiya tomoni barchaga o‘zini juda go‘zal tanitishga intiladi va buni uddasidan chiqqan.

Yaqin o‘tgan kunlarda jurnalistning Ozarbayjon Respublikasiga safari meni juda hayratga soldi. Chunki bu avvalgi safarlardan tubdan farq qilar edi. Bu safar URUSH IZLARI bo‘ylab kechdi!

Bugungi suhbatimiz ana shu og‘ir safarga bag‘ishlangan.

Azizlar, Sharofiddin To‘laganov bilan bu suhbat orqali katta yangilik aytishga da’vomiz yo‘q. Ammo… Atrofga yaxshilab razm soling. To‘g‘ri, qiyinchiliklar ham yo‘q emas. Ammo shukur qilishimizga ham arzirli sabablar ko‘p-ku! Oftob bilan bellashmoqchiday tovlanib turgan ne’matlarning ko‘pligiga boqing: sarxil olmalar, uzumlar… Boshqa yerlarda yo‘q ekanmi, deyishingiz tabiiy. Albatta, bor. Ehtimol bizdagidan ham asilroqdir. Ammo yana shunday bog‘lar, tokzorlar ham borki… Keling,  nima haqida gapirmoqchi bo‘lganimni o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lgan suhbatdoshimdan eshiting.

– Ozarbayjon safari qaysi tomonning tashabbusi bilan amalga oshirildi. Bu o‘ziga xos safardan ko‘zlangan maqsad nima?

– Bu Ozarbayjon Prezidenti administrasiyasining taklifi edi. Poytaxt Bokuda turkiy tilli davlatlarning TURKSOY tashkiloti Qorabog‘dagi 44 kunlik Vatan urushini dunyo jamoatchiligiga ob’yektiv va xolis yetkazishda ishtirok etgan bir guruh jurnalistlarni «TURKSOY media mukofoti» bilan taqdirladi.

26 sentyabr kuni  Ozarbayjon madaniyatining beshigi Shusha shahriga jurnalistlar uchun safar uyushtirildi. Bu safar… urush izlari bo‘ylab kechdi.

1992 yilning 7-8 may kunlari 250 yillik tarixga ega, Qorabog‘ o‘lkasida Panax Ali xon tomonidan asos solingan Shusha shahri yer yuzidan deyarli supurib tashlandi.

Tarixchilarning fikricha, Shusha hamisha ozarbayjon xalqining madaniyat markazi, musiqa va san’atining beshigi bo‘lib kelgan. Mashhur shoir Samad Vurg‘unning so‘zlari bilan aytganda, Ozarbayjonning deyarli barcha mashhur shoir va mashshoqlari Shushada tug‘ilib voyaga yetishgan. Qadimiy davrlardan to shu kunga qadar shushalik iste’dodli musiqachilar ozarbayjon musiqasini butun dunyoga tanitib keladilar. Mug‘omning vatani Shushadir! Shusha va mug‘om bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. «Agar sen mug‘om aytishni bilmasang, o‘zingni shushalik deb ayta olmaysan» yoki «shushalik­lar yo‘rgakdanoq mug‘om ohanglari ostida yig‘laydilar» deyishadi ozarbayjonliklar. Shu sababli ham Shushani «kuylovchi shahar» deb atashardi.

Shunday shahar qurolli to‘qnashuvlardan vayronaga aylandi.

– Ijtimoiy tarmoqlarda ana shu safarlaringizni kuzata turib gruzin kinoijodkorlarining mashhur «Soldat otasi» filmi xotirimga keldi. Ikkinchi jahon urushiga bag‘ishlangan bu filmda qariyaning tokzorni tanklardan himoya qilayotgani juda ta’sirchan lavhalarda ko‘rsatilgan. Har gal filmning shu joyini ko‘rsam yig‘lagim keladi. O‘sha dahshatli urushning tamom bo‘lganiga ham yetmish olti yildan oshdi… Biroq Shushaning bugungi manzaralari undan ham dahshatlidek tuyuldi, menga.

– Qovjirab yotgan tokzorlarni  ko‘rib men ham shu filmni esladim. Urushning izlari ham dahshatli. Tokzorlar minalardan tozalanayotgan ekan! Bokudan Shushaga qadar olti soatlik yo‘l. Biz uni o‘n ikki soatda bosib o‘tdik. Yo‘l-yo‘lakay minalardan tozalash jarayonlari bilan tanishdik. Biz Qorabog‘ning Fuzuliy, Kalbajar, Agdam, Jabroil, Lochin shaharlarida bo‘ldik. Har qadamda urush dahshatlari… Bu shaharlar yer bilan yakson qilingan, «arvoh shahar»ga aylantirilgan. Urush insonlar uchun mislsiz kulfat, qayg‘udir.

1988 – 1994 yillarda Ozarbayjonning bir milliondan ortiq fuqarosi qochoqqa aylangan, mamlakatning yigirma foiz hududi bosib olingan edi. Qorabog‘ mojarosi boshlanguniga qadar bu yerda 700 dan ziyod tarixiy va madaniy yodgorliklar bo‘lgan. Bugun esa ulardan vayronalar qolgan. Bu yerlarda odamlar kam. Hayot asta-sekin o‘z iziga tushadi, albatta.

Ko‘rganlarimdan ancha vaqtga qadar o‘zimga kelolmadim. Qarovsiz yetim kabi g‘arib bog‘lar, quriy boshlagan uzumzorlar, toptalgan qabristonlar, yonib ketgan avtomobillar, harbiy texnikalar, butkul xaroba uylar… Xarobaga aylangan Jabroil tumani  va tuman markazi… U yerda uylar buzilgan, hatto qabristonlar tekislangan, yondirilgan. Birorta ham bino qolmagan. Odamlar yashamaydi. Odamlarsiz yanada g‘arib… Arvoh shahar. Izlari shunday bo‘lgach urushning o‘zi ham qattiq, qaqshatqich kechgani aniqdir.

Shushaga eski abgor yo‘l orqali borgan edik. Safar oxirida Shushadan Bokuga Zafar yo‘li orqali qaytdik. Yo‘llar tep-tekis. Bir narsaga amin bo‘ldimki, Ozarbayjon g‘alabaga uzoq tayyorgarlik ko‘rgani aniq.

27 sentyabrda Qorabog‘ning ozod etilishiga sabab bo‘lgan 44 kunlik urush boshlanganiga bir yil to‘ldi. Ozarbayjonda bu kun shahidlar xotirasi kuni sifatida nishonlanadi. Shusha avvalgi hayot qaynagan, madaniyat o‘chog‘i bo‘lgan davrlariga qaytadi, albatta. Ulkan tiklanish ishlari boshlangan. Mamlakatimiz bilan Ozarbayjon o‘rtasida Qorabog‘da maktab qurish to‘g‘risida kelishuv bor. Bu maktab  qardosh­larimizga O‘zbekistondan hadya sifatida topshiriladi. Tiklanish ishlariga hissamiz bo‘ladi.

Tinchlik oliy ne’matdir, totli ne’matdir! Bunga Shusha safarida yana bir bor amin bo‘ldim.

Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

P.S. Men ijtimoiy tarmoqlarda Ozarbayjon hayotiga oid voqeliklarni ham kuzatib boraman. O‘sha 44 kunlik urush fojialarini, uning odamlar, ayniqsa, Onalar qalbida qoldirgan o‘chmas dog‘larini bir ona sifatida yuragimda og‘riq bilan his qilaman. Ilk qor yoqqanida «shahid o‘g‘limning ustiga qor yog‘yapti», deya shahidlar qabristonida devonavor yurgan ona, bir kechada sochlari qordek oqargan shahid askar Izzatning onasi, xazonli bog‘ida ko‘zyoshlarini yashirib tentigan ota, tillarda doston mug‘omchi, shahid Xudoyor, yetim qolgan go‘daklar, navqiron nogiron o‘g‘lonlar – bular o‘sha 44 kunlik urushning fojiasi, zafarning behad qimmat bahosi!

Yurt tuprog‘ining har qarichi azizdir. Uni boy bermoq mumkin emas! 1992 yil boy berilgan edi Shusha. Uning zafarini qutlash barobarida sabog‘ini ham unutmaylik!

 

Inobat nodirshohova

suhbatlashdi.